Sahifa yuklanmoqda . . .


Shoirning onasi

Ona kelib olis qishloqdan
O’g’li bilan yashay boshladi
Va dasturxon yozilgan choqda
Shirmoy nonning chetin tishladi.

Yuvib berdi bir bozor kirni,
Suvlar quydi so’lgan gullarga.
Nevaralar bog’chadan qaytgach,
Ertak aytib berdi ularga.

Avaylardi xonadon tinchin,
Suygan o’g’li uyning burchida
Qog’oz uzra egilgancha jim
She’r yozgan payt tutun ichida.

Qadam bosib xavotir bilan,
Qo’rqar edi nafas olishga.
Tunlar xurrak tortmay deya u
Bosh qo’yardi tongda bolishga.

Ammo bir kun mazasi qochib,
Ko’z oldida yorug’lik so’ndi,
Qo’llaridan tushib ketdi-yu,
Chil-chil bo’lib piyola sindi.

O’sha zahot hushiga qaytdi,
Chayqalardi o’ngida olam.
U yugurib chiqqan o’g’liga
Shivirladi: “Ketaymi, bolam?”

1985


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

44 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari