Sahifa yuklanmoqda . . .


She’r Monologi

(E.Vohidovga nazira)

Ayo do‘stlar, o‘z holimga yig‘layman-ey,
Yig‘lab, shoir yuragini tig‘layman- ey.
Bu dunyoda hech she’r mendek xor bo‘lmasin,
Xor bo‘lmasin, o‘quvchiga zor bo‘lmasin!

Bulbul kabi go‘zal edim tug‘ilganda,
Go‘zal tortdim tuyg‘ularga yo‘g‘rilganda.
Shoir meni umid bilan yozgan edi,
Mijja qoqmay tunlar ozib-to‘zgan edi.

Bamisoli farzandidek suyardi u,
Gohi mavrid yoddan o‘qib qo‘yardi u,
Nogoh meni bir xodimga duchor etdi,
Gapga erib, qulluq qilib tashlab ketdi.

G‘aladonda ancha yotdim fursat kutib,
Oxir menga navbat keldi kunlar o‘tib.
Xodim darhol qaychisini ishga soldi,
Sal uzun deb tilginamni qirqib oldi.

Soqov bo‘lib, ko‘nglimdagin so‘zlolmadim,
Dardim aytib, ho‘ngrab-ho‘ngrab bo‘zlolmadim.
Qosh chimirib boqdi bo‘lim mudiri ham,
Qalamidan g‘alvir bo‘ldi butun tanam.

Sekretarga kirganimda hushsiz edim,
Ko‘zim g‘ilay, jag‘im singan, tishsiz edim.
U ham echdi qolgan bezak, banotimni,
Zo‘rlik bilan sindirdilar qanotimni.

Bosh muharrir imzo chekdi boqmay qiyo,
Chiqqanim so‘ng karo bo‘ldi yorug‘ dunyo.
Taniy olimay shoirning ham boshi qotdi,
Alamidan uch oydan ko‘p kasal yotdi.

Tutolmadi “shahid” she’rining azasini,
Surolmadi ilhomining mazasini.
Ey yoronlar, shoirimga tole yormi?
Ey yoronlar, g‘o‘r xodimga jazo bormi?

O‘z holimga o‘zim yum-yum yig‘layman-ey,
Yig‘lab, shoir yuragini tig‘layman-ey.

1973


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2018, 20-Martda yuklangan

18 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
nazira do'stlar o'z holim shoir dunyo she'r xor o'quvchi zor
Muallif
Amirqul Po'lkan

Amirqul Po'lkan

Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).

Batafsil


Yangi She'rlar Amirqul Po'lkan She'rlari Amirqul Po'lkan asarlari