Sahifa yuklanmoqda . . .


Shayton

La’natlab boʻlsa ham, qargʻab boʻlsa ham,
Har kun tilovatda aytilar nomi.
Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam,
Ochilgan har qadah uning ham jomi...
 

Deydilar, norasta goʻdakni hatto
Uyquda qitiqlab kuldirar emish.
Salgina gʻaflatda qolsang mabodo,
Qilmagan ishingni qildirar emish.
 

Shaytonning hunari chindan rang-barang,
Sallani paytava qilib oʻratgay.
Agar sidqidildan koʻrsatsa nayrang,
Nodonni shoh qilib, yurtni soʻratgay.
 

Minoda Shaytonni qildik toshboʻron,
La’natga koʻmildi badbaxt u lain.
Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton
Ming yillar chiqolmay yotmogʻi tayin.
 

Shodumon yoʻl oldik Vatanga qarab,
Shayton qoldi, deya chuqurda-chohda.
Manzilga qaytgandik, Shayton, vo ajab,
Bizni kutib oldi tayyoragohda.
 

Makka - Madina - Toshkent, 1992 yil 25 may.16 iyun


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 09-Martda yuklangan

365 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shayton la'nat qarg'ish tilovat bosh joy qadah jom go'dak uyqu kulgi g'aflat ish hunar rang salla paytava nayrang nodon shoh yurt mino tosh toshbo'ron baxt lain yuk ost yil vatan chuqur choh manzil tayyora
Muallif
Abdulla Oripov

Abdulla Oripov

O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulla Oripov She'rlari Abdulla Oripov asarlari