Sahifa yuklanmoqda . . .


Sen bahorni sog'inmadingmi?..

Audio bu yerda yuklanmadi, iltimos ushbu aloqani bosing

Uyg'onguvchi bog'larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog'ingdan rang olgan dedim -
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o'zingni,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?

Uzoqlarda zalvorli tog'lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog'lar,
Vasling menga bo'lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g'arib,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?

O'ngirlarda sakraydi ohu,
Na'matakda sa'va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?

Mana, bugun navro'zi olam,
Do'stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam...
Qo'limda gul, seni kutarman,
Umrim bo'yi chorlab o'tarman,
- Sen bahorni sog'inmadingmi?


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2016, 24-Dekabrda yuklangan

150 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sen bahor sog'inch qir iz yonoq bog' lolazor tog' xayol chog' vasl nasib g'arib qorlik ohu na'matak sa'va suv dara nigoh navro'z do'st gul sevgi umr
Muallif
Abdulla Oripov

Abdulla Oripov

O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulla Oripov She'rlari Abdulla Oripov asarlari