Sahifa yuklanmoqda . . .


Sarob

Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada,

Olti oykim o‘zgalarga tilayman omad.

Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada

Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat.

Nimanidir axtaraman — she’rdan ham ulug‘,

Nimanidir axtaraman — nondan azizroq.

Dunyo o‘zi bepoyon-ku, ranglarga to‘lug‘,

Biroq mening ko‘zlarimdan ranglar ham yiroq.

Injiq ruhim may istaydi gohi-gohida,

Faqat uning og‘ushida topaman orom.

Xayollarim sarxush bo‘lib kezgan chog‘imda

U bearmon kunlarimga qaytaman tamom.

Ko‘z oldimda kiprikdayin tizilar yillar,

Har biriga marjon bo‘lar achchiq unlarim.

Xira tuman orasida cho‘g‘day miltillar,

Jayron quvib jayron yanglig‘ o‘tgan kunlarim.

O‘shanda ham bo‘lar edi osmon-u adir,

O‘shanda ham kezar edik shundoq yalang bosh.

Bilmas edik kitob nima, shahar nimadir...

Enagamiz tunda oy-u, kunduzi quyosh,

Quyundayin charx urardik doim to‘zonda,

Chang neligin bilmas edik o‘sha mahali.

Onamizni o‘ylar edik inson deganda,

Ammo ona tanholigin bilmasdik hali.

Balolardan asrar edi o‘zi tabiat,

Boshimizga sochar edi beminnat ziyo.

To‘nkarilgan osmon osti — shu sirli xilqat

Bizning uchun ham kulba-yu ham buyuk dunyo.

Kunlarimiz jilg‘alarday o‘tdilar oqib,

Maktab bordik — og‘ir bo‘lib qoldik daf'atan.

Devordagi arslon yolli kartaga boqib,

Sekingina shivirlashdik: mana shu

Vatan! Vatan! Mening bor qismatim shu bir so‘zda hal,

Balki men baxsh eturman unga jontanni.

Lekin do‘stlar, rostin aytsam, men o‘sha mahal,—

Jondan ortiq sevar edim ona-Vatanni.

Do‘stlik bilan bir butundir, derdilar dunyo,

Men ham mangu do‘stlik uchun ichardim qasam.

Tayyor edim Rahimovday bo‘lgali fido,

O‘ylar edim, do‘stlar uchun jangga yarasam.

Ko‘z oldimda shu qadarli pok edi olam,

Go‘yo nurdan yaralgandi inson degan zot.

Ha, onamni o‘ylar edim inson degan dam,

Yo‘q, maymundan tarqamagan derdim odamzod.

Bu dunyoda alam bo‘lmas, bo‘lmas deb firoq

Dasta-dasta kitoblardan o‘qirdik ta’lim.

Ravon yo‘llar qarshingizda turibdi mushtoq,

Derdi bizga harf o‘rgatgan yosh bir muallim.

Olis janub tortganiday qushcha yuragin,

Yiroqlarga yetakladi meni bir suron.

O, Abdulla, ko‘zlaringni ochib qaragin,

Kim aytadi bu dunyoda yo‘qdir deb bo‘ron.

Yillar ona quchog‘idan oldi-ku yulib,

Savdolarga urdi meni murg‘ak yoshimdan.

Bir mahallar quyundayin yurardim yelib,

Endi bo‘lsa u aylanar mening boshimdan.

She’r izlayman bu kun Toshkent ko‘chalarida,

Sekingina zirqiraydi beorom qalbim.

Men umrimning bu suronli kechalarida

Na bir taskin topa oldim, na she’r topoldim.

Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular

Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob.

Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular,

Qo‘ymaydilar, va’dalaring chiqdi deb sarob.

Ko‘z oldimda sobit turar faqat shu Vatan,

Kulbasi ham kenglik qadar chulg‘aydi meni.

Tuyg‘ularim faqatgina unga berar tan,

Yurtim, men ham umrim qadar sevgayman sen

Men ham sening quyoshingda o‘sib-ulg‘aydim,

Qarzdorman, tuprog‘ingda qoldirdim izlar,

Ammo ayting, qayda qoldi u yoshlik paytim,

Qayda qoldi men ishongan u o‘zga hislar.

Ta’na qilmay axir sevgim mukofotini

Inson uchun ming otashda kuyar edim men.

O, qanchalar sevar edim inson zotini,

Qanday buyuk muhabbat-la sevar edim men.

Bugun to‘nib, atrofimga qarayman sekin,

O‘t berolmas qalbga endi u yoshlik damlar.

Men insonni bir insonday sevardim, lekin

Nechun ko‘pdir haligacha razil odamlar.

Qaylardadir hamon kezar zulmat timsoli,

Qaylardadir hamon tinmay oqmoqda-ku qon.

Ko‘zlarimga goh ko‘rinar telba misoli

Men bir vaqtlar sajda qilgan hazrati inson.

Qaylrdadir fisq-u fasod, hasad, xusumat,

Insoniyat farzandlarin tortmoqda dorga.

Gar bor bo‘lsang javob ber, ey ilohiy qudrat,

Nahot go‘dak ishonchini yozibsan qorga?!

Olti oykim, ruhim shunday uchmish tanadan,

Olti oykim, meni xayol ezar beomon,

Olti oykim allakimlar pana-panadan

Tosh otadi darvozasiz qalbimga tomon.

Shovqin to‘la ko‘chalarda kezaman tanho,

Yana she’rim yuva boshlar dildan g‘amimni,

Xayollarning girdobiga qolganda ammo

Alam bilan xotirlayman muallimimni.

Xazon to‘la bog‘chalarga boraman, tag‘in,

Yana o‘zni xayol ila she’rga tashlayman.

To‘nib qolgan yuragimga berib bir taskin

Yana quvnoq qo‘shiqlarni kuylay boshlayman.

Ne tong, axir farzandmiz-ku shu zamonaga,

Axir ona siynasidan farzand tonolmas,

Qo‘l ko‘tarib bo‘larmidi axir onaga,

Zotan, unga qo‘l ko‘targan — farzand sanalmas.

1966


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Fevralda yuklangan

1477 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sarob she'r yurak omad do'st pana iste'dod non dunyo rang ko'z ruh may og'ush orom xayol chog' armon kun kiprik yil marjon un osmon adir bosh kitob shahar enaga tun charx chang ona inson ta'lim
Muallif
Abdulla Oripov

Abdulla Oripov

O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulla Oripov She'rlari Abdulla Oripov asarlari