Sahifa yuklanmoqda . . .
Qor yog’ayotgan oqshom
Shaharni kezsang,
G’ira-shira ko’chalarni
Kezsang, qo’llaringni cho’ntakka tiqib,
Qor esa erisa lablaringda jim.
O’ylasang olislarda qolgan kimnidir,
Shu qorni o’ylasang, qalbing entiksa…
Ayniqsa, o’zing sevgan qizni o’ylasang,
Ayniqsa, o’ylasang onangni…
Qor esa tinmasa,
Tinmasa qadaming.
O’zing ham bir qor uchquniday
Singib ketsang tunning bag’riga.
Kimgadir yo’l bersang, kimgadir salom,
Ammo o’zing bilmasang buni.
Qor esa bo’ralab yog’aversa jim,
Adashsang-da sezmasang adashganingni…
1978v
O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.