Sahifa yuklanmoqda . . .


Rashkim

Seni yotlar tugul hatto —
Qilurman rashk o`zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam,
Bo`lurman g`ash ko`zimdan ham.

Ko`zim yongay senga nargis —
Ko`zin tiksa chamanlarda,
Yashirmam, lolaga rashkim
Ayon bo`lgay yuzimdan ham.

Degaylarki, charosu
Ol gilos olmish labingdan rang,
Labing tegsa hasad qilgum
Gilos birlan uzumdan ham.

Seni jonim dedim yolg`iz,
Seni qalbim dedim tanho,
Chimirding qosh, pushaymonman
Qo`pol aytgan so`zimdan ham.

Visol onida ko`z ochsa,
Ne tong, tongdan ko`ngilda ranj,
Judo qilgay meni oy yuz,
Xumor ko`z yulduzimdan ham.

Senga o`n to`rtda bog`landim,
Hanuz erkin bo`lolmas dil,
O`zim dog`man, aql kirmas,
To`zimsiz o`ttizimdan ham.

1967


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 16-Fevralda yuklangan

822 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
rashk yot ko'z termulish nargis chaman lola ayon yuz charos gilos lab rang hasad uzum jon qalb qosh pushaymon so'z qo'pollik visol on tong ranj oy xumor yulduz dil dog' aql to'zim
Muallif
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov

Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Erkin Vohidov She'rlari Erkin Vohidov asarlari