Sahifa yuklanmoqda . . .
Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin,
Ko‘ngluma har birining dard-u balosinmu deyin?
Ko‘zi qahrinmu deyin, kirpiki zahrinmu deyin,
Bu kudurat aro ruxsori safosinmir deyin?
Ishq dardinmu deyin, hajri nabardinmu deyin,
Bu qatiq dardlar aro vasli davosinmu deyin?
Zulfi dominmu deyin, la'li kalominmu deyin,
Birining qaydi, yana biring adosinmu deyin?
Turfa holinmu deyin, qaddi niholinmu deyin,
Moviy ko‘nglak uza gulrang qabosinmu deyin.
Charx ranjinmu deyin, dahr shikanjinmu deyin,
Jonima har birining javr-u jafosinmu deyin?
Ey Navoiy, dema qosh-u ko‘zining vasfini et,
Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin?
(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.