Sahifa yuklanmoqda . . .


Qizil

Seni qo’msab,ichikkan olis
O’sha sen tush ko’rgan manzildan
Olib keldim senga bir hovuch
Bobolaring qoni — qizildan.

Yerga tomgan har bir tomchi qon
Beiz ketmas,deganlari haq.
Men keltirgan bir hovuch marjon
Mehringga zor,mehringga ilhaq.

Bolalaring qizilni tishlab
«Nordon» deya bir chetga qo’yar,
Sen bo’lsang jim…Olis xotira
Ko’ksing tig’dek ayamay o’yar.

Va Toshkentni quchganida tun
Izillarkan kuzgi ko’r yomg’ir,
Shivirlaysan sen unga mahzun:
«Ona,meni qoshingga chaqir!»

Yodga tushar qsha dam qaro
Tushlaringga kirgan ul maskan,
Gullab yotgan qizillar aro
Kezarsan jim,o’zni bilmasdan.

Yiroqdagi quvg’in soyasi
Xotirangni chulg’ar o’sha on,
Diling uchar ko’ksing tark etib
Ammo uni sig’dirmas osmon.

Ammo xayol o’sha yerda…Tun.
Osmon aro to tongga qadar
Suzib yurar sendayin nigun,
Qizil kabi qip qizil qamar.

Tunlar darddan yuraging qizib
Ketsa,senga bersin deb yordam,
Olib keldim bir hovuch qizil —
Sen badarg’a bo’lgan diyordan.

* * *

Qora bo’ron dengiz uzra
Guvlab-guvlab tingan choq,
O’g’lim dengiz sohilida
Topib oldi chig’anoq.

Qulog’imga bosib uni
Juda uzoq tingladim.
Va yuragim sog’inch ila
To’lganini angladim.

Go’yo olis-olislarda
Meni kimdir chorlardi,
Go’yo kimdir tanho qolib
Ma’yus navo chalardi.

Go’yo cho’kkan kemalarning
Qo’ng’irog’i bo’zlardi,
Qirg’oqdagi odamlarning
Ismin aytib so’zlardi.

Go’yo bo’zlab uchib borar
Daydi g’ozlar zulmatda,
Boshlarida yolg’iz porlar
Mitti yulduz zumradday.

Go’yo cheksiz taqir dashtda
Adashib qolgan bola,
Tomoqlari qurib, tashna,
“Ona” deb chekar nola.

Sohil bo’ylab yurarkanman
Tanholikda men beso’z,
Olislarda nimanidir
Shivirlardi bir yulduz…

* * *

Kuz yomg’iri turar tomchilab
Bargixazon bog’da uchmoqda,
Yanog’imdan sovuq tomchilar
Ko’zyoshimdek oqib tushmoqda.

Yonog’imdan oqib labimni
Sovitmoqda, ammo yomg’ir ham
Sovutolmas mening qalbimni –
Unda cho’g’dek yonib turar g’am.

Go’yo majruh tutqun qushchani
Bilmagandek qutqarmoq yo’lin,
Yonib turgan sham uzra uzoq
Qotib turar titragan qo’lim…


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
25-Noyabrda yuklangan

20 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari