Sahifa yuklanmoqda . . .


Qirim elegiyasi

Qachon keldim? Nimaga keldim?
YO she’r izlab keldimmi bunga?
Nega kelib bag’rimni tildim,
Nega dardim so’yladim tunga?

Mungli Qirim bog’lari aro
O’tar ekan kunlarim, nechun
O’z-o’zidan tundek qop-qaro
O’ylar kelib tatalar ichim?

Balki quvg’in Ovidiy tunlar
Sog’inganda mag’ribga qarab.
O’g’illarin ismini takror
Qilganimi dardimga sabab?

Tog’ ustiga tog’larni qo’yib
Ishq o’tida kuydirib siyna,
Oshiq Umar g’azallari yo
Hasratimga bo’lmish bahona?

Sabab boshqa, changdayin to’zib
Yotgan xira oqshom pallasi
Boshim uzra ohista suzib
O’tayotgan bulut galasi…

Ular suzar olis kunlardan,
Suzib o’tar karvon va karvon.
Suzib borar, yig’lamoq uchun –
Dashtga emas, dengizlar tomon.

* * *

02

Bu dashtlarni ko’p bor kezganman,
Goho yolg’iz, goho do’st ila.
Necha marta kezgan bo’lsam ham,
Men qaytganman mahzun his ila.

Nurab yotgan kulbalarga jim
Boqib yurak g’amga to’lg’usi,
Qulog’imga kelib chalinar
Quvg’in bo’lgan bola kulgusi.

Hech kim meni ovutmas, men ham
Ovutmasman hech kimni bunda.
Faqat tinmay tuyg’ularimni
Oq qog’ozga to’kaman tunda.

She’rlarimga kiradi asta:
Cheksiz dashtu tog’, dengiz, quyosh,
Quvg’in bola ismin ko’ksida
Saqlayotgan yolg’iz bujur tosh.

1986

* * *

Shu tuproqda qaydadir pinhon
Oshiq Umar qabri bor…Biroq,
Bu sirni hech ochgisi kelmas
Dushman kelib toptagan tuproq.

Balki yotar Chatirdog’da u,
Qoratog’da balki u yotar.
Men bilaman,uni har ko’klam
Har bir chechak,har giyoh yodlar.

Yodlar uni ko’kdagi hilol,
Archa isli shamollar yodlar.
Balki yotar Ko’zlavida u,
Balki Bog’chasaroyda yotar.

Qirim,Qirim,ey mungli maskan,
Quchog’ingni kezarkanman jim,
Har qadamda Oshiq Umarning
Shivirlashin eshitaverdim.

Och to’lqinlar guvlagan chog’da,
Bog’chasaroy vayronasida,
Yonarqurtlar uchgan har bog’da
Va dengizning notinch sasida —

Qayda bo’lmay,qaerda yurmay,
Dil o’ksidi bamisli yetim —
Har qadamda Oshiq Umarning
Shivirlashin eshitaverdim.

O’qiy deya qabrida duo
So’roqladim,aytmadi hech kim.
«U shu yerda!» — dedi dalalar,
«U shu yerda!» — dedi yuragim.

«U shu yerda!» — dedi Ko’zlavi,
«U shu yerda!» — so’yladi Misxor.
«U shu yerda!» — dedi zaminga
Yetmay hali erib ketgan qor…

* * *

Oysiz kecha. Zulumot,
Sukunatda butun bog’.
Uxlar hayot va mamot,
Uxlaydi abadiyat.

Bir hovuch yaproqqa jo
Bo’lgancha uxlar shamol.
Uxlab yotardi dunyo,
Uxlar Sharq, uxlar Shimol.

Chayqaladi o’ksigan
Daraxtlarning soyasi,
Qoratog’ning ko’ksiga
Singar chigirtka sasi.

Bo’ron dengiz ichida,
Uxlar yerni ko’rib tush.
Daraxtning uch-uchida
Uxlab yotar mitti qush.

Qo’hiqof tomonlarda
Uxlab yotar devlar ham.
Orol uxlar, sir uxlar,
Uxlar haqqum suvlar ham.

Uxlar vijdon, uxlar erk,
Uxlab yotar diyonat.
Bo’g’izda tosh – yurak berk,
Alla aytar xiyonat.

Faqat yurak ichida
Bir so’z toshni kemirar,
U hali ozod bo’lib
Bu dunyoni yemirar…

* * *

Aziz Qirimning tog’larida
Havo toza, yayradim dildan
Va kech kuzakning bog’larida
Sayr etaman men o’g’lim bilan.

Shovillaydi bolutlar titrab,
Bog’dan o’tgan irmoqcha kuylar.
Go’yo dilga aziz bu chorbog’
Manim ila o’g’limni qutlar.

Sayr tugar,
Kulbaga qaytgan
O’g’lim boqar darchadan o’ychan,
O’g’lim ismin olib chaqirar
Qari daraxt bog’ning ichidan…


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

33 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari