Sahifa yuklanmoqda . . .


Poyga

Boshimizda bir parcha osmon,
Poyimizda bir qism tuproq.
Otingni ko‘p qistama, o‘g‘lon,
Yana o‘zing bilasan biroq…

Go‘ro‘g‘lining G‘irko‘k otini
Ko‘kka olib chiqqan bu poyga!
Alpomishning Boychiborini
Tuyog‘idan yitgan bu poyga!

Hali oldda qancha yo‘llar bor,
Mahkamroq tut, tushmasin qamching.
Hali oldda qancha cho‘llar bor,
Etarmikin saboting, kuching?

Toyilmasin oting tuyog‘i,
Hali manzil olis, birodar.
O‘zingga ham ma’lum bu yog‘i,
Og‘masa bas, tillaqosh egar.

Suvlig‘ini tortgil, bedovning,
Hali olddan chiqqaydir ko‘prik.
Ehtiyot bo‘l, bitmasin kuning,
Gar yiqilsang qolmaysan tirik!

Yo‘limizda ko‘pdir xoru xas,
Ko‘prikdan ham qolmabdi yarov.
Demak, bizlar birinchi emas,
Oldda ketib bormoqda birov!

Qani, tushgil, tin olsin bedov,
Ko‘p oshiqma manzilga tomon.
Tuzataylik ko‘prikni ikkov,
Boshqalar ham o‘tsinlar omon.

Boshimizda bir parcha osmon,
Poyimizda bir qism tuproq.
Hey, otingni qistagil, o‘g‘lon,
Ishonaman men senga ko‘proq.

1975


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
17-Martda yuklangan

84 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
bosh osmon tuproq ot
Muallif
Amirqul Po'lkan

Amirqul Po'lkan

Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).

Batafsil


Yangi She'rlar Amirqul Po'lkan She'rlari Amirqul Po'lkan asarlari