Sahifa yuklanmoqda . . .


Padarkush

Samarqand shahrining bir chekkasida
Qabr bor – odamlar yuz burib o’tar.
Unda Abdullatif yotar, deydilar,
Deydilar: “Bu yerda padarkush yotar”.

Bilmayman, rostmi bu,
Bilmayman, yolg’on.
Ammo bu qabrning qoshiga kelsam,
Birdan soviy boshlar tomirimda qon,
Birdan tiqiladi bo’g’zimga g’ussam.

Go’daklar o’ynasa bu yerga kelib,
Otalar quvadi,
Onalar qarg’ar.
Bu yer tinch, chechaklar o’sadi kulib,
Qish kelsa to’planar bunda qarg’alar.

Yo’lchilar o’tarkan ba’zan yarim tun
Duolar aytadi qo’rquvdan abgor.
Men bo’lsam kimligim anglamoq uchun
Shu qabr boshiga kelaman takror.

Men uni yodlamoq uchun kelmayman,
Kelmayman yodiga o’qiy deb oyat,
Bu g’arib qabrning qoshiga meni
Yetaklab keladi o’zga hikoyat.

…Uch kecha Ulug’bek tushimga kirdi,
Bir qo’lda kitobu, bir qo’lda shamshir.
“O’g’lim qani? – dedi. – Kitob keltirdim…”
“O’g’lim qani? – dedi. – Oh, uni yashir…

Yashir, axir, o’g’lim o’ldirolmayman,
O’z gulimni o’zim so’ldirolmayman.
O’z dilimni o’zim iztiroblarga,
G’amu-asratlarga to’ldirolmayman.

So’ragin, qanday qo’l urdi bu ishga,
Aldadi qay xudbin o’ylar dilini,
“Otamni o’ldiring”, — deya aytishga
Oh, u qanday majbur etdi tilini.

So’ra, bilarmidi: ishi kelmas o’ng
Kim-ki otasi-yu og’asin so’yar.
Nizomiy bitgandek:
Olti oydan so’ng
Saltanat taxtini boy berib qo’yar.

So’ra, bilarmidi: otasin so’ygan
Yurtni o’ldirmoqqa qodir bo’lishin,
Dushmanlar yuborgan josusdan battar
Xo’rlanib, zorlanib itdek o’lishin.

So’ra, bilarmidi: hamisha nomard
Otasi, onasi, bolasin sotar,
Dilini, tilini, elini sotar,
YO ortdan tig’ sanchar, yo ortdan otar.

So’ra, biladimi erka farzandim,
Bilmasa bilgani yaxshi, kech emas.
Uni bu dunyoda, u dunyodayam
Otasidan boshqa hech kim kechirmas.

So’ragin, agar u javob bermasa,
Yoshlar oqizmagin aslo ko’zingdan.
Qabrning boshida chekmagin g’ussa,
O’zingdan so’ragin, so’ra o’zingdan…”

So’ng jimib zulmatning qo’yniga kirdi…
Men uning ortidan chopdim hapriqib,
“O’g’ling qani?” – deya dilim qichqirdi,
Uning ko’zlariga boqishdan qo’rqib.

O’sha dam zulmatdan keldi bir sado:
“Birisi shahiddir, birisi qotil,
Uchinchisi esa,
Uchinchisi, voh,
Hamon uxlab yotar, bu sensan, g’ofil!”

Men shunda angladim
Uyg’onmoq kerak,
Qorda ungan guldek to’lg’onmoq kerak,
Adoqsiz tunlarni yoritmoq uchun
O’g’illar barchasi to’planmoq kerak.

Ammo qichqirmayin qanchalar bo’zlab,
Tovush chiqarmadi biror-bir odam.
Go’yo qulog’i kar, jonini ko’zlab
Yurganlar yurtiga aylanmish olam.

Qancha baqirmayin dala-dashtlarda
Hurkitib, toliqib qo’ngan qushlarni,
Uchratdim Samarqand, Qo’qon, Toshkandda
Faqat tan qullari – padarkushlarni.

…Vatanim, ko’ksingga so’ngsiz alamlar
Og’usin quyganlar kimligini ayt?
Orolni quritgan kim? – deb odamlar
So’rasa, ko’rsatay uni o’sha payt.

Yeringni zo’rlagan qay mal’un kimsa?
Bilmasdan men qanday ortimga qaytay,
Tuproqni o’ldirgan kim? – deb so’rasa,
O’g’limga men kimning nomini aytay?

Padarkushlar davri bo’ldi bu davron,
Dillar alamlaru-ohlarga to’ldi.
Dilingni o’ldirmoq bo’lgan shum, nodon
O’g’illaring senga hukmdor bo’ldi.

Ularning ko’ksini tark etgach g’ussa,
G’ussalar o’rnini oldi nishonlar.
Nishonlar taqdi-yu,
Aslida esa
Sening qo’llaringga osdi kishanlar.

Bobolar hikmatin tili kesildi,
Momolar sarvati qilindi g’orat.
Erkin daryolarning yo’li to’sildi,
Nodonlar tarixing qildi haqorat.

Seni deb jonini bergan o’g’loning –
Tarobiy maqbarin buzdi padarkush,
Yangi Tarobiylar chiqmasin, deya
Tarixing qaytadan tuzdi padarkush.

Padarkush qor tushgan paxtazorlarga
Quvdi dili xasta bolalaringni,
Padarkush o’t qo’ydi chamanzorlarga,
Zaharlab o’ldirdi dalalaringni.

O’zi qul bo’ldi-yu,
Seniyam qulga
Aylantirmoq uchun erkingni sotdi,
Vijdonu-imonni almashdi pulga,
Vatan desa suydi, erk desa otdi.

Jonim, og’riqlardan chinqirgan jonim,
Ey olis bobolar nijosi – qonim,
Ey dardim, ey yerim, ey sen mozorim,
Yuragim ozori – O’zbekistonim.

Seni jondan suygan,
Dardingda kuygan
O’g’illaring nomi ataldi harom.
Qodiriy otildi, Cho’lpon otildi,
Fayzulla Xo’jaev qilindi badnom.

Seni jondan ortiq,
Jahondan ortiq
Ko’rganlarning dili og’riqqa to’ldi,
Fitratu-Behbudiy ko’kragida tig’,
Usmon Nosir sovuq Sibirda o’ldi.

Kuyinma, padarkush zoti ko’p, desam,
Mardi yo’q ularning, hammasi qo’rqoq.
Vatanim, seni deb yurganlar esa
Bitta bo’lgandayam ulardan ko’proq.

Hatto yolg’iz o’zi dushmanlar aro
Qolsayam, boshini yovga qilmas ham,
Seni deb jang qilar Najmiddin Kubro,
Hazrat Alisherdek o’limdan so’ng ham…

Samarqand shahrining bir chekkasida
Qabr bor – odamlar yuz burib o’tar.
Bunda Abdullatif yotar, deydilar,
Deydilar: “Bu yerda padarkush yotar”.

Bilmayman rostmi bu,
Bilmayman yolg’on,
Ammo g’arib go’rning ustiga kelsam,
Birdan soviy boshlar tomirimda qon,
Birdan tiqiladi bo’g’zimga g’ussam.

Biz uni kechirmay yashaymiz, hatto
Bizdan so’ng kelganlar kechirmas uni,
Bu dunyoda yolg’iz Ulug’bekgina
Kechira oladi qotil o’g’lini.

Sen-chi,  ey, Vatanim,
Nima qilgaysan,
Gapir, qay birimiz avf etarsan?
Nechun soching yoziq, yig’lab kulgaysan,
Boshingni eggancha qayga ketarsan?..

1988


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

671 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
samarqand qabr go'dak chechak duo xudbin ota ona orol hukmdor
Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari