Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Toshkand qamalda

Bu kun Toshkand qamalining elli birinchi kuni. Sovuq bir oz yumshab tushkan, quyosh
ochiq havoda harakat etmakda edi. Yerlar erib, hamma yoq shilt-pilt loy, qo‘rg‘on
kungiralaridagi qirovlar bo‘g‘qa aylanib ko‘kka ko‘tarilmakda edilar.
Bu kun tongdan boshlab, Toshkandning Samarqand darbozasi tomonidan bo‘lg‘an
qo‘qonlilarning hujum-lari o‘zlari uchun so‘ng darajada halokat bilan tugalgan. Qo‘qon
sipohlari endigi hujumgacha shikastrextlarini tuzatish, yaralarini bog‘lash, damlarini olish
uchun qo‘rg‘on yonidan qayoqqadir, qo‘shlariga ketkanlar. Qaramoqqag‘ina emas,
so‘zlashka ham dahshat: Kamolon darbozasi bilan Samarqandg‘acha bo‘lg‘an qo‘rg‘on
ostlari (bu ikki darboza oralari besh yuz adim keladir) boshsiz va ishtondan boshqasi
tunalgan inson gavdalari bilan to‘libdir. Bu ochiq mozoristonni qo‘rg‘on kungiralari ustida
mudofaadan so‘ng charchab, quyoshda jilinib o‘lturgan sallalik, qalpoqlik va popoqlik
Toshkand mudofi’lari ming turlik shodliqlar ichida tomosha qiladirlar. Bu ikki darboza
orasida ikki xil holat hukm suradir — qo‘rg‘on ostlarida jahannam dahshati bilan
yalang‘och, boshi tanidan olinib qora qonig‘a belangan odam gavdalari yotib, qo‘rg‘on
ustida ikkinchi kishilar dunyo shodlig‘i ichida suzadirlar.
Qo‘rg‘on ustidagi qahramonlardan bittasi kula-kula bir sarkardani otib o‘ldirganligini
so‘zlab: «Padar la’natini o‘zim xo‘bam otdim-da, otning ustidan uch gaz ko‘tarilib
yiqildi!» deydir. Tag‘in bittasi o‘liklar ichidan kimnidir ko‘rsatib: «Ana, ana, hov ana!
O‘sha qipchoqqa o‘q tegib o‘lib o‘lalmay, yurib yuralmay ingrab yotqan ekan. Qilichim
bilan boshini shartta kesib, belidagi oltin kamari va ustidagi kimxob po‘stunini olib
chiqdim!» deydir. Har kim bu kungi urushdagi o‘zining erliklari bilan, qo‘lg‘a tushirgan
oltin kamari, yoqut ko‘zlik uzugi, sovsar po‘stuni, kumush qinli qilichi va boshqa o‘ljalari
bilan maxtanadir.
Shu vaqtda qo‘rg‘on ustidan qo‘shiq tovshi eshiti-ladir:
 Zamoning zamon bo‘lsin — yor,
Aziz beging omon bo‘lsin — yor.
Dardiga davo topmay — do‘st,
Normating yonib o‘lsin — yor!
Biz endi shu o‘liklar yoni bilan qo‘rg‘on bo‘ylab bir oz ilgariga yursak olti gaz
yuksaklikda, besh gaz kenglikda, ikki yoni sakkiz gazlik qo‘rg‘on devori bilan o‘ralg‘an,
kunbotarg‘a qaratib qurilg‘an Samarqand darbozasi yonida to‘xtarmiz. Tevaragimizdan
dushmanning hujum qilish qo‘rqunchi bo‘lg‘anliqdan biz ortiqcha chidamsizlik bilan
darbozani qoqa boshlarmiz:
— Ochingiz bek aka, tezroq ochingiz!
Darboza beklari bizga iltifot qilmay o‘ltura beradirlar. Bizning o‘n besh daqiqaliq jon
achchig‘ida qaxshag‘animizdan keyin darbozabonlardan bittasi zerikib sekingina qo‘rg‘on
devoriga chiqadir-da, mo‘ralab bizga qaraydir. Ul bizni aniq toshkandlik bo‘lg‘animizga
ishonsa darbozaga solingan nortuyaning boshidek qulfni ming mashaqqat bilan ochib,
zanji-rini tushuradir. Biz o‘zimizni ichkariga olg‘ach, darbozabon o‘zining hazmi ko‘targan
qadar bizga po‘ng‘illaydilar-da, darbozani berklash harakatiga tushadir. Endi biz
darbozaning hay’atiga qaraymiz: oshlangan qo‘y po‘stagidan po‘stun kiyib, beliga butun
bir bo‘zdan belbog‘ bog‘lag‘an va belbog‘ig‘a yarim gaz chamaliq kalid osqan, turkman
popoqlik bir kishi. Shundan keyin biz darbozaning o‘ng tomoniga qarab yuruymiz.
Darbozadan o‘n besh adimlar narida, shiyponga o‘xshash to‘rt tarafi ochiq bir binoda
darboza beklari gulxan solib, chilim chakib o‘lturadirlar. Biz qo‘rg‘onning osti bilan
ilgarilashda davom etamiz. Endi biz boyagi mudofi’larni ichkaridan ko‘ramiz: mudofi’lar
qo‘rg‘onning eng yuqorig‘i pog‘onasida o‘zlari-ning turlik tus va bichiqdagi kiyimlari bilan
qaysilari shashvar tutib, qaysilari miltiq ushlab, qo‘rg‘on kungirasiga suyanib, boshlarini
quyoshg‘a berib o‘lturadirlar. Qo‘rg‘onning Kamolon darbozasigacha bo‘lg‘an qo‘ruq
o‘rinlari shu-ningdek mudofi’lar bilan to‘lg‘an bo‘lib, o‘ziga bir turlik ko‘rinish tashkil
etadir.
Kamolon va Samarqand darbozalarining o‘rta bir yeri bo‘lg‘an qo‘rg‘on ostida kimxob
to‘n kiyib, simobi salla o‘rag‘an, beliga kumush bog‘lab, qilich taqing‘an bir bek oldidagi
bir uyum narsaga ishorat qilib yonidagi bir yigit-ka nimanidir uqdirmoqda edi. Biz yana
elli-oltmish adim yurib haligi so‘zlashib turg‘an beklar yaqinig‘a borsaq, qo‘rg‘on
tashqarisida ko‘rgan dahshatlarimizni o‘zining ko‘lagasida qoldiraturgan yana bir
«dahshatlar tepasi»ga ko‘zimiz tushadir-da, qo‘rquvimizdan soatlab hushimizni yo‘qotib
qo‘yishga majbur bo‘lamiz.
Uch-to‘rt yuz inson boshidan turg‘uzilg‘an bir tepa.
Qarichg‘a keladirgan uzun soqollar, boshdag‘i xun olud siyrak sochlar, bo‘zarg‘an
yuzlar, qong‘a belanib, yarim ochiq holda qorachiq o‘rnini qo‘rqunch bir oqliq bosqan
ko‘zlar dunyoga va shu hayotka la’nat uqug‘andek qaraydirlar. Ayniqsa bir bosh,
ehtimolki, hali yigirma yilni ham o‘tmagandir, murti ham chiqmag‘an. Xun olud quyuq
qoshlari ostidagi yarim ochiq ko‘zlari kimnidir izlagandek qaraydir... Yarim ochiq irinlari
ichidagi oq tishlari bilan tilini g‘archcha tishlagan-da, go‘yo shu turmushda, shu besar
xalq ichida tug‘ilg‘ani uchun «attang» o‘quydir.
Bu boshlar uyumi ustida turg‘an qo‘rg‘on begisi yonidag‘i yigitka boshlar orasidan
birini ko‘rsatib, o‘z tanishlaridan bir bekning boshi bo‘lganlig‘ini so‘zlaydir. Shu paytda
Kamolon darbozasi tomonidan yarog‘lang‘an uchta otliqning ot choptirib kelganlari
ko‘rilib, qo‘rg‘on ustida o‘lturgan mudo’filar ichida olag‘ovur qo‘pti:
— Hudaychi, Sulaymon hudaychi! — deyishdilar.
 Hudaychi qo‘rg‘on begi qotig‘a yetib, bek hazratlari-ning hozir yetib kelishlariga
bashorat berdi, yana oti-ning boshini burib yigitlari bilan orqag‘a qaytdi. Hudaychiboshining
xabaridan bu kungi ulug‘ muzaffariyatni qutlag‘ali Azizbekning kelishi
ma’lum bo‘lar edi.
Hudaychi jo‘nag‘ach, qo‘rg‘on begining paytavasiga qurt tushib, tipirchilab qoldi va u
yoqdan-bu yoqqa yugira boshladi:
— Hoy qo‘rg‘on ustidagi azamatlar! Hozir bo‘lingiz, yasov tortingiz, bek keladirlar! Hoy
Husaynbek, darbo-zabonlarga yugir, hozir tursinlar! G‘anibek yuzboshi, siz yigitlaringizni
tartiblangiz! Yasovulboshi, hozir bo‘lingiz!
Qo‘rg‘onning qo‘ruq o‘rnidagi qahramonlar harakatka keldilar, yuqori qo‘ruqdan bir
pog‘ona quyig‘a tushib saf-yasov tortdilar. Shovqin-suron orasida qo‘rg‘on begi ot ustida
qo‘rg‘onning u boshidan-bu boshig‘a chopib:
— Hozir bo‘l, yigitlar! Tartibingni tuzat, salomga tayyorlan! — deb qichqirib yurar edi.
Qahramonlar qo‘llaridag‘i miltiq, shashvar, oybolta, qilich va nayzalari bilan tizilishib
oldilar. Safning o‘rta yeridan yashil bayroq ko‘tarildi. Shuning bilan Aziz parvonachining
is-tiqbolig‘a lozim va vojib bo‘lg‘an barcha tartib va tantanaga hozirlanilg‘an bo‘lindi.

Azizbek

Najot istab Toshkandga



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari