Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Qovoq devonaning belbog'i

Och qoring‘a salimsoq yeb, ko‘kchoy ichishdan zerikkan kishilar choyxonaga Qovoq
devonaning kirishi bilan unga so‘z qota qoldilar:
— Keling-keling, devona!
— Bir kosa choylaring bormi, xo‘vari?
— Bor-bor, avliya, bitta bachcha bo‘lsangiz idishi bilan sizniki.
Qovoq devona deganimiz o‘rta yosh, siyrak soqol, qotma, kun issig‘lig‘ig‘a qarshi
o‘chakishkandek boshig‘a eski telpak, egniga paxtasidan boshqasi to‘zib ketkan guppi
chopon kiyib, yangi bo‘z belboqni besh-olti aylandirib bog‘lag‘an va unga besh-oltita
chilim qovoqdan tortib to suvqovoq, nosqovoq va tomosha qovoq-larg‘acha osqan;
qovoqlarning og‘irlig‘idan arang harakat qiladirg‘an o‘z zamonasining mashhur bir
devonasi edi. Bu devona Toshkandning barchasiga ma’lum; beklardan, boylardan;
qisqasi, shaharning katta-kichigidan o‘ziga ixlosmandlar ortdirg‘an va ko‘blarning
tarafidan qilg‘an karomatlari rivoyat etilgan bir majnun edi. Shahardagi har kim uning
oshnasi, karomati bilan beparvo bo‘lg‘anlar ham uning qiziq harakatlariga va tutal
so‘zlariga qiziqar edi. Bu choyxonadagilar ham shu keyingi sinfdan edilar.
Birarta ixlosmand qo‘lidan boplab tomoq yegan bo‘lsa kerak, hozir o‘shaning
chanqovini bosmoq fikrida edi.
— Bachchang kim, bachchang? Onam meni bachchalik uchun tug‘mag‘an...
Choyingdan ber, cho-yingdan!
— Onangiz sizni nima uchun tuqqan?
— Xonning qo‘yini boqish uchun, qovoqlarni belga taqish uchun; choyingdan berchi,
xo‘vari!
Devonaga bir piyola choyni ichishka ham tinchlik bermadilar. Ulardan bittasi ko‘zni
shamg‘alat qildida, belidagi qovoqdan bittasini yulib ham qochdi. Ish yomonga aylandi.
Quvlab tutolmadi. So‘ngra kelib yana bir kosa choyni ichdi va unga-bunga qovog‘i
to‘g‘risida iltimos qilib qaradi. Bo‘lmag‘ach, qovog‘ini qo‘msab ho‘ngir-ho‘ngir
yig‘lamoqqa oldi. Ermakchilarning kutkani ham faqat uning yoshi mishig‘ig‘a, mishig‘i
tupugiga qo‘shilib yig‘lashi edi.
Qovoqni yulib qochqan tomdan kelib sufaning ustidagi so‘riga qovoqni osdi va o‘zi
tushib devonaning yonig‘a keldi:
— Qovoq o‘g‘risini ushladingizmi, devona?
— Yo‘q, uka! Qovog‘imdek shishib o‘lsin, qochqancha ketdi!
Birav Eski Jo‘vada ko‘rganligini va qovoqqa minib ketayotqanini so‘zladi. Ikkinchisi
«zap qovoq edi-da» degan edi, uchinchisi «attanga» deb qo‘ydi. Devonaning o‘pkasi
shishib ketdi. Ermakchilar uning yuragiga galma-gal o‘t yoqar edilar.
— Qovog‘ingizning o‘zi bu iqlimda yo‘q narsa edida,— dedi birav. Devona qovog‘ining
tarjumai holini so‘zlab berdi:
 — Dadam musallas qovoq, oyim mosh qovoq, men bel qovoq... — dedi. Kulishdilar.
Ermakchilardan bittasi yuqorida osilg‘an qovoqni ko‘rsatib ajablandi:
— Iyi-iyi, anuv kimning qovog‘i-ya?
Devona suyukli qovog‘ini so‘rida ko‘rib quvona ketdi:
— Voy xo‘varingni... jinnilar, voy esi yo‘q xo‘varilar! Qovog‘imni ber jinnilar!
— Tuzik-tuzik, avliya. Qovog‘ingizni tushirib bersam nima berasiz?
— So‘rag‘aningni ol, jinni... Oyim qishlog‘ig‘a bek bo‘l, tentak: tilla jabduqliq ot min,
jinni...
— Men Oyim qishlog‘ining bekligi uhdasidan chiqolmayman. Qovoqlaringizning kasbini
aytib bersangiz bo‘ladi manga. Devona bu shartka ko‘ndi, qovoq tushi-rilib, devonaning
qo‘lig‘a eson-omon tegdi. Mahbuba ortiqcha bir ehtiyot va e’tibor bilan belga — boshqa
yo‘ldoshlari yonig‘a tugildi.
— Qani, endi bo‘lsin, devona!
Qovoq devona belidagi qovoqlardan bitta egri maymog‘ini ko‘rsatib: — Manov
Musulmon cho‘loq, — dedi, uning yonidag‘i kichkina tomosha qovoqni turtib: bunov,
Xudoybachcha (Xudoyorbachcha), — dedi, suv qovog‘ini erkalab «Nor kalla»
(Normuhammad qushbegi), — dedi. Qolg‘an ikkita silliq qovoqchalarni «nosqovoq,
yupqa tomoq», deb qo‘ydi. Ermakchilar ku-lishdilar. Bu qovoq o‘g‘rilari ichidan tezroq
qochib quti-lish uchun ketishka intilgan edi, biravi ushlab qoldi.
— To‘xtang hali, gap bor! — devona so‘kinib to‘xta-di.— Manavi belingizdagi belboqni
qayerdan o‘g‘irlab oldingiz?
— Qo‘y, juvonmarg bo‘g‘ur!
— O‘tkan kuni o‘g‘irlatqan belbog‘ing shu emasmi, Karimqul? — deb yonidag‘ig‘a
qaradi ermakchi.
— Ha, ha, xudda o‘g‘irlatqan belbog‘im, tutdik o‘g‘-rini!
Qovoq devona xudda belbog‘idan ajrayturg‘andek ikki qo‘li bilan beliga yopishdi.
— Saniki bu emas, tentak!
— Yo‘q, xudda maniki shu, yesh, bo‘lmasa mirshab chaqiraman.
— Xo‘varingni... nima deydi, bu!
— To‘g‘ri ayt, buni qayerdan o‘g‘irlading?!
Devona belbog‘ining tuguniga aztahidil yopishqani holda:
— O‘g‘irlamadim, tentak, hoji pochchangni to‘yidan oldim, jinni! — dedi.
— Hoji pochchang kim? Yolg‘on so‘zlama, o‘g‘ri!
— Hoji pochchangni tanimaysanmi, tentak?
— Toshkandda hoji pochchadan ko‘pi bormi, o‘g‘ri?
— Esing ketibdi, jinni... Yusufbe hojing-chi. Axir; to‘y bo‘ldi, bazm bo‘ldi, o‘g‘ul
uylandi... qo‘y, juvonmarg, bo‘g‘ur!
Devona ermakchilar qo‘lidan arang qutilib chiqdi. Ammo ularning ichidagi ko‘zini
bog‘lag‘an bir kishi nima uchundir devonaning orqasidan ergashdi. Choyxonadan
anchagina uzoqlashqan edilar.
— Devona! — deb chaqirdi haligi ergashuvchi.
Devona o‘ziga qarab kelguchi bu ko‘z og‘rig‘ini tanidi. Suyukli qovoqlar ustiga kelgan
balo bo‘lmasin uchun, ketar ekan, qovoqlarini ehtiyotlab ushladi:
— Nima deysan, ko‘z og‘rig‘i?
— Qo‘rqmangiz, devona! — dedi ko‘z og‘rig‘i va adimlarini tezlatdi.
— Nima ishing bor?
— To‘xtang.
Devona arang to‘xtadi. Ko‘z og‘rig‘i uni cho‘chitmas uchun naridan turib yonchig‘ini
kavliy berdi.
 — Sizga nazrim bor.
Bu so‘zni eshitib, devona yo‘lg‘a tushdi. Ko‘z og‘rig‘i uning ketidan yugirdi va:
— Mang! — deb pul ko‘rsatdi. Devona iltifotsiz ketabergan edi: — To‘xta deyman! —
deb do‘q urdi. Devona narida to‘xtadi:
— Kelma, kelma, ko‘z og‘rig‘i!
Ko‘z og‘rig‘i o‘n adimcha narida turdi:
— Hali, kim o‘g‘lini uylantirdi, deding?..
— Kim uylantirdi, deding?
— Aytding-ku choyxonada!..
— Aytding-ku choyxonada...
— Belboqni qayerdan olding?
— Buving berdi.
— To‘g‘ri ayt!
— To‘yga keldingmi?
— To‘yga keldim...
— Yusufbenikigami?
— Yusufbenikiga.
— Belbog‘ing yo‘qmi?
— Yo‘q.
— To‘y o‘tkanda kelibsan.
— Yusufbe qaysi o‘g‘lini uylantirdi?
— Nechta o‘g‘li bor?
— Nechta o‘g‘li bor!
— Bitta... Qorategindan keldingmi, opang omanmi?
— Omon... qachon uylantirdi?
— O‘zing uylanganmisan?.. Qorategindan necha kunda kelding?
— Besh kunda. Qachon uylantirdi?
— Eshakka minibmi, yayov?
— Eshakka minib.
— Nashang bormi?
— Bor.
— Qitta ber-chi.
— Beraman, oldin ayt; qachon uylantirdi?
— To‘y o‘tkanda kelibsan, tentak... Manga-chi, bir tog‘ora osh tegdi.
— Bozordan osh olib bersam yeysanmi?
— Yuzingga qachon chechak chiqdi?
Ko‘z og‘rig‘i bu tutal so‘zlardan asabiylashib ketdi:
— Qachon uylantirdi deyman?
— To‘y o‘tkanda kelibsan dedim-ku... Bir hafta bo‘ldi, o‘n kun bo‘ldi, bir oy bo‘ldi. Ha,
ha, charlari endi bo‘lar emish... charlarga bor. Qorategin.
— Toshkanddan uylantirdimi?
— Xi, xi, xi, ahmoq. Toshkanddan bo‘lmay, Qorategindan uylantirsinmi?
Shundan keyin ko‘z og‘rig‘i choyxonaga qaytdi...

Jodugar hindi

Unutmaysizmi?..



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari