Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Isitma orasida

Saratonning ikkinchi kuni... Marg‘ilonning shimolida bo‘lg‘an B... mahallasining
kunchiqar tomonida janubga qarab burulg‘an tor ko‘chaning yuqorig‘i burchagida otining
tizginini ushlagani holda bir yigit kiyimiga o‘lturgan chang-to‘zonlarini qoqar edi.
Yigitning uzoqqina yo‘ldan kelganligi, uning kiprak va qoshlarig‘a, ham endigina chiqa
boshlag‘an soqol-murtlariga o‘lturg‘an to‘zonlardan bilgulik edi. Yigirma ikki yoshlar
chamasida bo‘lg‘an bu yigit sariq tanlik, ukkining ko‘zidek chaqchayib, o‘ynab va yonib
turg‘an qizil ko‘zlik, yuziga parchinlangandek yuza (puchuq) burunlik, manglayi qancha
tashqarig‘a o‘sib chiqg‘an bo‘lsa, yuzi o‘shancha ichkariga ketkan, qisqasi vaqtsizroq
yaratilib qolg‘an bir maxluq edi. Burchakda yerdan ikki yarim gazlar yuksalikda
kunbotishg‘a qaratib qurilg‘an ikkita ko‘rimsiz bir betlik eshiklar yuzlariga yopiq holda
edilar.
Ma’lum yigit boshidag‘i qalpog‘ini qo‘lig‘a oldida, haligi eshiklarning o‘ng
tomonidag‘isini ochib, oti bilan ichkariga yurdi. Eshik ortiqcha tor bo‘lg‘ani uchun ot
siqilibkina o‘tdi-da, endi uzung‘ina usti ochiq yo‘lak boshlandi. Yo‘lakdan so‘ng havli edi.
Havlining sharq va janub tomonlari buzilib-yorilib yotqan eski xaroba imoratlar bo‘lib,
havli yuzi turlik axlatlar bilan bulg‘anch, go‘yo yillardan beri tozalanmag‘an, supurgi
ko‘rmagandek edi. Havlining o‘rta yerida pakanagina baliq tut o‘sib, ostig‘a kul va
boshqa axlatlar to‘plang‘an edi. Havlining kunbotar tomonida xarobaliqdan ozg‘ina
berida bo‘lg‘an, boyag‘i yo‘lakka tiraltirib soling‘an ikki darichalik bir uy, bu uy qatorida
bir ayvon bo‘lib, shu-ning ila bu havlining tikkaygan binosining hisobi tamom edi. Bu
xonadonning oshxonasi bo‘lmag‘ani uchun bo‘lsa kerak haligi ayvonning bir burchagiga
o‘choq qurulg‘an. Tutunlar bilan ayvon deganimiz qob-qora is, go‘yo ayvon bo‘lg‘anig‘a
ond ichmakda. Buning ustiga o‘choq boshidag‘i tovoq-qoshiqlar, tog‘ora va qozonlar
tartibsiz ravishda iflos yotarlar, qozon tevaragida uymalashmakda bo‘lg‘an uch-to‘rtta
tovuqlar mundagi ifloslikni yana bir qat oshirmoqda edilar. Ayvonning narigi yonidag‘i
daricha orqaliq uyga kirilur edi. Uyning yarmisi quruq yer — qora shibdan iborat
bo‘lsada, ammo to‘rida chaqich bog‘lab yiltiramakda bo‘lg‘an — kir, yulduz kabi ilmateshuk
jafokash oq kiyiz, ham taxmondag‘i eski sandiq ustiga yig‘ib qo‘yulg‘an bir to‘da
paxtasi chiqg‘an uvadalar ko‘rpa-yostiq otini o‘z ustila-riga olur edilar. Bitta toqchadag‘i
cheti uchkan, qoni qochqan uch to‘rtta piyola va bir qora qumg‘onni, ikkinchi toqchadag‘i
umrida yuvinib ko‘rmagan qora mis barkashni, bo‘sh qoziqlar ko‘ngli uchun osilg‘an
bittagina kir dasturxonni tilga olish bilan bu havlining butun jihoz-amloki ro‘zg‘orini yozib
chiqilg‘an bo‘linur, burchakdagi toqchada qattig‘ non mujib o‘lturg‘uchi sich-qonni
ko‘rsatib o‘tilmasa, bu uyda boshqa jonliq zot ham ko‘rinmas edi. Qarshidag‘i bo‘g‘oti
tushib o‘rtasi yemirilgan, devorlaridan baqa sallasi unib chiqg‘an xaroba binolarning
o‘nda-so‘nda ko‘rilmada bo‘lg‘an eski naqshlaridan va sirlaridan bu oilaning ilgarida
davlatlik bir xonadon bo‘lg‘anlig‘i, ammo bu kunda ortiqcha faqirlikda yashag‘anlig‘i
onglashilur edi.
 Yigit otini tut yog‘ochig‘a bog‘lab, uyga tomon yurgan ham edi, burchakdagi xaroba
uydan o‘zini tuzatib o‘qug‘uchining qutidor havlisida ko‘rgani pakana xotin go‘yo
onalarning «ziyondosh albasti»laridek xunuk qi-yofada yigitka qarab yugirib kela
boshladi. Xotin yigit bilan eson-sog‘liq so‘rashqach, ikkisi uyga kirdilar. Yigit to‘nini
yeshib uyning to‘riga irg‘itdi, boshidan qalpog‘ini olib qoziqqa ildi. Shundan so‘ng, ikkisi
ham o‘lturishdilar.
— Qalay, — deb so‘radi xotin, — ishing o‘ngidanmi?
— Chakki emas.
— O‘zi hozir shu yerda edi. Eblab kelsa shu edi, deb tashvishlanib o‘lturdi. San kelur
oldingdag‘ina chiqub ketkan edi.
— Uyga ketdimi?
— Bilmadim, kelib qolsa kerak. O‘zi ham qatnay-qatnay o‘layotibdir, kecha qayta
kelib-ketdi, qix...
— Nimadan tashvishlanadir?
— Ishni aytkanimdek qilolmasa, hamma mehnat to‘rt pul, deydir.
Yigit kulimsirab olg‘ach, so‘radi:
— O‘zimizning ishlar qalay?
Bu savoldan xotinning yuziga umidsizlik tusi kirdi:
— Bilmadim, do‘stdanmi, dushmandanmi haytovur olding ochilmay turadir,
sovchiliqqa chiqmag‘an kunim yo‘q, qix... Yomon qo‘shnini yer yutsin; Marayim kudingchi
bo‘shashqandek bo‘lg‘an edi, uni ham qo‘shnilar o‘lgur aynatibdilar... Homidboy
bo‘lsa bu kun unashsalaring ertaga to‘yni boshlaymiz deydir, qix... — Bu so‘zdan
yigitning ko‘zlari olayib allanechuk tuska kirdi.
— Qaysi qo‘shni ekan, u?
— Qurib ketsin, yomon qo‘shnilar, qix... Man sanga qaysi bir qo‘shnini tutib beray,
hammasi ham aynatar emish.
— San manga o‘sha... ni ko‘rsatib ber, tobini olib qo‘yay o‘sha onangni...
Ikkisi shu mojaroda edilar. Yo‘lakdan kirishdayoq tutka bog‘lang‘an o‘zining otidan
odamning kelganini bilgan Homid ayvondan aylanib kirishka sabri chidamay, darichadan
oshib uyga kirdida, yigit bilan quchoqlashib ko‘risha ketdi. O‘lturar-o‘lturmas Homid
undan so‘ray boshladi:
— Xo‘-o‘-o‘sh, Sodiq polvon, ishlar qanaqa, Toshkandda nima gaplar bor?
— Nima gaplar bo‘lsin. Toshkandda tinchlik. Bahona bilan Toshkandni ham ko‘rib
oldiq.
— Eshigini topa oldingizmi?
— Topdim. Aytkaningizdek, uning eshigini Toshkandda har kim bilur ekan.
— Bulmasa, xatni ham topshirg‘andirsiz?
— Topshirdim.
— Bali sher, xatni qo‘lingizdan kim oldi?
— Bir chol.
— Yuzi cho‘ziqroq, chakkasi siqiqroq choldir.
— Xuddi o‘zi.
— Xatini ham ololdingizmi? — dedi va sabrsizlanib Sodiqning og‘zig‘a tikildi. Sodiq
yuziga mag‘rur bir tus va ovozig‘a muzaffariyat ohangi berib «xatini ham oldim»,
javobini aytdi. Bu javobdan so‘ng Homidning og‘zining tanobi juda ham qochqan va
Sodiqning yelkasiga qoqa boshlag‘an edi. Sodiq qo‘ynidag‘i xatni olur ekan, ishlatkan
hiylasini hikoya qildi:
— Xatni cholg‘a berdim-da, ertaga Marg‘ilon ketaman, xat bersalaringiz bemalol,
dedim. Chol bir oz o‘ylab olg‘andan keyin, hozirg‘a xatimiz yo‘q, sizga malol kelmasa
 erta bilan bir xabar olib ketmaysizmi, o‘zingiz hozirda qayerda turibsiz, deb so‘radi. Man
og‘ir-sing‘ansumon o‘ylanib oldim va xo‘b, dedim, qo‘shxonam uzoq bo‘lsa ham bir xabar
olib o‘tarman, dedim. Ishning o‘nglanishiga quvonib, bir kechani choyxonada kechirib,
ertasiga va’da vaqtig‘a yana bordim, imon topkur otam xatni muzdek qilib tayyorlatib
qo‘yg‘an ekan, Marg‘ilon qayerdasan, deb bir ot, bir qamchi jo‘nay soldim.
Homid xatni olur ekan, Sodiqning yelkasiga qoqib «rahmat, rahmat», deb qo‘ydi va:
«Biz ham sizning harakatingizda», degan so‘zni ham qo‘shib qo‘ydi. Xatni ochar ekan,
Homidning yuzida quvonch aralash bir jiddiyat mushohada etilar edi.
«Umidim yulduzi, orzum chechagi, hayotim tiragi Kumushimga!
Kinoya va achchig‘lar bilan to‘liq bo‘lg‘an maktubingizni oldim. Xatni yozg‘an
chog‘ingizda tamom bir o‘t ichida, g‘azab dengizida suzg‘anlig‘ingiz gavdalanib ko‘z
o‘ngimdan o‘tdilar. O‘tdilargina emas, hatto menga shunchaliq ta’sir etdilarkim, go‘yo
malikasining g‘azabiga uchrag‘an qul qay darajada es-hushidan ayrilsa, qilar ishidan,
o‘ylar o‘yidan yanglishsa, maning-da hozirgi holim buning yuz daraja yuqorisig‘a yetdi.
To‘g‘risi zahar olud maktubingizga odamlarcha tushuna olmadim va tushunishka ham
luzum ko‘rmadim, chunki g‘azab ustida aytilgan so‘zlar aqlli kishilarcha loyiqi muhokama
va mutolaa bo‘lolmas, gulxandan so‘ng alanga hisobini hech bir vaqtda olinmas. Lekin
maktubingizning bir o‘rniga nima ma’no berish uchun tamoman ojiz qoldim: «Ilgarigi
so‘zingiz bilan o‘zingizning haqqingiz bitkanligini bilaturib ham yana uyalmay, qizarmay
vijdonsizlar amrini berib qo‘yasiz-da, uyatsizlig‘ingizni yana bir qat oshirasiz...» va
«Otam Toshkanda ekan kezda bu gapni aytishka uyalg‘an emishsiz», «go‘yo buning
bilan nomuslik, uyatchan bir yigit bo‘lib ko‘rinmakchisiz shekillik?!»
Bu so‘zlaringiz bilan nima demakchi bo‘lasiz, taningiz sog‘mi? Durust, man otangizga
birga ketalmasligimni, charlarni uch-to‘rt kun kutib qolishimni bir necha vaqt aytalmay
yurdim va nihoyat otangiz ketishka ruxsat so‘ray boshlag‘ach, otam orqaliq uzrimni
aytirdim, bas, bunda qanday uyatsizlik bo‘lsin, gumonimcha isitmangiz qattig‘ ushlag‘an
ko‘rinadir va bu telbalarcha maktubingizni isitma orasida yozg‘on o‘xshaysiz...»
Homid maktubning bu o‘rniga yetkanda ixtiyorsiz xaxolab yubordi-da, «voy ahmoq»
deb qo‘ydi. Puchuq xotin bilan Sodiq kulib unga qarasalar ham ul iltifotsiz o‘qushida
davom etdi:
«Maktubni isitma orasida yozg‘aningizg‘a tamoman qanoat qildim. Shuning uchun
sizni ayblashka haqqim yo‘q, ham siz ma’zursiz. Bu kinoya va zaharlik maktubni
yozishg‘a sizni majbur etkan, meni hiylakor tulki, og‘zi qon bo‘ri, uyatsiz yigit... va tag‘in
alla qancha martabalarga mindirilishlarimning bosh omili albatta otangizdan ham
eshitkan bo‘lsangiz kerak, shu kungacha charlar balosi bilan tutqun bo‘lishim orzu-havas
qayin otasining og‘rib yotish shumligidir. Nihoyat sizning achchig‘ xatingiz barakasida bu
kun charlar xabari ham kelib qoldi. Siz maning bu xatimni o‘qub, gunohlarimni yarlaqab
turg‘an kezlaringizda, albatta man Marg‘ilon yo‘lida bo‘lsam kerak. Onangizning
o‘quyturg‘an bayti maning sha’nimga tamoman teskari, chunki ota-ona orzusi hech bir
vaqt yangi yorlik vazifasini o‘tay olmas va hamisha boshqalar-ning orzu-havasi bo‘lib
qola berar. Siz o‘zingizni tuproq bilan tenglashdirmakchi bo‘lg‘ansiz, lekin man hozir
Kumushka ham qanoatlanmay Oltinbibi deb atamoq fik-riga tushdim...
Borlig‘im muhabbatingiz alangasi bilan tutashqani holda zavjingiz Otabek. 26 javzo,
1265-nchi yil. Toshkand».
Maktubning bosh tomonini o‘qug‘anda Homidning yuzida ko‘rilgan shodlik o‘zgarishlari
xatning oxiri bilan negadir yuvilg‘andek va shodliq o‘rnini chuqur bir mulohaza olg‘andek
bo‘ldi. Bir-ikki daqiqaliq fikrdan so‘ng Otabekning «Siz maning bu xatimni o‘qub
gunohlarimni yarlaqab turg‘an kezlaringizda, albatta man Marg‘ilon yo‘lida bo‘lsam
kerak...» jumlasini ko‘zidan o‘tkazdi-da, Sodiqdan so‘radi:
 — Toshkanddan chiqg‘aningizga necha kun bo‘ldi?
— Olti kun.
Sodiqning javobi uning ustidagi yukni tag‘in ham og‘irlashtirg‘andek sezilib ul boshini
quyiga engashtirdi va chuvoq soqolini tuzatib fikrda qoldi. Homiddagi keyingi
o‘zgarishdan xabarsiz taxmondag‘i uvadalarni tuzatish bilan ovora bo‘lib yurgan puchuq
xotin Homidning yonig‘a o‘lturib, xunuk bir iljayish orasida so‘radi:
— Qalay, Homidboy, ishlar o‘ngdanmi? Poshshanisaga endi sovchiliqqa
boraveramizmi?
Homid umidsizcha boshini chayqadi va salmoqqina qilib javob berdi:
— Ishimiz hali u darajaga yetkan emas, biz hozir faqat sovchining yo‘lidag‘i birinchi
g‘ovnig‘ina buzdiq.
Homid puchuq xotin orqaliq Kumushning xatini oldirish bilan o‘zining birinchi martaba
yuborg‘an xiyo-natnomasini favqulodda bir muvaffaqiyat bilan natijalanganligini sezib,
Otabek ko‘kragiga ham qo‘l solib ko‘rmak va uning Kumushbibiga bo‘lg‘an munosabatini
bilib, ham shunga qarab ish yuritmak uchun Kumushning maktubini Sodiq orqaliq
Toshkandga yuborg‘an, Sodiq esa o‘qug‘uchig‘a ma’lum maktubni Otabekka topshirib,
Otabekning Kumushka yozg‘an maktubini ham olib kelgan ediki, yuqorida bu xat Homid
tomonidan o‘qulib o‘tdi.
Otabekning bu maktubi ortig‘i bilan o‘zining Kumushka bo‘lg‘an munosabatining
hamon eski holida boqiylig‘ini e’lon qilar va o‘zining osonliq bilan raqibka berilmasligini
so‘zlar edi. Bu yo‘lda birinchi qadamini muvaffaqiyat bilan bosqan Homid keyingilarini
birin-chidek ketishi uchun qayg‘ulanar edi. Bu kun-erta Otabek kelar-da, Kumush bilan
topishar. Xiyonat-nomaning o‘ziniki bo‘lmag‘anlig‘ini isbot etib, Homidning o‘ylag‘an
ishini yana keyinga siltar yoki butunlayga Homidning umidini uzar — mana bu ochiq,
ko‘rinib turgan ehtimol emas, haqiqat oldida ul hayron va bunga qarshi tadbir o‘ylash
bilan garang edi. Ul bu to‘g‘rida uzoq o‘ylab turmadi, bir narsaga qaror qo‘yg‘an kabi
fikrdan ko‘zini ochdi va puchuq xoting‘a dedi:
— Jannat opa, bir chilim beringiz-chi, — Jannat opa chilim solish uchun qo‘zg‘alg‘ach,
Sodiqqa dedi: — Inim Sodiqboy, ishimiz juda xom hali.
Sodiqning qizil ukki ko‘zlari o‘ynab javob berdi:
— G‘am yemang, aka, xom bo‘lsa o‘bdan pishitarmiz, o‘lmasak.
Sodiqning bu javobi Homidning ishonchini moyla-g‘andek bo‘ldi, to‘ppisini boshidan
olib namatka tashlag‘ach, minnatdorlik ohangi bilan:
— San bilan Jannat opam tirik bo‘lsalaringiz pishitarmiz, albatta! — dedi va Jannat
opa qo‘lidag‘i chilimni olib takir-tukir qilib pishitdi va shi-g‘-g‘-g‘ etdirib sar-xonani
sindirib yuborar darajada ichiga tortg‘ach, og‘zidan chiqg‘an pag‘a-pag‘a tutunlar orasida
chilimni Sodiqqa uzatib, Jannat opag‘a dedi: — Opa, siz tag‘in bir martaba qutidorning
uyiga xat olib boraturg‘an bo‘ldingiz...
— Qix, jonim bilan aylanay. Sodiq olib kelgan xatnimi?
Homid kuldi.
— Yo‘q, opa, agar bu xatni olib borsangiz, shunchalik qilg‘an ishlarimiz birpul degan
gap bo‘ladir. Ilgarigi gal yozdirib berganimdek o‘z rejamizga muvofiqlab Otabek tilidan
yana birini o‘martirib beraman.
— Xi-xi-xi, aylanay, qix... Man bu ishlarni qayoqdan bilay, Homidjon.
— Albatta bilmaysiz. Lekin mundan so‘ng yaxshi bilmog‘ingiz kerak, ozg‘ina yanglishib
ketsangiz ham hamma qilg‘anlarimiz shamolg‘a uchadir, undan so‘ng...— to‘satdan bu
o‘rinda Homidning esiga o‘zi-ning bir xatosi kelib tushdi: birinchi gal Otabek tilidan
yozg‘an soxta xatini uning qo‘l yozuvini mulohaza qilmasdan yuborg‘an va bu kungacha
bu sirni qutidor, Kumushbibilar tomonidan sezilib qolishidan qo‘rqib kelmakda edi. Endi
 bu ikkinchi soxta xatni yozdirishda garchi hozir Otabekning qo‘lyozmasi o‘z qo‘lida bo‘lsa
ham yana qo‘rqunchi yo‘q emas edi. Endigi xatni niho-yatda ehtiyot bilan nusxaga
qarab yozdirishni ko‘nglidan o‘tkazdi-da, yana qaysi to‘g‘ridadir uzoq o‘ylab olg‘ach,
Sodiqqa dedi:
— Inim Sodiqboy, sizga ham yana katta bir xizmat bor, basharti...
— Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman!
Homid Sodiq bilan Jannat opag‘a qarab oldi va: — Shundoqmi? — deb
ishonmag‘ansumon takror so‘radi, undan ijobiy javob olg‘ach, yonini kavlashdira berib:
— Jannat opa, — dedi Sodiq horib qorni ochib kelgan ko‘rinadir, man ham ertadan beri
tomoq yegan emasman, biz Sodiq bilan so‘zlashib o‘ltursak-da, siz mana shu pulga
guzardan chiqib bir chorak et keltirib, sho‘rba qilib bersangiz. — Jannat opa paranjisini
yopinib etka ketdi, so‘ngra Homid Sodiqdan takror so‘radi:
— Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman, deng-chi? — negadir Homid
Sodiqning takror-takror: «qochqon odam emasman, sinamasdan xizmatini aytabering»,
deyishiga ishonmas edi. Nihoyat:
— Basharti sizga buyuradirg‘an xizmatim bu kungacha qilg‘an ishlaringizdan tamoman
boshqa va og‘ir bo‘lsa-chi», — dedi. Sodiq Homidning maqsadig‘a tushungandek bo‘ldi
va o‘ylab turmay:
— Odam o‘ldirishmi? — deb so‘radi. Homid Sodiqqa ishonmag‘ani holda bir daqiqa
chamasi qarab turdi, so‘ngra tevaragiga alang‘lab olg‘ach, hazil tariqasida:
— Basharti odam o‘ldirish bo‘lsa-chi? — deb so‘radi.
— Bu kungacha ikkitasini joylashdirdim, uchunchiga o‘tsa nima qiladi? — dedi Sodiq
va mag‘rur kulib qo‘ydi. Bu so‘zdan so‘ng Homid ustidagi yukni otqandek so‘lish olib
qo‘yg‘an edi.
— Man kishining xizmatini unutaturg‘an yigit emasman, — dedi Homid va davom qildi,
— o‘g‘ul bola uchun o‘g‘ul bolalig‘im, yomon uchun yomonlig‘im bor, basharti shu
xizmatni bajarib berishni bo‘yningga olsang, ond bilan aytamanki, davlatimning yarmisi
saniki bo‘lsin!
Sodiq o‘lturgan joydan qo‘lini Homidga uzatib «qaytmaysizmi?» deb so‘radi. Homid
qo‘lini olib «so‘z ham bir, xudo ham bir» javobini berdi.
Shu kunning ertasidan boshlab, Sodiq qutidorning eshik oldi tevaragida Otabekni
kutmakchi, ul kelib yo‘lakka kirdi deguncha orqadan borib uning ishini saranjomlamoqchi
edi. Sodiqning fikricha, bu ishni darbozadan tashqarida bajarish muvofiq bo‘lsa ham,
nima uchundir Homid bunga ko‘nmay qutidorning uzun qorong‘i yo‘lagini qulay bilmish
edi. Sodiqning «qay vaqtda kelar ekan?» savoliga:
— Albatta, shaharning darbozasi ertalab ochilib, shom bilan yopiladir, gumonimcha
ertalab Qo‘qondan chiqsa, asr vaqtlarida Marg‘ilong‘a kiradir, — dedi va so‘z oxirida
orada so‘zlanib o‘tilgan shartni yana ta’kidladi.
— Yaxshi o‘yla, Sodiq. Olam hodis qo‘lg‘a tushib qolsang, so‘roq kezida aybni faqat o‘z
bo‘yningga olib, orag‘a meni qotishtirmaysan.
— Xotirjam’ bo‘ling, Sodiq deganingiz bunday xumsalikni jallodning qo‘lida ham
qilmas, azbaroyi xudo.
— Undan so‘ng ikkinchi shart: bu sir faqat ikkimiz-ning oramizdag‘ina qoladir, o‘zing
ham sezgan bo‘lsang kerakkim, Jannat opani etka ovora qilishim uni ham bu sirdan
tashqarida tutish uchun edi.
— Ko‘nglingizni mendan juda to‘q tutabering, aka! Avg‘oni xanjaringizni beraman
degan edingiz-a?
— Sho‘rba pishguncha kelturaman, — dedi Homid va ketdi.

Quvlanish

Xiyonat



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari