Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Bir g'aribi beshora

Bu tarixdagi xon o‘rdasi Qo‘qonning bu kunda Xoda bozor atalg‘an o‘rnida edi.
Ro‘monning o‘n uchunchi faslida Marg‘ilon o‘rdasining ta’rifi yozilg‘anliqdan va bu
o‘rdaning ham tashqarig‘i aylanasi o‘sha o‘rda qabilidan bir tusda, bir uslub va bir
vus’atda bo‘lg‘anliqdan bu o‘rinda yana qog‘oz qoralash ortiqchadir. O‘rda darbozasi,
navbatchi qorovul, darboza sahnining kengligi — barchasi ham o‘shal o‘rda singari,
ammo buning tashqarig‘i ko‘rinishidag‘i ortiqlig‘i to‘rt burchida qada-lib turg‘an
navbatchilari edi. O‘rda darbozasidan ichkariga kirilgach, bundagi tuzilish
Marg‘ilondag‘idan tamoman deyarlik boshqacha bo‘lib chiqar, shunga binoan bu yer bilan
tanishmoq ehtiyoji tushar edi.
O‘rdaning ichkarigi o‘ng, chap biqinlari sipoh turish uchun soling‘an binolar va sahnida
biz Toshkandda ko‘rib tanishqan ravishcha kiyimlik sipohlar (yigitlar) turkim-turkim
bo‘lib, ponsad boshilar qaramog‘ida qilich urish mashqini ta’lim olmoqda edilar.
O‘rdaning belidan, ya’ni shimoldan sharqqa qarab bir xatti mustaqim bilan devor va bul
devorning ikki tarafini barobar— ling tashlanib, o‘rdaning ichkari qismig‘a xon saroyiga
kiriladirgan darboza qurilg‘an edi. Bu darboza eskirgansumon ko‘rinsa ham asli
yaratilishdag‘i nafislik, me’moriy san’atkorlik o‘chayozg‘an bo‘lsa ham, biroq undagi ivirjivir
sirlar, o‘yma naqshlar hali ham kishini hayron qoldirarlik edilar. Ayniqsa
darbozaning ikki biqinidag‘i «o‘girmagul» tarzi bilan ishlangan guldastalar, darboza
ravoqidag‘i ganchdan qabartirilib yasalg‘an bo‘rtma naqshlar, gullar hali o‘zlarining
nafosatlarini unchalik yo‘qotmag‘an edilar. Quyosh g‘arbga qarab og‘qan, uldastalar
ustiga qo‘ndirilg‘an oltin hilol alomatlari quyosh nuri bilan ko‘zni elitarlik darajada
yashnar edilar. Darbozaning ikki yonidag‘i maxsus ishlangan qorovulxona —
sufachalarda ikki nafar navbatchi turar edi. Navbatchidan o‘tib, darbozaga kirilsa gunbaz
ravi-shida yo‘lak, o‘ngg‘a yurilsa devonxonag‘a, so‘lg‘a ketilsa xon mahkamasiga
chiqiladir-da, mahkama bo‘sag‘asida yana haligidek ikki nafar navbatchiga uchrashiladir.
Marg‘ilon o‘rdasida ko‘rganimizdek bir dahliz, ammo bu o‘zining naqshlari, gullari, anvo’i
sirlari, oliyliq va ko‘rkamligi bilan Marg‘ilonnikini ko‘lagada qoldirarliq edi ersa-da,
eskirganligi uning ortiqlig‘ig‘a xalal bermakda edilar. Dahlizdan ichkariga qaralsa bir
munaqqash va muzayyan zol, ikki tomonida xonning shog‘ovul boshilari, yasovul
boshilari, dasturxonchi va oftobachilari, tunqator va parvonachilari otaliq va
mehtarboshilari va tag‘i alla qancha vazir-vuzarolari qator tizilishib o‘lturmakda edilar.
Zolning uchunchi darichasidan narig‘i tomon bir yupqa munaqqash devor bilan ajratilgan
bo‘lib, ichkariga kiriladirgan eshiksiz bir yo‘l, bu yo‘l bilan haligi devor ikkiga ajralib, har
bir bo‘lim devorning o‘rtasida kishi boshi sig‘arliq bir tuynuk, bu tuynuklar yonida qo‘lig‘a
oybolta ushlagan ikki nafar jallod qotib turar edilar. Shu jallodlar orasidan o‘tib uchunchi
bo‘limga kirilsa, qarshida yarim gazlar yuksaklikda to‘rt oyog‘liq oq marmardan
yasalg‘an taxt ustida oltin kamarga taqilg‘an oltin sopliq qilichini tizasi ustiga ko‘ndalang
qo‘yib, qizil duxobadan tikilgan po‘stun kamzul ustidan adras to‘n kiygan, boshig‘a
simobi shohi salla o‘rag‘an o‘n sakkiz yoshlar chamaliq, cho‘ziqqina yuzlik, bug‘doy
ranglik xon o‘lturar edi. Bu Xudoyor edi. Xonning so‘l tomonidag‘i oltin hallik kursi
kishidan bo‘sh, o‘ngdagi — ichki saroyga kiradirgan eshikcha yonidag‘i kursi ustida
O‘ratepa chakmani ustidan qayish kamar bog‘lab, soddag‘ina qilich taqing‘an, boshig‘a
oq barra popoq kiyib, basharasidagi burni yuzi bilan bir qatorda deyarlik tekis
yaratilg‘an, o‘rtacha soqol, qisiq ko‘z, bug‘doy rang, o‘rta yoshliq bir qirg‘iz—
Musulmonqul o‘lturar va hozirg‘ina hudaychi tarafidan o‘ziga topshirilg‘an ariza va
maktublardan ochib o‘qur edi. O‘qub turg‘an arizasi ahamiyatsiz bo‘lsa kerak qog‘ozni
 ikkiga yirtdi-da, oyog‘ining ostig‘a tashladi va ikkinchi maktubni ochdi. Bunisi O‘sh
hokimi tarafidan yozilgan edi:
«Davlatimiz stuni, padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga nomai
humoyun ba-robari O‘sh madorisotida tahsilda bo‘ling‘an faqir qirg‘iz tullobig‘a
marhamat buyurg‘anlari hadoyo tullobning darajai ilmiyalarini imtiyozan taqsim
qilindilar. Ashaddu faqir va ehtiyojda avqoti talx mururiga majbur va masbur o‘lg‘an
qirg‘iz mullalari padari arus shahanshohining altofi0 shohonalaridan riqqatka kelib
obidiyda qildilar va Haq taolo dargohi vasi’asidan aduvi badkirdorlariga zafaryob
bo‘lmoqlarini va Zolona yashab Amir Temur Ko‘ragondek jahongir bo‘lmoqlarig‘a duo va
niyoz etdilar. Ba’da xotiri otir oliylarig‘a maxfiy qolmag‘aykim, shahar va atrof ellarimiz
davlati azimai qaviyalari soyai himoyatida nobob bid’ahdlar xavotir va xavfidan tinchdir.
Noma oxirida yosh shohimiz janobi xoqoni xavoqin, sultoni salotin hazratlariga padari
arus shahanshohining panohi himoyatlarida ko‘b yillar davru davron, ofiyat0 va
salomatlik tilab navkarlari...»
Musulmonqul Xudoyorga O‘sh ahvolini so‘zlab, uchunchi maktubni ochdi, bu maktub
xususiy bir kishidan bo‘lsa kerak, muhr va o‘zga takalluflardan xoli edi:
«Mazlumlar dodig‘a, maqhurlar faryodig‘a o‘zining adolatlik qilichi bilan yetishquchi
Musulmonqul qipchoq xizmatlariga... ko‘zlarim zulm yoshi bilan jiq, ko‘nglim davlat
xoinlari qo‘rqunchidan titragan bir holda qalam tebrataman. Davlatning sodiq bir
fuqarosi, ixloslik bir yigi-ti davlat ustiga o‘zining mudhish zarbasini tashlab turg‘an bir
bad’ahd o‘g‘lini o‘shandog‘ki otasining vakolati birlan ikkinchi bir tinch, ulug‘larg‘a mute’,
farmonbardor bir shahar ahlini oyog‘landirmoq bo‘lg‘an edi. Uni isbotlari, shohidlari
birlan dor ostig‘a tortquchi sodiq bir qulni ko‘klarga ko‘tarish o‘rniga qamamoq va
oyog‘ig‘a zulm zanjirini urmoq bo‘ladirlar... Musul-monqul janobidek bir bahodirdan
andisha qilmay uning dushmanlarini sarfaroz aylab do‘stlarini g‘amgin qiladirlar.
Maktubning tumanlik ma’nosiga tushuna olmag‘an Musulmonqul bu o‘rinda to‘xtadida,
maktubning oxirig‘a ko‘z tashlab oldi:
«Bungacha manim hayajon va qayg‘u orasida yozg‘an yo‘llarima balki
tushunmagandirsiz, buning uchun g‘azablanmay bu gunohimni sizga sodiq bir qullig‘im
yo‘lig‘a kechirursiz. Bu kundagi Toshkand isyonining boshliqlaridan bo‘lg‘an Yusufbek
hoji Azizbek nonko‘rning mashvarati birlan marg‘ilonliqlarni ham janobingizga qarshi
oyoqlandirmoq maqsadida o‘z o‘g‘lini munda yuborg‘an ekan. Faqir sodiq qulingiz bu
e’vagar yigitning tevaragiga o‘z tarafdorlarini yig‘ib qurg‘an bir majlislariga rost kelib va
uning Marg‘ilonga nima uchun kelganligini payqab, nihoyatsiz xavfka tushdim. Uning
so‘zlari qipchoqlarni yo‘qotib, hukumatni shaharliklar qo‘lig‘a olish edi. Qipchoqlar
xayrixohi kamina qulingiz bu sirni ichimga yutolmay, bir necha vositalar birlan Marg‘ilon
hokimi O‘tabboyga bildirdim. O‘tabboy qushbegi Yusufbek hoji-ning o‘g‘li bo‘lg‘an
mazkur Otabek bilan uning tarafdori va qayin otasi Mirzakarim otliq kishini qo‘lg‘a olib
zindon qildi. Qushbegining chaqirishi bilan huzuriga hozir bo‘lib, Otabek og‘zidan nimaiki
eshitkan bo‘lsam bir-bir so‘zlab berdim. Xolis shahodatim so‘ngida Otabek bilan qayin
otasi Mirzakarimni qushbegi osib o‘ldirishka buyurdi. Ammo O‘tabboyning kisai
xiyonatiga Mirzakarimning havlisidan kelib tushkan bir xalta oltinlar barobariga dor
ostig‘a yetkan e’vogarlarni o‘limdan ozod qildi, davlatning sodiq qullaridan bo‘lg‘an
kaminai xolisni muttahamlar yeriga zindon qilmoq va osib o‘ldirmoq bo‘ldi. Chunki
kamina qulingizning sizga shikoyat qilishimdan benihoyat qo‘rqar erdi. Ammo davlatlari
yori berib, sadoqatlik xizmatkorlaringizdan bo‘lg‘an Marg‘ilon qo‘rboshisining yordami
birlan O‘ttaboyning changalidan arang qutilishg‘a muvaffaq bo‘ldim...»
Maktubning shu yeriga yetkanda Musulmonqul xatdan bosh ko‘tardi. Hozir uning
kipriksiz qisiq ko‘zlariga o‘tlar yonmoqda edi. Qichqirdi:
 — Chilim!
«Shundog‘ qilib sizning o‘z kishingiz bo‘lg‘an O‘tab-boy tuz haqingizni unutdi. Bir
hamyon oltin deb dushman-laringiz tarafiga o‘tdi. Sizning xayrixoh qullaringizdan
bo‘lg‘an biri o‘z shahrini tashlab Qo‘qon qochmoqqa va ulug‘ dargohingizga sig‘inmoqqa
majbur bo‘ldi. Men, xolis qulingiz o‘zimning sadoqatim evaziga bunday mukofot olg‘anim
uchun qayg‘irmayman va lekin O‘tabboy va Otabek kabi xoinlarni kundan-kunga kuch
olib davlati shahriyorig‘a dahshatlik bir falokat tug‘dirishlaridan qayg‘iraman. Bu maktub
sodiq bir qulning xolis sadoqatidan bir namunadir. Men shuning ila shoyad o‘z
bo‘ynimdag‘i vazifani ado etkan bo‘lurman. Shoyad davlat dushmanlarini o‘z oyog‘laridan
yitib ketishlariga sabab bo‘lg‘an bo‘lurman.
O‘zimning bu xizmatim evaziga bir mukofot olish muddaosida bo‘lmag‘animdan va
nimaiki janoblari yo‘lida mashaqqat chekkan bo‘lsam o‘zimning bir vijdoniy vazifam deb
bilib, bu maktubda o‘z otimni yozishg‘a ham tilamadim. Yosh xonimizga tinch va
shavkatlik davr, davlat xoinlariga o‘lim tilab bir g‘aribi bechora».
Musulmonqul nihoyatda tutoqqan edi. Hozirgi borliq alamini tamakudan oladirg‘andek
hudaychi keltirgan chilimga yopishdi-da, shig‘-g‘ etdirib, sarxonani sindirish darajasiga
yetkuzib tortdi. Og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarar ekar, xatning mazmunini
Xudoyorg‘a so‘zladi. Toshkand ustiga yuborg‘an sipohlari bilan Normuhammad
qushbegini nihoyat Toshkandni ololmay qaytish xabarini eshitib, so‘ng darajada
ma’yusiyat ichida o‘lturgan Musulmonqul uchun bu maktub yara ustiga tuz sepish
qabilidan tag‘in ham alamlik bo‘lib tushkan edi.
— Xudaychi!
— Labbay taqsir!
— Mirzani chaqir! — dedi Musulmonqul, so‘ngra qo‘lidagi maktubni taxig‘a solar ekan,
Xudoyorg‘a dedi:— Eshitdingizmi, o‘g‘lim! Azizbek bilan Yusufbek bizga nimalar
qilmoqchi bo‘ladirlar? O‘zimizning sodiq kishimiz, deb o‘g‘lag‘an O‘tabboy ham
dushmanlarimiz bilan birgalashib boshlag‘an... Xayr qo‘llaridan kelganni qilib
ko‘rsinlarchi, biz ham mundan keyin o‘shandoq ko‘rnamaklar bilan qiladirg‘an
muomalamizni bilarmiz.
O‘z saltanatiga raxna solishdan iborat bo‘lg‘an bu xabarlardan Xudoyorxonning
mutaassir bo‘lg‘anlig‘i belgusiz, ul bu gapni eshitmasdan ilgari qanday bo‘lsa, hozirda
ham shu holda o‘zgarishsiz edi. Musulmon-qulning yonib turg‘an, o‘tdek tutoqib
so‘zlag‘an gapini sukut bilan kechirmaslik uchungina bo‘lsa kerak quruq va shirasiz qilib:
— Hammadan ham O‘ttaboyni aytingiz, ablah bir odam ekan, — dedi, — meni
siylamag‘anda ham sizni rioya qilsa kerak edi.
— Yaxshiliq qilg‘an kishingdan hech bir yaxshiliq qaytmas ekan, — dedi Musulmonqul.
— Jumladan, bittasi ko‘z o‘ngimizda — Azizbek. Men uni yoshlig‘idan boshlab o‘z
qo‘limda o‘stirdim, Toshkand hokimligidan Salimsoqbekni olib uning o‘rniga hokim
tayinladiq. Biroq shunchalik yaxshiliqlarimizg‘a qarshi natijada bizga yog‘iy bo‘ldi,
bo‘lsin; ul Toshkandning o‘zigagina qanoatlanmay Marg‘ilon bilan ham ish qilmoqchi
bo‘lsa, bunisini ham biz ko‘raylik.
Mirzaboshi kirib xong‘a qulliq qildi va Musul-monqulg‘a qarab qo‘l bog‘ladi.
Musulmonqul yana xumori bo‘lg‘an edi — «Chilim!» deb tashqarig‘a qichqirdi, so‘ngra
mirzoboshig‘a dedi:
— Hozir Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegiga bir xat yozib, chopar bilan yubor. Xatni
olg‘an zamon Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek deganni olib huzurimizga kelsin!
Mirzobashi qulliq qilib orqasi bilan yurib chiqdi.

Musulmonqul

Inqilob



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari