Sahifa yuklanmoqda . . .


Orzu haqida rivoyat

Bir odam yashardi g’arib, xokisor,
Ko’zin yerdan uzmay yashardi…
Ammo
Har bir odamzotning o’z taqdiri bor:
Uni asir etdi bir kuni samo.

U qanot yasadi,
Dil to’la orzu,
Yuksak qoyalardan talpindi ko’kka.
Biroq qulayverdi qora yerga u
Xuddi qush duch kelib qolgandek o’qqa.

Xudoga sig’indi –
Yerga quladi.
Xudodan voz kechdi –
Quladi yana.
Ammo osmonga u talpinaverdi
Xuddi shamga qarab uchgan parvona.

Uni tashlab ketdi, xotini yig’lab,
Uni tashlab ketdi, talba, deb do’sti.
U bo’lsa, tunlari dilini tig’lab
Quyoshga intilgan daraxtdek o’sdi.

Oxiri dahriy deb tutdilar uni,
Qo’llarin burashdi, tashlashdi g’orga
Va osmon charaqlab turgan bir kuni
Uni keltirdilar osmoqqa dorga.

Ilondek chirmashdi arqon bo’yniga,
Bir zarb bilan keyin tortildi tarang.
YO rab!
Eng so’nggi dam
uchdi u ko’kka –
Oyog’i
zamindan
uzildi,
qarang!

1985


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

93 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari