Sahifa yuklanmoqda . . .


O'rxun-enasoy toshlari

O’tlar o’qiyverib necha sarg’argan,
Savodsiz yomg’irlar,
Soqov bo’ronlar
Harflarin manguga o’chirmoq bo’lgan –
Har gal qutqargandir quyoshli tonglar.

Ular bizni topib kelgunicha to
Ko’rgan necha to’fon,
Bosqinu xatar –
Yozilmasdan qolgan necha yuz xudo,
Necha botir nomin unutgan xatlar.

Toshlar esa qattol, ko’r asrlarning
Qonli yo’llaridan kelaverganlar,
Marmardan tiklangan cho’ng qasrlarni
Yemirgan shamollar yelaverganlar.

Endi bu toshlarga o’yiq savollar
Bizni o’rtayotir – sovir dil qoni:
“Elim budun erdi,
Elim endi qani?
Botirli budun erdi,
Botirlari qani?..”

1986

* * *
“…Kiyiklarni chorlang, yig’lating”
(Oltinko’l bitikdoshidagi yozuvdan)

Oltinko’lda bir bitiktosh bor,
Ko’rmaganman uni hech qachon.
Bitigidan bo’lib xabardor
Zirqiraydi hamon tilsiz jon.

Men bilmayman unda kim yotar:
O’g’lonmi yo munkaygan bir chol?
Qurshab olgan za’faron o’tlar,
Somonlarin silaydi shamol.

Gar bu toshda o’yilgan so’zga
Teng kelguvchi So’zni topardim,
Men armonsiz, yosh olmay ko’zga
Bu dunyodan o’tib ketardim…

1986


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

46 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari