Sahifa yuklanmoqda . . .


Onajonim, qirim!

Men quvg’inman, vatanidan ayro tushgan,
Qanoti bor, osmonidan judo qushman,
Olisdagi mungli diyor sig’gan tushman,
Onajonim,Qirim, seni bir bor ko’ray!

Olislardan shivirlaysan: «Bolaginam,
Ayni bahor chog’i so’lgan lolaginam!»
Ay, ko’zimdan tinmay oqqan jolaginam,
Onajonim,Qirim, seni bir bor ko’ray!

Osmon — baland, zamin — qattiq, Vatan — uzoq,
Oyog’imda battol yog’iy qo’ygan tuzoq,
Ay, sen, ko’zi xira tortgan, sochlari oq,
Onajonim,Qirim, seni bir bor ko’ray!

Seni olis yulduzlardan so’rayinmi,
Seni faqat ro’yolarda ko’rayinmi,
Lahatdayam sen tomon yuz burayinmi,
Onajonim,Qrim, seni bir bor ko’ray!

Yuragimni tark etmadi navolaring,
Yoding ila dardlarimni davolading,
Yuragimni tars yorsin havolaring,
Onajonim,Qirim, seni bir bor ko’ray!

Muhabbating toki omon, yengilmasman,
Toki sen bor, dushmanlarga egilmasman,
Arg’uvoning kabi tikka, bukilmasman,
Onajonim,Qirim, seni bir bor ko’ray!

* * *

Oy nurlari mudraydi
Qoratog’ toshlarida,
Ba’zan balqib titraydi
Ko’zdagi yoshlarimday.

Yulduzlarga boqaman,
Kengayadi yuragim.
Shamol bilan oqaman,
Yelkanim – yurak dardim.

Iliq toshga suyanib
Ma’yus o’ylar suraman,
Kiprigimga ilingan
Yulduzlarni ko’raman.

* * *

Qoratog’ni qora bulut
Chirmab kela boshladi.
Dengiz yoqdan muzdek, beburd
Shamol yela boshladi.

Muqaddas tog’, Shayton tog’ ham
Ko’rinmay qoldi ko’zga.
Butun atrof, qayga boqma,
O’ralganday oq bo’zga.

Faqat dilda hamon tonggi
Shu’la o’ynar shodumon,
Jilvalanar yorug’ nurning
Volidasi – ko’k osmon.

Mayli, qora yomg’ir yog’sin,
U dilga bas kelolmas.
Dilimdagi yorug’likni
Zulmat tortib ololmas.

* * *

Ikki tog’ning orasidan
Ko’kka o’rlaydi qamar,
Boqqan sayin, nur sasidan
Yurakdan yitar kadar.

O’z-o’zidan oshiq dillar
Oydin qo’shiq to’qiydi,
Bo’sadan mast, shaydo tillar
Tinmay duo o’qiydi.

Nurni ichar cheksiz bog’lar,
Yashnar abru naysonlar,
To’kiladi yerga shoxlar
Orasidan marjonlar.

Yurakday ol – yonib turar
Gulzor aro atirgul,
Yolg’iz seni ovutolmay
Oy yalinar siqtab: Kul!

Sen esa jim… Bog’ ichida
Mahzun-mahzun kezarsan,
Shundoq oydin shod kechada
O’zni tanho sezarsan.

Oy qanchalar porloq yonur,
Nuri diling yoritmas.
Quvnoq o’ylar, shodumon nur
Yuragingga yor emas.

Oy ojizdir
Dil zulmatin
Yoritishga yo’li berk.
Inon, dilni yoritgusi
Bu dunyoda yolg’iz erk.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

20 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari