Sahifa yuklanmoqda . . .


Onajon

Topmoq - yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq – topmoq,
Sen so‘lib,
Men yashab, 
To‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko‘proq yo‘qotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yig‘latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay ONA deb,
Kelishimga boq!..
Sog‘inch haqda she’rlar
Yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda
Dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay,
Attang, ming attang.
Qiz tug‘sang netardi,
Ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim 
Bitta qizingcha
Uyalmay shoirman 
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko‘zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo‘qotganim senmi
Endi ONAJON?..
O‘z etimni o‘zim
Yeyishimga boq.
Bilsang, yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang, qo‘limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig‘aymi, 
O‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga
Suykalgim kelar –
Uchib-uchib, mana
Qo‘nishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi kech deysan-da,
Endi kech deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
ONAJON,
Zor qilib ketma izingga!
O‘lim oldida ham 
G‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko‘nishimga boq.
She’rim bitdi,
Xayr,
Do‘stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O‘rganmang menday
Boring,
Volidangiz 
Ko‘nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O‘rtanmang menday.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 23-Aprelda yuklangan

128 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ona topmoq yo'qotmoq sog'inch she'r peshona dog' o'g'il qiz tirgak shoir jon yo'l jigar qon uyat ko'z majol xasta gul dasta yurak alam qo'l et pichan o'tin yer ko'k it bola yuz muz iz o'lim g'am taqdir ko'ngil do'st
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari