Sahifa yuklanmoqda . . .


O’g’lim, sira bo’lmaydi urush

To’lisharmi o’lkada bahor,

Quyosh kezar osmon ko’ksida.

Qaldirg’ochlar qanotmi qoqar,

Undan soya labi ustida.

 

Mana, o’g’lim labi ustida

Qaldirg’ochning mayin qanoti.

O’spirinim toza ko’ksida,

Kunda oshar yangi his toti.

 

Bo’yi oshib ketdi bo’yimdan,

Bosa olar ko’ksiga boshim.

Sevgim qurib bergan uyimda

O’sdi mening katta yo’ldoshim.

 

Yurak to’la shodlik, mehr, baxt,

Uning ko’zlariga boqaman.

Nigohiday tiniq va yorqin

Orzu to’lqinida oqaman.

 

Orzulari qalbimga ziynat,

Hayotidir ko’zim qorasi.

O’kinaman, ba’zida faqat,

Yonida yo’q, uning otasi.

 

Urush! Noming o’chsin jahonda,

Hamon bitmas sen solgan alam.

Sen tufayli ko‘p xonadonda

Ota nomli buyuk shodlik kam.

 

Yulding ota demak baxtini,

Juda murg’ak go’daklarimdan.

Yaxshi ham bor shunday Vatani,

Dalda bo’ldi yuraklarimga.

 

Ota bo’lib soldim men yo’lga,

Ona bo’lib mehrimga oldim.

Mana, yurtga o’g’il o’stirgan

Bir davlatmand boy bo’lib qoldim.

 

Qancha ishonch, umid baxsh etar,

Ham Vatanga, ham menga bu dil,

Qoya kabi yonimdan chiqib,

Suyan, –deydi, –kiftimga dadil.

 

Men onaman, mening yuragim

Farzandlarim quvonchiga kon.

Dil orziqar, ba’zan tilagim

Vahimalar o’ragan zamon.

 

Yo’q, urushning nomi ham o’chsin,

Mening o’g’lim kerak hayotga.

Istamayman, uning dudlari

Qo’nsin labi uzra qanotga.

 

Bas, bas, ezgu onalar qalbi

Yashay olsin bexavf, baxt bilan.

Mehnatimiz, g’azab, sevgimiz

Tinchlik, deydi butun xalq bilan.

 

Ko’krak suti va mehnat bilan

Biz jahonga berganmiz turmush,

Ona qalbi oyoqqa tursa,

O’g’lim, sira bo’lmaydi urush!

1954


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 28-Fevralda yuklangan

4330 marta ko'rildi

6 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
o'g'il urush o'lka bahor quyosh osmon ko'ksi qaldirg'och qanot soya lab o'spirin his tot bo'y bosh sevgi uy yo'l yurak shodlik mehr dard ko'z nigoh orzu to'lqin qalb ziynat hayot ota nom jahon alam
Muallif
Zulfiya

Zulfiya

Yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining barkamol ijod sohibasi. She’riyatida inson ruhiyatining shodon, mahzun xilma-xil kechinmalari, davr to’fonlari va yashash mohiyatiga doir ulug’vor falsafiy qarashlar mujassam. She’r-u dostonlari umumbashariy g’oyalari bilan, ularning jozibali hamda san’atkorona ifodasi bilan o’zbek va dunyodagi boshqa ko‘plab xalqlar she’riyat muxlislarining qalbidan mustahkam joy olgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Zulfiya She'rlari Zulfiya asarlari