Sahifa yuklanmoqda . . .


Ofeliyaning o'limi

1

Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan

Tarqalar bir ma’yus va g‘amgin sazo.

Qo‘yningda bir quchoq oq va nafis gul,

Lekin ruhing to‘la motam va aza.

2

Foyda yo‘qdir, go‘zal, zolim falakdan

Qancha dod qilsang-u qancha shikoyat,

Qancha yolvorsang-u qancha to‘ksang bosh,

Baribir, alamga bo‘lmas nihoyat.

 

 

Qancha ma’sum bo‘lsang, qancha vafodor,

«Qorday oq bo‘lsang-u muz qadar toza»,

Hech zamon kor etmas, shum falak badkor,

O‘qilur sevgingga qora janoza.

 

Nega kerak edi, shu chiroy, shu o‘t,

Shu yoniq yulduzni ko‘zga yashirmoq?

Nega lablaringdan husn oldi yoqut,

Nega siynang bo‘ldi qor tog‘iday oq?

 

Husn balosiga kim etdi duchor?

Holbuki, bunsiz ham qanchalar alam,

Holbuki, bunsiz ham qizning boshida

So‘ngsiz musibatlar, dunyo-dunyo g‘am.

 

Holbuki, bunsiz ham qiynalardi jon,

Bunsiz ham yetardi falokat, azob.

Faqat go‘zal emas, hatto xunuk qiz

Ko‘z ochib ko‘rardi yolg‘iz iztirob.

 

Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan

Tarqalar bir ma’yus va g‘amgin sazo.

Qo‘yningda bir quchoq oq va nafis gul,

Lekin ruhing to‘la motam va azo.

 

Shundayin latofat, shu oq ko‘krakka

Nahot munosibdir shu g‘amgin libos.

Onang shuning uchun suyunganmidi

Nahotki, shu sifat go‘zallikka xos?

 

Javob berib ko‘r-chi, nomard tabiat,

Bunchalik go‘zalni nechun yaratding?!

O‘zing gunohkorsan, osiysan behad,

Nechun yaratding-u o‘tlarga otding?

 

Hali sevishmoqda shumidir ma’no?

Faqat azob bordir qismatda, nahot?

Nahotki, sevgiga shudir tamanno?

Nahot go‘zal uchun faqat, faqat dod!..

3

Hamlet sevar edi, uning qalbini

Go‘yoki ikki cho‘g‘, ikkita otash

Bo‘lib yondirardi ko‘zing tun-kuni,

U ham qilmas edi bu otashga g‘ash.

 

Hamlet yuragiga berardi hayot

Sening u otashin, gulbarg lablaring,

Jasur xayoliga bog‘lardi qanot

Bog‘idan bir kezib o‘tganing sening.

 

Faqat netmak kerak, bordir na chora,

Sevguvchi yurakni qurshasa balo?

Butun olam ko‘zga esa qorong‘u,

Balolarga Hamlet esa mubtalo?

 

Shubha otashida yonar tafakkur,

Dunyo bir g‘amxona, «Doniyo zindon».

Yo‘qdir yuraklarni yoritgali nur,

Zanjirdadir sevgi, qafasdadir jon.

 

Ishqiy tug‘yonlarga qaynab yurakdan

Chiqolmas bir tovush, bir sazo, bir un.

Etmishdir yerdagi oddiy azoblar

Allaqachonlarkim Hamletni majnun.

 

Hosil bo‘lmas murod, hech narsa nasib,

Qancha yig‘lasang-u qancha cheksang oh;

Sevguvchi yigitni solmishdir yo‘lga

Tunda ertak aytgan bir mudhish arvoh.

 

Jannat, farishtalar, toza malaklar,

Bir puldir eng ma’sum va eng pok o‘pish,

Do‘zax ichra Hamlet yonib alahlar,

Butun olam ko‘rinadi ro‘yo, tush.

 

Ko‘ngil gulshanini qopladi xazon,

Yo‘qoldi shunchalik bebaho sevgi.

 Shu bo‘ldi bokira, dunyo ko‘rmagan

U yoqut lablarning qora taqdiri.

 

Sevgi ko‘klarida uchuvchi lochin

Arshidan yiqildi va ko‘hna dunyo —

Butun armonlarni kul qilgan otash

O‘zi bo‘lib qoldi sevgiga gado.

1937


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2016, 24-Dekabrda yuklangan

70 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
Ofeliya o'lim qancha oq dunyo hamlet g'amgin sevgi go'zal nafis husn gul
Muallif
Hamid Olimjon

Hamid Olimjon

Iste’dodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. Narimonov nomidagi boshlang‘ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923—1926), so‘ng Pedakademiyada (1926— 1931) o‘qidi. Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she’riyatga qiziqdi. Uning asarlari 1926 yildan «Zarafshon» gazetasida chiqa boshladi. 1927 yilda shoir mazkur ro‘znoma muharririyatiga ishga o‘tdi. Hamid Olimjonning «Ko‘klam» nomli ilk she’riy to‘plami 1929 yilda bosilib chiqdi. Shundan so‘ng «Olov sochlar» (1931), «O‘lim yovga» (1932), «Poyga» (1932) kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi.

Batafsil


Yangi She'rlar Hamid Olimjon She'rlari Hamid Olimjon asarlari