Sahifa yuklanmoqda . . .

Odil Yoqubov Hayoti va Ijodi

Odil Yoqubov

2905 marta ko'rildi


Odil Yoqubov asarlari:

Barcha asarlari

Voqeiy hikoyalari

Romanlari

Odil Yoqubov  Qozog‘iston Respublikasi Chimkent viloyati Turkiston tumanining Qarnoq qishlog’ida xizmatchi oilasida 1926 yili tug‘ildi. 1944 yilda o‘rta maktabni tugatib, 1945—1950  yillarda    Qizil Armiya safida    xizmat qildi. Yosh    askar   sovet-yapon urushi muhorabalarida ishtirok etadi. 

1951—1956 yillarda u O’rta Osiyo Davlat dorilfununining filologiya fakultetida o‘qiydi. 1955—1959 yillarda O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasida maslahatchi, «Literaturnaya gazeta»ning (1959— 1963, 1967—1970) respublikamizdagi maxsus muxbiri, «O’zbekfilm» kinostudiyasida va Respublika kinematografiya qo‘mitasida bosh muharrir, G’afur G’ulom nashriyotida bosh muharrir (1970—1982) o‘rinbosari bo‘lib ishladi. So‘ngra «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» ro‘znomasining (1982—1989) bosh muharriri bo‘lib xizmat etdi. Hozirgi davrda u O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasining faxriy raisidir.

Odil Yoqubovnipg birinchi yirik asari — «Tengdoshlar» povesti 1951 yilda bosilib chiqdi. Uning «Chin muhabbat», «Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi» (1958) kabi komediyalari Hamza nomidagi o‘zbek akademik drama teatri sahnasida qo‘yildi.

1956 yilda «Ikki muhabbat» nomli nasriy asarlar to‘plami nashr etildi. Keyin birin-ketin «Bir feleton» qissasi  (1961), «Muqaddas»   (1963), «Sanot juft bo‘ladi»   (1969), «Billur qandillar»  (1975) kabi qissalari chop qilindi. Odil Yoqubovning «Er boshiga ish tushsa» (1969)   nomli  romani Ulug‘ Vatan urushi  yillaridagi voqelikni aks ettiradi.

«Qanot juft bo‘ladi»   (1969)   povesti vrachlar, me’morlar,  ishchilar   mavzui  bilan  birga  murakkab  ijtimoiy va axloqiy muammolarni hal etishga bag‘ishlangan. Muallif unda ravshan, esda qoluvchi obrazlar yaratgan. «Izlayman» povestida 1945 yil yapon militarizmiga qarshi kurash voqealari aks ettiriladi. U ma’lum ma’noda avtobiografik asar hamdir. Chunki, muallifning o‘zi o’sha voqealarning jonli guvohi. 

Yozuvchi keyingi yillarda yaratilgan «Ulug‘bek xazinasi»  romanida (1974) ulug‘ o‘zbek  astronomi Ulug‘bek va uning o‘g‘li   Abdullatif   o‘rtasidagi ziddiyatlarni ko’rsatib, progressiv va reaktsion kuchlar orasidagi kurashlarni tasvirlaydi. Romanda Ulug‘bekning iste’dodli shogirdi, mashhur olim Ali Qushchining ham ulug‘vor obrazi yaratilgan.

Boshqa bir yirik asari —  «Ko‘hna dunyo» romanida O’rta   Osiyoning ikki  buyuk  allomasi  Beruniy va  Ibn Sino hayoti va fojeali taqdiri qalamga olinadi. Ularning jahon ilmi-fani taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissalarini umumlashtirishga intiladi. Shuningdek, Odil Yoqubov   zamonaviy   mavzularda   ham   «Diyonat»     (1973), “Oqqushlar,  oppoq qushlar”   (1988)   kabi yirik polotnolar yaratdi. Agar yozuvchi o‘zining «Diyonat» romanida adolatning nohaqlik, tubanlik ustidan g‘olib kelishini ko’rsatsa, «Oqqushlar», oppoq qushlar» romanida esa turg’unlik davri illatlarini, ildizi va oqibatlarini ro‘yi-rost gavdalantirib beradi. Har ikki holda ham zamondoshlarimizni ma’naviy,  axloqiy pokizalikka da’vat etadi. 

Odil Yoqubov respublikamiz teatrlarida namoyish qilingan «Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim» (1956), «Yurak yonmog‘i kerak» (1957), «Olma gullaganda» (1960) va boshqa p’esalarning muallifidir. U mohir tarjimon,  munaqqid, publitsist sifatida ham barakali ijod qilib kelmoqda. 

O’zbekiston xalq yozuvchisi  (1985)   Odil Yoqubov Mehnat Qizil Bayroq ordeni hamda Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun medali bilan taqdirlangan. «Ulug’bek xazinasi» romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Ijodkor, muharrir, nosir, Yozuvchilar uyushmasi bosh kotibi vazifalarida xizmat qilib keldi. Shu kunlarda Odil Yoqubov O’zbekiston Vazirlar mahkamasi qoshidagi respublika  Atamalar  komitetiga  rahbarlik  qilmoqda.

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: