Sahifa yuklanmoqda . . .

Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek Hayoti va Ijodi

Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek

shoir
adib
adabiy harakatning rahbari

10 Jan 1905, Toshkent shahri da tavallud topgan

01 Jul 1968, Toshkent shahri da vafot etgan

1060 marta ko'rildi


Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek asarlari:

Barcha asarlari

She'rlari

XX asr o‘zbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qushgan ulug‘ adib, shoir, olim, jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkent shahrida bo‘zchi oilasida dunyoga keldi. Oldin o‘rta maktabda, 1922—1925 yillarda esa Toshkent ta’lim va tarbiya texnikumida ta’lim oldi. So‘ngra O‘rta Osiyo Davlat dorilfununining ijtimoiy fanlar fakultetida tahsil ko‘rdi. 1930 yili O‘rta Osiyo Davlat dorilfununini tugatib, oliy maktablarda siyosiy iqtisoddan dars berdi.

Oybek adabiyotga 1926 yili chop etilgan «Tuyg‘ular» she’riy to‘plami bilan kirib kelgan. Shoirning «Dilbar— davr qizi» (1931), «O‘ch» (1932), «Baxtigul va Sog‘indiq» (1933), «Temirchi Jo‘ra» (1933) dostonlari o‘z davrining she’riy solnomalaridir. U tarixiy va zamonaviy mavzularda yigirmaga yaqin dostonlar yaratgan. Oybek she’riyati nihoyatda go‘zal bo‘lib, o‘zining sodda, ravon va ifodali tilda, boy va rang-barang tasviriy vositalarda yaratilganligi bilan alohida ajralib turadi.

Oybek mohir shoir bo‘lgani kabi yetuk romannavis ham edi. U yaratgan «Qutlug‘ qon», «Navoiy», «Ulug‘ yo‘l», «Oltin vodiydan shabadalar», «Quyosh qoraymas» kabi epik polotnolar o‘zbek realistik romanchiligi taraqqiyotida muhim bir davrni tashkil etadi.

O‘zbek xalqining 1916 yilgi milliy-ozodlik qo‘zg‘oloni yozuvchining «Qutlug‘ qon» (1940) romanida zo‘r mahorat bilan realistik ifodalangan bo‘lsa, «Navoiy» (1944) romanida o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy obrazini yaratdi. Uning «Oltin vodiydan shabadalar» (1949) asarida xalqimizning urushdan so‘nggi davr yaratuvchilik mehnati, «Quyosh qoraymas» (1958) romanida ikkinchi jahon urushi fojealari o‘z ifodasini topgan. Adibning «Ulug‘ yo‘l» (1977) asari esa «Qutlug‘ qon» romanining mantiqiy davomi bo‘lib, unda yozuvchi xalq milliy ongining shakllanishini ko‘rsatishga intilgan.

Oybek 1949 yilda Pokistonga sayohat qilgan. Adib qardosh xalq hayotini, fikr va tuyg‘ularini, kurash va intilishlarini «Pokiston xotiralari» ocherklari, qator she’rlari, «Zafar va Zahro», «Haqgo‘ylar» dostonlarida, nihoyat, «Nur qidirib» qissasida tasvirlagan.

Adibning avtobiografik qissasi — «Bolalik» 1963 yilda yaratilgan. Qissaning bosh qahramoni yosh Muso, ya’ni Oybekning o‘zidir.

Oybek iste’dodli shoir, yirik nosir bo‘libgina qolmay, mashhur olim, publitsist, tanqidchi va tarjimon, davlat va jamoat arbobi hamdir. O‘zbek kitobxoni Pushkinning «Yevgeniy Onegin» she’riy romani, Lermontovning «Maskarad», Molerning «Tartyuf» dramalari, shuningdek, antik adabiyoti namunalarini Oybek tarjimasida o‘qishga muyassar bo‘lgan.

Oybek 1943 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zo etib saylangan va 1950 yilgacha akademiyada ijtimoiy fanlar bo‘limining raisi lavozimida ishlagan. U yuqori malakali filologlar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan ustozdir.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1965), Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori unvonlariga sazovor bo‘lgan.

Yozuvchi asarlari o‘zbek adabiyotining jahonaro shuhratini yanada oshirdi. Ustoz mahorati yosh yozuvchilar uchun ijod dorilfununiga aylandi. Oybekning o‘lmas asarlari ma’naviy xazinamizdan mustahkam o‘rin oldi va umumxalq mulki bo‘lib qoldi.

Oybek 1968 yil 1 iyulda 63 yoshida vafot etgan. Vafotidan so‘ng uning 20 jildlik to‘la asarlari majmuasi nashr etilgan. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan (2001).

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: xabar@tafakkur.net