Sahifa yuklanmoqda . . .


Murdaning qo'li

(hikoya)

Bir kuni kechqurun, bundan sakkiz oy muqaddam, do‘stimiz Lui R.ning xonasiga bir kecha sobiq sinfdoshlar yig‘ildik. Punsh ichdik, chekdik, adabiyot va rassomlik san’ati haqida gap sotdik, odatda yoshlarning gurunglarida aytiladigan hazil-mutoyibalar bo‘ldi. Bir payt tuyqusdan eshik lang ochilib, bolalikdagi bir do‘stim xonaga quyunday bostirib kirdi.

— Xo‘sh, qani kim aytadi, men hozir qayerdan keldim, — qichqirdi u.

— Garov o‘ynashim mumkin, Mabildan! — dedi kimdir.

— Yo‘q, ko‘rinishingdan kayfing chog‘, harqalay, biror joydan qarzga pul undirgansan yo buvangni dafn etib qaytdingmi? Ha, topdim, soatingni garovga qo‘ygansan, mo‘ljalingdagi narxda, — dedi boshqasi.

— Meningcha, sen jinday otgansan, — dedi uchinchisi. —Luinikidagi punshning hidini olib, tomog‘ingni yana ho‘llaging kelib qolgan.

— Yo‘q, topolmadinglar, men P.dan keldim. Normandiyadagi P.dan. Bir hafta bo‘ldim u yerda, mana o‘zim bilan birga bir odarimniyam olib keldim, ruxsat eting, janoblar, uni sizga tanishtiray!

U shu so‘zlarni aytib cho‘ntagidan terisi shilingan odam qo‘lini chiqardi. Qo‘l nihoyatda qo‘rqinchli edi: qop-qora qurib qolgan barmoqlari uzun, mayishib ketganga o‘xshardi. Favqulodda baquvvat mushaklarning yuqori va quyi qismida shilinmay qolgan, pergamentga o‘xshab ketadigan teri parchalari taram-taram, barmoqlarining uchidan sarg‘imtir o‘tkir tirnoqlar turtib chiqib turardi. Bu manzaradan shundoqqina jinoyatning hidi anqirdi.

—Tasavvur qiling, — hikoya qila boshladi do‘stim, — yaqinda viloyatga dong‘i ketgan bir qari jodugarning qo‘qir-so‘qirlarini sotishdi. Jodugar har haftaning shanbasida supurgisiga minib, jinlar bazmiga otlanar, jodugarlik bilan shug‘ullanar ekan: sigirlarga kinna solganida jonivorlarning suti ko‘m-ko‘k ko‘karib, dumlari xuddi avliyo Antoniyning nadiminikiday tikkasiga buralib ketarkan. O‘sha qari alvasti mana shu qo‘lga juda mehr qo‘ygan ekan.

Uning aytishicha, bu qo‘l o‘zining qonuniy xotinini boshi bilan quduqqa tashlab yuborgani (darvoqe, buni shaxsan men jinoyat deb hisoblayman) va bungacha o‘zlarini nikohlagan ruhoniyni jomning arqoniga osib o‘ldirgani uchun 1736-yili qatl etilgan dong‘i ketgan bir kallakesarga mansub emish. Ana shu qo‘shaloq jasoratni amalga oshirganidan so‘ng bu muttaham behad og‘ir jinoyatlarga qo‘l uradi, o‘zining xiyla qisqa va ayni paytda sarguzashtlarga to‘lib-toshgan umri mobaynida yuzlab sayyohlarni shiladi, monastirda yigirmatacha ruhoniyni tutunga qamab bo‘g‘ib o‘ldiradi, ayollar monastirini haramga aylantiradi.

— Nima qilmoqchisan bu jirkanch matohni? – deb so‘radik biz.

— He, jin ursin, ijarachilarni bir qo‘rqitay. Buni men eshikning qo‘ng‘irog‘iga dastak qilib boylab qo‘yaman.

— Do‘stim, — dedi novcha, tepsa tebranmas ingliz Genri Smit, — ko‘p hovliqaverma, menimcha, bu qo‘l yangicha usulda konservalangan go‘sht, xolos. Men senga undan sho‘rva qaynatishni maslahat beraman.

— Hazilni bas qilinglar, janoblar! — dedi shirakayf talaba-tabib sipolik bilan norozi ohangda. — Sen esa, Per, mening oqilona maslahatimga quloq osgin-da mayitning bu a’zosini masihchasiga dafn etgin, aks holda egasi qo‘lini qidirib senga yo‘liqadi: boz ustiga, qo‘lning egasi manfur odatini takrorlasa ham ajab emas, axir, o‘zing bilasan-ku «tarki odat — amri mahol».

— Ha, tarki odat — amri mahol! Ichgan — tag‘in ichadi! Qani oldik! – deya quvvatladi uy egasi va talabaga katta qadahni to‘latib punsh quydi. U qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatdi-yu, kayfi oshib stolning tagiga qulab tushdi, xonada qiyqiriq ko‘tarildi. Per qadahni ko‘tarib, mulozamat qilganday qo‘lga xiyla engashib, dedi:

— Sening egang bilan bo‘lajak uchrashuv uchun ichaman!

Shundan so‘ng suhbatimiz boshqa mavzuga ko‘chdi va oradan ko‘p o‘tmay hamma uy-uyiga tarqaldi.

Ertasi kuni, soat ikkilarda men Per yashaydigan uyning oldidan o‘tayotib, birrov kirdim.

— Xo‘sh, qalaysan? – deb so‘radim undan.

— Zo‘r, — dedi u.

— Qo‘l qaerda?

— Qo‘lmi? Nima ko‘zing tushmadimi, kecha kechqurun uyga kirayotib qo‘ng‘iroqning ipiga osib qo‘ygandim. Ha, tasavvur qilasanmi, allaqanday telba yarim oqshom qo‘ng‘iroqni rosa jiringlatsa bo‘ladimi, harqalay, kimdir birov beboshlik qildi chog‘i, men kimsan, deb chaqirdim, hech kim javob bermadi, keyin to‘shakka cho‘zilib qotib uxlab qolibman.

Shu payt qo‘ng‘iroq jiringladi. Bu uyning xo‘jayini — qo‘pol, yoqimsiz bir nusxa edi. U xonaga tumtaygancha kirib keldi, hatto hol so‘rashni ham o‘ziga ep ko‘rmadi.

— Hurmatli janob, — dedi u do‘stimga, — bu o‘limtikni darhol yo‘qotishga ruxsat eting, aks holda sizni xonadan chiqarib yuborishga majburman.

— Marhamatli janob, — favqulodda jiddiy ohangda javob berdi Per. — Siz qo‘lni haqorat qildingiz, axir, u bunga munosib ish qilgani yo‘q-ku. Bilib qo‘ying, bu qo‘l bag‘oyat axloqli insonga mansubdir.

Xo‘jayin burilib, xayrlashmasdan chiqib ketdi. Per uning ortidan borib qo‘ng‘iroqdan qo‘lni yechib oldi va uni to‘shagining ustidagi qo‘ng‘iroq ipiga ildirib qo‘ydi.

— Mana shu yerda turgani ma’qul, — dedi u. — Bu qo‘l xuddi tirranchalar: «Birodarlar, o‘lishga to‘g‘ri keladi», deganlariday, har oqshom uyqu oldidan meni jiddiy fikrlarga undaydi.

U bilan bir soatcha o‘tirib, uyga qaytdim. Kechasi uyqum qochdi, hayajonlandim, asabim buzildi, bot-bot bosinqirab uyg‘onib ketdim. Bir mahal allakim bosh uchimda qaqqayib turganday tuyuldi, vahima bosdi, o‘rnimdan irg‘ib turdim, karovatning tagiga qaradim, shkafni ochdim. Nihoyat, soat oltilar edi chamasi, ko‘zim ilinibdi, biroq eshik shunaqangi vahimali taqillasa bo‘ladimi, to‘shakdan sapchib turib ketdim. Taqillatgan do‘stimning xizmatkori ekan, yarim yalang‘och, rang-ro‘yi dokaday, jag‘i-jag‘iga tegmaydi, a’zoyi badani qaltiraydi.

— O‘, janob! — xitob qildi u yig‘lamoqdan beri bo‘lib, — sho‘rlik xo‘jayinimni o‘ldirib qo‘yishdi!

Apil-tapil kiyinib, Perning uyiga yugurdim. Tumonat odam, hamma har tomonga zir yugurgan, ro‘y bergan fojeani har kim o‘zicha to‘qib-bichib izohlar, hayajondan bo‘g‘ilib bahslashardi. Olomonning orasini yorib o‘tib, do‘stim yotadigan xonaga bir amallab yetdim: eshikni ichkaridan bekitib olishgan ekan, kimligimni aytgandan so‘ng kiritishdi. To‘rt nafar politsiya xodimi xonaning o‘rtasida qo‘llarida yozuv daftarchalari, bor narsalarni birma-bir sinchiklab kuzatishar, ora-sira shivirlashib daftarchalariga bir narsalarni yozib qo‘yishardi: ikki nafar tabib behush yotgan Perning boshida gaplashib turardi. Per tirik edi, aft-angoridan ot hurkadi, basharasi ayanchli tusda, ko‘zlari kosasidan irg‘ib chiqqan, kengayib ketgan qorachiqlari ko‘zga ko‘rinmaydigan allaqanday yovuz maxluqqa qaraganday dahshatga tushib baqrayib qotib qolgan, barmoqlari esa qattiq siqilganidan musht bo‘lib toshday qotgan. Gavdasi iyagigacha choyshab bilan yopib qo‘yilgan. Men uni o‘mganidan olib ko‘tardim, shunda tomog‘iga chuqur botib ketgan besh panjaning iziga ko‘zim tushdi. Ko‘ylagiga tomgan bir necha tomchi qon qizarib turardi. Shu daqiqada meni bir narsa hayratga soldi: favqulodda ko‘zim uning to‘shagi ustida osilib turgan qo‘ng‘iroqning ipiga tushdi, kecha shu ipga do‘stim bog‘lab qo‘ygan terisi shilingan qo‘l yo‘q edi! Balki ko‘rganlar qo‘rqmasin deb doktorlar qo‘lni yechib olishgandir. Axir, unga tasodifan ko‘zi tushgan odamning yuragi chiqib ketishi turgan gap. Qo‘lning qayerga dafn etilganini so‘rab o‘tirmadim.

Endi ertasi kuni gazetada bu mash’um jinoyat haqida politsiyaning e’lon qilgan xulosasini jamiki tafsilotlari bilan keltiray.

Mana, men gazetada o‘qigan xabar:

«Yosh, mashhur normand sulolasidan biriga mansub talaba yigit Per B. kech oqshom dahshatli yovuzlik qurboni bo‘ldi. U kechqurun, soat o‘nlar chamasi, yotog‘iga qaytgan va xizmatkori Bovenga ruxsat berib charchaganini, uxlamoqchi ekanini aytgan. Tun yarimlab qolgan bir mahalda qo‘ng‘iroqning ayanchli jaranglashidan uyg‘onib ketadi. Yuragini hovuchlab o‘rnidan tez turadi-yu shamni yoqib biroz kutadi. Qo‘ng‘iroq ovozi bir daqiqa tinadi, biroq tag‘in uzundan uzoq jaranglaydi: o‘takasi yorilguday qo‘rquvga tushgan xizmatkor qorovulga yuguradi. Qorovul politsiyaga chopadi, yarim soat ichida yetib kelgan politsiya eshikni sindirib ichkariga kiradi.

Ular xonaga kirishganda ayanchli manzaraga duch kelishadi, mebellar to‘ntarib tashlangan, kiyim-kechaklar sochilib yotardi. Buni ko‘rgan politsiyachilar jinoyatchi bilan uning qurboni o‘rtasida ayovsiz jang bo‘lgan, degan fikrga kelishadi. Xonaning o‘rtasida yosh yigit Per B. behush chalqancha yotardi.

Uning badani titrab turar, yuzida qoni yo‘q, qorachiqlari vahimadan kengayib ketgan. Darhol bu yerga chaqirilgan doktor Burdoning fikricha, bosqinchi kuchli, barmoqlari uzun va chayir bo‘lgan, chunki miltiqdan otilgan o‘qlarning iziday besh panja Perning gardanida naq teshib o‘tib, musht bo‘lib mahkam siqilgan. Qotilning shaxsi va jinoyatga aloqador birorta dalil topilgani yo‘q».

Ertasi kuni shu gazetada tag‘in shunday xabar chiqdi:

«Kecha xabar qilganimizdek, og‘ir jinoyatning qurboni bo‘lgan janob Per B. doktor Burdoning ikki soat mobaynidagi sa’y-harakatlari tufayli o‘ziga keldi. Hozircha jabrlanuvchining hayoti xavf ostida emas, biroq aql-hushi jiddiy tashvish tug‘dirayotir, hanuz bosqinchidan biror-bir nishona topilgani yo‘q».

Ha, sho‘rlik do‘stim aqldan ozib qoldi, yetti oycha uni yo‘qlab, kasalxonaga borib, ko‘rib turdim, ammo Per o‘ziga kelmadi. U jinnilarcha javragan paytda og‘zidan poyintar-soyintar so‘zlar chiqardi, miyasiga yelimday yopishgan allaqanday fikr mudom uni azoblardi: go‘yo uni arvoh tindirmay ta’qib qilardi. Bir kuni Perning ahvoli og‘irlashib qoldi, deb xabar keldi, tezda yetib bordim, men borganda do‘stim jon talvasasida edi. Shundan so‘ng u ikki soatcha qimir etmay yotdi. Bir payt kutilmaganda karovatdan sakrab turdi-da, tutqanog‘i tutib, chinqira boshladi: «Yo‘qot uni! Yo‘qot! U meni bo‘g‘ayapti! Dod! Yordam beringlar! Yordam!...». Per faryod chekib jon talvasasida xonaning ichini ikki bor aylanib yugurdi-da, o‘rtaga yuz tuban quladi.

Boyaqish yetim edi, jasadni oila a’zolari dafn etilgan normand qishloqchasi P.ga olib borish menga yuklandi. O‘shanda, Lui R.ning uyida punsh ichib, sobiq sinfdoshlar bilan ulfatchilik qilib o‘tirganimizda Per mana shu qishloqdan kelgan, bizga terisi shilingan qo‘lni ko‘rsatgan edi. Uning jasadini qo‘rg‘oshin tobutga soldik.

Oradan to‘rt kun o‘tib, uning birinchi muallimi keksa kashish bilan qabr qaziyotgan joyda aylanib yurgandik. Havo ochiq, juda ajoyib kun edi, moviy osmonda oftob charaqlab turibdi. Bolaligimizda necha marotaba maymunjon tergan yulg‘unzorda qushlar chug‘urlashardi. Har gal panjarali to‘siqni yoqalab borib, o‘zimizga ma’lum maydonning etagidagi kambag‘allar dafn qilinadigan joydagi devor tirqishidan kirganimiz yodimga tushdi. Har safar og‘iz-burnimiz maymunjondan qorayib uyga qaytardik. Butalarga termulaman: shoxlarda maymunjon serob, beixtiyor bir butani uzib olib, og‘zimga soldim. Kashish duolar kitobini ochdi va ming‘irlab o‘qiy boshladi, xiyobonning narigi boshidan yerga urilayotgan belkurakning zarbi eshitilib turibdi: go‘rkovlar qabr qazishayotir. To‘satdan ular bizni chaqirib qolishdi, kashish kitobini yopdi va biz nima gapligini bilish uchun bordik. Ma’lum bo‘lishicha, go‘rkovlar qabr qaziyotib, bir tobutga duch kelishibdi. Belkurakning zarbidan tobutning qopqog‘i ochilib qolibdi. Bir barvasta jasadning skeletini ko‘rdik, skelet chalqancha yotar, bo‘m-bo‘sh ko‘z kosalari bilan bizga o‘qrayib turganday tuyuldi. Ko‘nglim behuzur bo‘ldi, negadir qo‘rqib ketdim.

— Ana xolos! — xitob qildi go‘rkovlardan biri. — Qaranglar, bu jo‘mardning panjalari kesilgan-ku!

Shunday deb skeletning yonboshida turgan qurib qolgan barmoqsiz bilak suyagini ko‘tarib bizga uzatdi.

— U menga o‘qrayib qarayotganga o‘xshaydi, — deb kuldi boshqa bir go‘rkov, — hozir tomog‘imdan oladi, qo‘limni topib ber, deydi.

— Azizlarim, — dedi kashish, —marhumning oromini buzmang, bekiting tobutni: birodarimiz bechora Per uchun boshqa joydan go‘r qazamiz.

Ertasi kuni marosimlar tugadi va men bexosdan xokini bezovta qilganimiz — o‘sha panjalari kesilgan marhumning ruhiga duo o‘qib qo‘yishni so‘rab keksa kashishga ellik frank berib, Parijga jo‘nab ketdim.

 

Ahmad OTABOY tarjimasi 


Ushbu mistik hikoyani nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi Mistik hikoyalar Gi de Mopassan Mistik hikoyalari Gi de Mopassan asarlari