Sahifa yuklanmoqda . . .

Muhammad Aminxo'ja Muqimiy Hayoti va Ijodi

Muhammad Aminxo'ja Muqimiy

shoir
adib
ijodkor
ma'rifatparvar
xattot
mirza
sayyoh

1849 yili Qo'qon shahrida tavallud topgan

25 May 1903, Qo'qon shahri da vafot etgan

9061 marta ko'rildi


Muhammad Aminxo'ja Muqimiy asarlari:

Barcha asarlari

Yakpora g'azallari

Parokanda g'azallari

Masnaviylari

Dostonlari

Muqimiy (taxallusi; asl ism-sharifi Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li) (1850 — Qo‘qon —1903.25.5) — shoir va mutafakkir. O‘zbek demokratik adabiyoti asoschilaridan. Otasi toshkentlik, onasi Oyshabibi xo‘jandlik bo‘lib, Qo‘qonda yashaganlar. 
Muqimiy boshlang‘ich ma’lumotni mahallasidagi maktabda olgan. Onasi Muhammad Aminxo‘jada she’riyatga havas uyg‘otgan. Muqimiy Qo‘qondagi Nodira bino qildirgan «Moxlar oyim» madrasasida, so‘ng Buxoro madrasalaridan birida o‘qigan (1864—65; 1875—76). 1876 yilda Qo‘qonga qaytgach, yer qurilishi mahkamasida mirzalik qilgan. 70-yillar oxirlarida Qo‘qonga qaytgan va ijod bilan shug‘ullangan. Otasi vafotidan so‘ng moddiy ahvoli og‘irlashgach, «Hazrat» madrasasining kichik bir hujrasiga ko‘chib o‘tgan (1885), butun umri qashshoklikda kechgan. 
Bir necha bor Toshkentga sayohat qilgan (1887—88, 1892), Toshkentdagi yangiliklar bilan tanishgan. Toshkent madaniy va adabiy hayotini chuqur o‘rgangan. Almaiy, Nodim kabi ilg‘or ruhdagi ijodkorlar bilan aloqa bog‘lab, ijodiy hamkorlik qilgan. Muqimiy yashab ijod etgan davr adabiy hayoti murakkab edi. Bunday muhit Muqimiy ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ijodining ilk davrida qisman shaklbozlik unsurlari, san’atpardozlik mayllariga berilish ham uchraydi. Lekin tezda bu xil an’analardan voz kechib, jamiyatdagi illatlarga, eskilik aqidalariga tanqidiy nazar bilan qaradi. Navoiy, Jomiy, Nizomiy va Fuzuliydan o‘rgandi, ular g‘azallariga muxammaslar bog‘ladi. Jomiyni o‘ziga ustoz bildi. O‘zbek, fors mumtoz shoirlari an’analarini davom ettirdi. O‘zbek adabiyotida demokratik yo‘nalishning vujudga kelishi va shakllanishi Muqimiy nomi bilan bog‘liq. U boshliq Furqat, Zavqiy, Avaz, Komil kabi ilg‘or fikrli shoirlar o‘zbek adabieti tarixida yangi sahifa ochdilar. Muqimiy lirikasi chuqur optimizm bilan sug‘orilgan, hayotiylik ushbu lirikaning asosiy va yetakchi xususiyatlaridan. Muqimiy real muhabbatni, insonni kuylagan. She’rlarining tub mohiyatini inson kechinmalari, sevinch va alamlari, istak va armonlari, kurashlari tashkil etgan. Ularda do‘stlik, sadoqat, samimiyat, vafodorlik, sabot va matonat ulug‘langan va bular orqali shoir kishilarda yaxshi xususiyatlarni tarbiyalashga intilgan. Adolatli va baxtli zamonni orzu qilgan, shunday kunlar kelishiga ishongan («Kelur oxir seni ham yo‘qlag‘udek bir zamon yaxshi» va boshqa). Hasrat, shikoyat, norozilik motivlari mavjud bo‘lgan she’rlarida ham kelajakka ishonch, farovon hayot haqidagi orzu-ideallari aks etgan.
Muqimiy dunyoqarashi va intilishlari bilan muhit o‘rtasidagi ziddiyat uning ijodida tanqidiy yo‘nalishni maydonga keltirgan. Bu uning hajviyotida ko‘proq aks etgan. Hajviyoti mazmunan satira va yumorga bo‘linadi. Satiralarida chor amaldorlari, ayrim mahalliy boylarning kirdikorlari ochib tashlangan («Tanobchilar» va boshqa) «Saylov», «Dar mazammati zamona» va boshqada o‘lkaga kirib kelayotgan kapitalistik va g‘ayriaxloqiy munosabatlar hamda ularning oqibatlari ko‘rsatilgan. Ba’zan, o‘sha davrdagi hukmron qarashlarga ergashib, Dukchi eshon haqida ham hajviy asarlar yozgan («Hajvi halifai Mingtepa»).
Ot, arava, loy, pashsha, bezgak kabi mavzularda 30 ga yaqin hajviy asar yaratgan. Ularda shoir turmushning qoloq va chirkin tomonlari, ijtimoiy ongdagi nuqsonlar ustidan kulgan, mustamlakachilik azobi, xarobalikni zaharxandalik bilan tasvirlagan («Devonamen», «Ko‘samen» «Hayron qildi loy», «Pashshalar», «Shikoyati bezak» va boshqa). Boshqa bir qator hajviyalarida jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarga yangicha munosabat aks etgan («Ta’rifi pech», «Aroba qursin», «Loy» va boshqa).
Muqimiy o‘zbek adabiyotiga ishchilar mavzuini olib kirdi, tiplar galereyasini yaratdi («Maskovchi boy ta’rifida», «Voqeai Viktor» va boshqa). Turli shaxar va qishloqlarga qilgan sayohatlari taassurotlari asosida 4 qismli «Sayohatnoma» asarini yozdi. Asar yengil, o‘ynoqi vaznda yozilgan, 4 misrali bandlardan tashkil topgan. Unda xalq turmushining og‘irligi, qishloklarning vayronaligi realistik tasvirlangan. Shoir yaxshilikni ma’qullab, go‘zallikni madh etgan, kamchiliklar ustidan kulib, tanbeh bergan, yovuzlikni, turli illatlarni tanqid qilgan. Muqimiyning nasr va nazmdagi maktublari epistolyar adabiyot namunasi hisoblanadi. 10 she’riy, 20 ga yaqin nasriy maktublari saqlangan. She’rlari qo‘lyozmalar, bayozlar, 20-asr boshlarida litografiyada nashr qilingan kitoblar, Toshkent va Peterburgda bosilgan vaqtli matbuot sahifalarida bizgacha yetib kelgan.
M. ijodini o‘rganish, asarlarini to‘plash va nashr ettirish u hayot davridayoq boshlangan. Dastlab Ostroumov «Devoni Muqimiy» to‘plamini (T., 1907) nashr qilgan, so‘ng 1910,1912 yillarda «Devoni Muqimiy maa hajviyot» nomi bilan asarlari to‘plami bosilgan. Keyingi davrlarda G‘. G‘ulom, Oybek, H. Zarifov, H. Yoqubov, H. Razzoqov, G‘. Karimov, A. Hayitmetov va boshqa Muqimiy ijodini tadqiq etganlar. She’rlaridan namunalar chet tillarga tarjima qilingan. Qo‘qonda uy-muzeyi tashkil etilgan. Farg‘ona viloyatidagi shaharcha, Toshkent ko‘chalaridan biri, O‘zbek davlat musiqali drama teatri Muqimiy nomi bilan ataladi. Shoir haqida Sobir Abdulla «Mavlono Muqimiy» romani va «Muqimiy» dramasini yaratgan. Muqimiyning aksariyat g‘azallari ashulaga aylangan.

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: