Sahifa yuklanmoqda . . .


Muhabbat

1.AYOL

U ayolning qo’llari dag’al,
U ayolning ko’ylagi dag’al,
Uni har kun kaltaklar eri,
Har kun yuzda ko’karar dog’lar.

Kecha nogoh yo’lning chetida,
Ko’rib qoldim o’sha ayolni –
U hidlardi men sezmay o’tgan
Mittigina marvaridgulni.

2.QAYG’U

Lattani ho’llar ekan
Qotib qoladi,
Erga egib boshini
O’yga toladi.

Ajin bosgan yuzida
Aks etar qayg’u —
Kimni o’ylab, kimni eslab,
G’am chekadi u?

3.MUHABBAT

— Men sevaman,- shivirlar ayol,-
Kirlaringni yuvib beraman.
Dazmollayman ko’ylaklaringni
Seni quchgan qo’llarim bilan.

Faqat bir kun yoningda yotib,
Qulog’ingga shivirlasam bas:
«Yuragimning ostida kimdir
Xuddi sendek olmoqda nafas».

 

Muhabbat

Hatto oydan
shivirlasang
eshitaman

Chechak bo‘lib
Qorda unsang
eshitaman

Chiroq bo‘lib
Tunda yonsang
eshitaman

Xotiramning
ichidasan
eshitaman

* * *

Tong bilan oqshomning qoq orasida,
Pahlavon Mahmudning maqbarasida
Go‘yo o‘qiganday ishqqa qasida
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Ichanqal’a aro qancha kezmayin,
Ularning tovushi taralar mayin —
Dunyoni sezmayin, dunni sezmayin,
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Ko‘ksimda uyg‘ondi keksaygan titroq,
Axir, sen mendan-da qanchalar yiroq,
Ko‘zlaring yodimga solgancha,biroq
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Bu ikki dunyoning surati edi,
Odamu Havoning siyrati edi.
Ikki dil ishqining qudrati edi –
Bir-birini suygan ikki kabutar.

Yo Layli-Majnunning ruhi edimi,
Yo Oshiq G‘aribning ohi edimi,
Yo ko‘kdan ishora – yohu edimi –
Bir-birini suygan ikki kabutar.

Uyg‘ondi yuragim unutgan xatar,
Ko‘rindi men senga bitmagan xatlar,
Mendan-da bexabar, sendan bexabar
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Ay, mening omonim, mening qurbonim,
Axir, sen eding-ku mening darmonim,
Ko‘rindi ko‘zimga misli armonim –
Bir-birin erkalab turgan kabutar.

Sochga oq tushganda armon befoyda,
Bugun sen boshqa-yu,men boshqa joyda,
Ammo, ishq boqiy deb oniy dunyoda
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Necha oylar o‘tdi,
Necha kun o‘tdi,
Sirlarimni olib necha tun o‘tdi,
Hamon ko‘z o‘ngimda bir juft ishq o‘ti –
Bir-birin erkalar ikki kabutar….

* * *

Sen haqingda she’rim
Bitilgan qog‘oz
Uchib ketdi olis bog‘larda
Sayrayotgan qushlarni izlab…

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

60 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ayol qayg'u muhabbat
Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari