Sahifa yuklanmoqda . . .


Muhabbat vizasi

O'qidim go'zal hikmat:
"Sizning yaxshilaringiz -
Ahli ayoli bilan
Yaxshi bo'lganlaringiz".

So'kinib jaranglatdi,
Erim o'z xonasini:
-Hoy, ruchkamni kim oldi?
He, o'sha, onasini...

Dedim: - Voy, tilingizni,
Zahar bormi qatida?
Bunday xunuk so'z yo'q-ku,
O'zbekning lug'atida.

Esizgina, yoshlikda
Qanday yigit edingiz?!
"Bitta tabassumingga
Jonim fido", derdingiz.

Dedi: - Yigitchilikda,
Aytgandirman aytganda.
O'sha gap turarkanmi,
Yosh ellikka yetganda.

Elligimda, sevgi, deb,
Boshim qotirmay meni.
Topib ber, ellik so'mga
Olgan ko'k ruchkam qani?

Dedim: - Telefon raqam
Yozgandim, oling, mana.
Dedi: - Ming bor aytaman:
Mening narsamga tegma.

Kabinetim, yo'lagim,
Izim, soyam, vujudim,
Qo'lingni tekkizmagin,
Bari - mening hududim.

Xayol sursam, yo'talib,
Hududimni buzmagin.
Hattoki tushimga ham,
Taqillatmay kirmagin.

Yashash kerak tartibli,
Meniki bu - meniki.
Cho'qilash yo'q, tegish yo'q,
Seniki bu - seniki.

Ko'nglim cho'kdi, muhabbat
To'ydan keyin o'larkan.
Erkak kishiyam shuncha,
Pastlab ketsa bo'larkan?!

Donishmand bo'lar yoshda,
Ongi shuncha tormikin?
Bu dunyoda jentelmen,
Erkaklar ham bormikin.

Alam qildi judayam,
Narsasini olganim.
Ellik so'mcha qadri yo'q,
Ayol bo'lib qolganim.

Shuni sekin aytsa-ku,
Baqirib, so'kinmasdan.
"Gah" deganda qo'liga,
Qo'nmasam, odammasman.

Desa: "Ko'rmadingizmi,
Ruchkam yo'qoldi, poshsho?"
Desam: "Uzr, kechiring,
Men olgandim, mavlono".

Desa: "Xijolat bo'lmang,
Borligingizga shukur,
Menga sirdosh, hamxona,
Yorligingizga shukur.

Mening ruchkam-da, sizga,
Talpinib turar o'zi.
Sizni ko'rganda menday,
Yonib ketadi ko'zi".

Der edim: "Oh, azizim!
So'zingiz totli muncha?
Nima qilay, buyuring?
Qulingizman o'lguncha".

Qanday go'zal muloqot?!
Oh, jonimni qoqardim.
Mosh-guruch sochlarini,
Silab yuzga bosardim.

Har narsa yoshlikdami,
Sog'liq, mehr, oqibat?
Yosh o'tganda zarurroq,
Bo'lmaydimi muhabbat?! 

Ayolga shirin so'zni,
Eri aytib turmasa,
Katta xolasi kelib
Aytadimi bo'lmasa?!

Hududin ajratadi,
Erkak bo'lmay o'larsan!
Bizning hududlargayam
Qo'l uzatib qolarsan.

Ikki kishilik yotoq,
To'shagimga, o'rtaga,
Atirguldan "ip" tortib
Bo'lvolaman jo'rttaga.

Erim: - Bu nima? -desa
Biroz hurpayib pati,
Aytaman: - Bu - tamojniy-
Chegara nazorati.

O'ng tomini - sizniki,
Chapi - mening hududim.
Nogoh sizning tomonga,
O'tib ketmasin qo'lim.

Ehtiyot bo'lib yoting,
Tikani bor, bilasiz.
Menda ishingiz bo'lsa,
Viza bilan kirasiz.

Hali jahli chiqadi,
Deydi: - Bu nima qiliq?
Deyman: Endi yashaymiz,
Qoidali, sip-silliq.

Desa agar: - Yig'ishtir!
Deyman: - Janob, urmang do'q.
Muhabbat vizasisiz,
Bu tomonga o'tish yo'q.

"Seniki-meniki"mish,
Noshukur, mullagarang.
Kech kirsa, qaysi go'rda
Qolar ekan chegarang.

Shunday ekan, yashayver,
Qilmasdan g'iring-piring.
Endi, baribir boshqa,
Uylanishga kechikding.

Bu yog'i qancha qoldi? 
Yerga urmay, poshnagni,
Holin ko'r oltmish yoshda
Beva qolgan oshnangni.

Uylanay desa chiqqan
Qizlari tumtayadi.
"Kirin yuvyapmiz-ku", deb
Kelinlar xo'mrayadi.

Tayyor xizmatkor bo'lsam,
Sen uchun pishir-kuydir.
Shukrimni qilmaysanmi,
Ruchkang boshingda qolgur?!

Qariganda ne kerak,
Marhaboga: bir kaft osh,
Tinchlik, sog'liq, muhabbat,
Va bir dono suhbatdosh.

Sen esa yuravergin
Haqman, deb, gap yo'riqlab.
Muhabbatsiz bir pullik
Hududingni qo'riqlab.

Odamlar kulmasa-ku,
Ayrilib, toq o'tardim.
Yo bir dono chol bo'lsa,
Erga tegib ketardim.

Tavba, tavba, yo, Rabbiy!
O'zing shohid har nega,
Shu injiqqa uchratding,
O'zing sabr ber menga.

Faqat Mahshar kun chorlab,
Ayt: "Marhabo, kela qol,
Senga mukofot - jannat,
Na'im, Ma'vo, tanlab ol".

Shu er bilan o'tdimmi,
Jinni bo'lmay, o'lay man.
Jannati Firdavsingdan
Boshqasiga ko'nmayman.


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Marhabo Karimova She'rlari Marhabo Karimova asarlari