Sahifa yuklanmoqda . . .


Metroda

Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim,

Birov ishdan qaytar, birov sayrdan.

Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim,

Kimdir ro‘znomani ikki ayirgan.

 

Men ham qaytayotgan edim uyimga,

Yumushlardan tolib, xayolga tolib.

Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday,

Ko‘nglimga chirpirak g‘alayon solib.

 

Go‘yo tanimading. Tutqichni tutib,

Ma’yus jilmaygancha tolding xayolga.

Turgim, borgim keldi. Elni unutib,

Seni ko‘mgim keldi ming bir savolga.

 

Yodimda chaqnadi qasamyodlarim,

Bir zamon seniki bo‘lgan hayotim...

Yoningga bormadim, bora olmadim,

O‘zimni ayadim, seni ayadim.

 

Keyin tushib ketding. Sezmading go‘yo,

Qayrilib boqmading, ey sun’iy yo‘ldosh.

Meni ayadingmi, o‘zingnimi yo?

Qiz qalbi qizg‘aldoq emas, tilsimtosh!

 

Muhabbat – puch narsa, muhabbat – yolg‘on!

Orzular, qayg‘ular, tuyg‘ular – mayda.

Bilaman, poyimda yig‘laydi xazon,

Negadir uyga hech borgim kelmaydi...

 

1994


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
14-Sentabrda yuklangan

70 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
metro sayr xayol zamon muhabbat orzu xazon
Muallif
Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

Batafsil


Yangi She'rlar Iqbol Mirzo She'rlari Iqbol Mirzo asarlari