Sahifa yuklanmoqda . . .

Maxmur Hayoti va Ijodi

Maxmur

shoir
hajvchi
ijodkor

1843 yili Qo'qon shahrida vafot etgan

428 marta ko'rildi


Maxmur asarlari:

Barcha asarlari

Yakpora g'azallari

Voqeaband g'azallari

Maxmur (taxallusi; asl ism-sharifi Mahmud Mulla Shermuhammad o‘g‘li, ?—Qo‘qon — 1844) — o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalaridan biri. Shoir Mulla Shermuhammad Akmal Ho‘qandiyning o‘g‘li. Qo‘qondagi Madrasai Mirda tahsil olgan. Umarxon qo‘shinida sarbozlik, sipohiylik qilgan. Maxmur yoshligidan she’riyatga havas qo‘yib, Sa’diy, Hofiz, Jomiy, Navoiy merosini o‘rgangan.

Shoirning shaxsiy hayoti juda og‘ir kechgan, bu esa uning ijodida ham yorqin iz qoldirib, ko‘pchilik she’rlarining mazmun ruhiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Maxmur tabiatan munofiqlik va riyokorlikni qat’iy qoralovchi, hiylanayrang va qing‘ir ishlarni yoqtirmaydigan, ayni zamonda, nozik did va serjahl, o‘z qadrqimmatini yuqori tutuvchi inson bo‘lgan.

Maxmurning an’anaviy devon tuzganligi noma’lum. 1950 yilda Po‘latjon Qayumov va Asqarali Charxiylar izlanishlari tufayli Qo‘qonda Maxmurning o‘zbek va forsiy tillardagi she’riy majmuasi topilgan. Maxmur asarlarining deyarli hammasi o‘z mazmun va ruhiga ko‘ra, hajviy va tanqidiy yo‘nalishdadir. Mumtoz she’riyatning g‘azal, masnaviy, muxammas va qasida turlarida yaratilgan bu asarlar milliy adabiyotda ijtimoiy hajviyotning Maxmur ijodida yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Shoir o‘z davridagi tuzumning ko‘pdan-ko‘p illatlarini keskin tanqid ostiga olgan, o‘sha zamondagi adolatsizlik, zo‘ravonlik va huquqsizlikni fosh etgan. Bu tanqid, ko‘pincha, «jafokor falak», «berahm charx» qilmishidan o‘tli shikoyat, achchiq taqdirdan, befayz hayotdan nola-fig‘on tarzida yuzaga kelgan.

Qishloq ahlining och-yalang‘och hayoti, o‘lkani qurshagan vayronagarchilik, xarobazorlarga aylangan qishloklarning ayanchli manzarasi «Hapalak» satirasida jonli va ta’sirchan chizilgan. Unda shoir juda katta ijtimoiy mazmunni o‘ziga xos ramziy obrazlarda, xalqona qochiriq va achchiq kinoyalar, imo-ishoralar vositasida esda qolarli darajada badiiy mahorat bilan ifodalay olgan. Maxmurning xalq so‘zlashuv tiliga ko‘chib, maqol-matallar doirasidan mustahkam o‘rin olgan «Tovuqi ignachiyu o‘rdagu g‘ozi — kapalak!; Bir katak, ikki kapa, uch olachuq, to‘rt katalak!; Xalqini ko‘rsang agar o‘lasiyu qoqu xarob, ochlikdan egilib qomati misli kamalak» kabi misralari Hapalak qishlog‘ining xarobaga aylanganini (shoirning onasi shu yerlik bo‘lgan), dehqonlarning esa o‘ta qashshoq hayotini ishonarli gavdalantiradi. Vayrona qishloqlar va bechora dehqon ahli mavzui Maxmurning boshqa she’rlarida ham shu tarzda tanqidiy ruhda hayotiy tahlil etilgan.

Maxmurning ko‘pgina hajviy she’rlari zamonasidagi aniq shaxslarga qaratilgan: «Isqotiy», «Amakim», «Xo‘ja Mir Asad hajvi», «Hajvi Atoyi poraxo‘r», «Qozi Muhammad Rajab Avj sifatlari» va b.

Maxmur ijodiy merosida hajv san’atining murakkab, ayni zamonda, mahsuldor va yorqin usullaridan biri — o‘z-o‘zini fosh etish usulida yaratilgan asarlar alohida o‘rin tutadi. Shoirga zamondosh tarixiy shaxslar — yuqori lavozimli amaldorlardan Hoji Niyoz, Hakim Turobiy, Mulla Ya’qub Xo‘jandiy kabilarning jirkanch tabiati va qabih amaliy-ijtimoiy faoliyatlarini ayovsiz fosh etuvchi hajviyalar bu turkumning yetuk namunalaridir.

Shoir qoldirgan adabiy meros ichida «Karimquli Mehtarning sifatlari» deb nomlangan masnaviy alohida o‘rin tutadi. Tarixan hayotda bo‘lgan voqeani badiiy bayon etuvchi bu asarda shoir mohir hajviy — hazil she’r ustasi sifatida namoyon bo‘ladi. Karimquli Mehtar tomonidan o‘ziga ajratilgan sovg‘a — otni ta’riflash jarayonida hajviy tasvirning go‘zal lavhalarini yaratadi. «Suv ham ichsa tamog‘iga tiqilar, Pashsha gar qo‘nsa yoliga yiqilar» darajasida qirchang‘i bo‘lgan, «kunda yetti no‘xta uzar, misli qo‘chqor suzar, og‘zida tishdin asar yo‘q» ot ta’rifida Maxmur xalq og‘zaki ijodining lof, askiya turlari ruhi va uslubida quvnoq misralar bitadi («Ham harishu ham xarobu ham badnom, Ikki ming ayb angadur mudom...»).

Maxmur — zullisonayn shoir. Fors tili va she’riyatini mukammal bilgan. Bir qancha forsiy asarlar ham yaratgan. Uning merosida Sharq she’riyatining mulamma va shiru shakar turlarining namunalari mavjud. Maxmur ijodiy faoliyati o‘zbek mumtoz adabiyotida tanqidiy yo‘nalishning, ayniqsa, hajviyotning taraqqiyotida navbatdagi yuqori bosqich bo‘ldi.

Maxmurning hajviy she’rlar devoni saqlangan, unda 69 asar (3417 misra) jamlangan, lirik asarlari esa bayozlarda uchraydi. Maxmur adabiy merosi keyingi davrlar qalam ahli, xususan, hajvgo‘ylar ijodiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Muqimiyning Hapalak qishlog‘i haqidagi hajviyaga taxmis bog‘laganligi, Maxmur yumoristik tahlil etgan qirchang‘i ot mavzuida 19-asr oxirlari va 20-asr boshlarida ko‘plab hajviy namunalarning paydo bo‘lishi xulosa uchun ishonchli dalildir.

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: xabar@tafakkur.net