Sahifa yuklanmoqda . . .


Marhamatli Ayyub haqida hikoyat

(Marhamatli Ayyubning bezori o‘g‘ri egriligini tuzatgani)

 

Bir kecha hurmatli Ayyub Ilohiy sirlar kayfidan mast bo‘lib, toat-ibodat qilib, shamdek ko‘zidan yoshlar to‘kib o‘ltirar edi. U durdek ko‘z yoshi dengiziga g‘arq bo‘lib, kuyib-yonishda shamga qo‘ldosh edi. Xilvatda bir burchakni o‘ziga maskan qilgan, go‘yo bir qutichaning ichidan eng toza dur o‘rin olgandek edi.

Shu kecha bir kissavur uning uyiga lahm kovlay boshladi. Kechasi bilan u yer ostini o‘yib, yo‘l qilib chiqqanda uyda bir odamning boshini ko‘rdi. Ayyub ham buni tushunib, indamadi; ibodatda davom etib, buni o‘ziga olmadi. O‘g‘ri esa o‘sha teshikning ichidan chiqib, uydan nima topsa, hammasini to‘plab, qanchasini ko‘tara oladigan bo‘lsa, mo‘ljallab, orqasiga mahkam tang‘ib bog‘ladi. Lahmga kirmoqchi bo‘lgan edi, teshik kichkina, yuk esa juda ham katta bo‘lganidan unga sig‘madi. «Inining torligidan xafa sichqon dumiga g‘alvirni ham boylab olibdi» (degan gap bor). Uning qiynalib qolganini ko‘rib, Ayyub o‘rnidan turdi-da, eshikni ochib, unga yo‘lni ko‘rsatdi.

- Yuking katta bo‘lib ketibdi, teshiging esa kichik. Yo‘ldan chiqa qol, mana, eshik ochiq.

U qancha gumrohlik ko‘rsatgan bo‘lsa, shayx unga shu xilda yo‘l ko‘rsatdi. Kishi birovga shu xilda yo‘l ko‘rsatgandan keyin, u bunday yo‘ldan chetga chiqishi mumkinmi?! Bu ahvol o‘g‘rini ojiz qilib qo‘ydi, og‘ir yuk esa qaddini bukdi. Vujudini bir o‘t yondirib dard berib, bundan lojuvard osmonning ham isitmasi chiqib ketdi. Yelkasidagi yukni shu o‘tga tashlab, o‘z vujudining yukini ham kuydirishga tayyor edi. Bu ranj-u malolatdan muztar bo‘ldi, xijolat uni xasdek o‘rtantirdi. Na’ra tortib, seldek ko‘z yoshi to‘kdi; shayxning oyog‘iga boshini fido qildi. Shayxning yaxshiligi, gunohini afv etgani tilini lol etdi, marhamatining yuki esa jismini behol qildi.

Shayx marhamat qilib, uning ko‘zidagi yoshini artdi, lutf ko‘rsatib, boshini yerdan ko‘tardi. Uning dard-u ahvolini tushunib, faqirlik xirqasini kiyishni tavsiya etdi. Tasavvuf yo‘li o‘z o‘ti bilan uning jonini kuydirib, undan biron nishon ham qo‘ymagandek edi. Uning butun borlig‘i xasdek shu o‘tda kuydi. U shu o‘tdan ko‘p yorug‘lik topdi. Kamolot egasi uni shunday parvarish qilib, bir afv bilan shuncha narsaga ega bo‘la oldi.

Navoiy, telbalikni qo‘yib, sen ham bir odamning etagini ushlasang nima qilardi.

Soqiy, gunohimdan o‘tib, qo‘limdan tutki, jonim og‘zimga kelib, chiqay deb turibdi. Tez bo‘l, bir qadah bilan menga kushoyish ber. Umrim Nuh umricha bo‘lmasa ham, sabrda Ayyubcha borman.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 21-Noyabrda yuklangan

91 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari