Sahifa yuklanmoqda . . .


Lorka o'limi

Uni tongga tirab otdilar…
U yiqildi,
So’ng yana turdi
Va yoshgina,
Bukri bir askar
Qo’ndoq bilan boshiga urdi.

U jon berdi…
Askarlar esa
Shosha-pisha ortga qaytdilar,
Sharob ichib mungli qo’shiqni
Tun sukutin buzib aytdilar.

Bu qo’shiqda bulutni yorgan
Hilol cho’qqi uzra porlardi,
Bu qo’shiq qor ostida yotgan
Chechaklarni bo’zlab chorlardi.

Bu qo’shiqda qora kiyingan
Tul kampirlar ertak to’qirdi,
Ularning oldida ko’zi ko’r bola
Zulmat aro kitob o’qirdi.

Qo’shiq kuylab,
Tuyib alamni,
Yosh askarlar sarmast edilar,
Shu qo’shiqni yozgan odamni
Otganlarin bilmas edilar…

1986


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

280 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari