Sahifa yuklanmoqda . . .


Ko'klamoyim

Ozod Sharafuddinovga

Sochimda oq, men bahordan o`tindim:
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.
Qor qo`ynida seni qo`msab o`kindim,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Ko`nglimga ko`k binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,
Boychechakka borar yo`llar ochilsin,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Fasl boshi, ham oxiri o`zingsan,
Majnunlarning yo`ldoshi ham o`zingsan.
Laylilarning sirdoshi ham o`zingsan,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Kel-da, endi sog`intirmay odamni,
Sen yo`g`ingda bir g`am bosdi yelkamni,
Qorlar kurab ko`mib keldim otamni...
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Ko`king bilan kiyintiray dalamni,
Oyoqyalang suyuntiray bolamni,
O`zing olgin ko`ksimdagi alamni,
Ko`klamoyim ko`kingdan ber bir chimdim.

Ginam yo`qdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik bu qishdan,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Jon ustiga asrab yuray ko`kni men,
To`yib-to`yib ko`zga suray ko`kni men.
Yana senga yetamanmi-yo`qmi men,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim.

Dil yayrasin dala dashting yasanib,
Yalpizlaring suv bo`yiga yastanib,
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim!..


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

206 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ko'klam ozod soch oq bahor ko'k qor qo'yin chimdim ko'ngil binafsha kokil tol popuk boychechak yo'l fasl bosh majnun yo'ldosh layli sirdosh sog'inch odam g'am yelka ota dala oyoq bola alam gina kuz oqqush eshik qumri qish
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari