Sahifa yuklanmoqda . . .


Kenja botir va Semurg’

(O’zbek xalq ertagi)

Uch og‘a-ini ovga chiqibdi. Qosh qoraygach, bir o‘rmonzorga kelib yotishmoqchi bo‘lishibdi. Birinchi kun kechasi katta akasi poyloqchilik qilibdi. Yarim kechadan so‘ng uxlab qolibdi, qozondagi ovqatni kimdir yeb ketibdi. O‘rtancha og‘asi poyloqchilik qilgan kechada ham shu hodisa takror-lanibdi. Uchinchi kuni kechasi Kenja botir poyloqchilik qilibdi, yarim kechadan keyin uyqusi kelibdi. Shunda yonidan pichoqchasini olib, jimjilog‘ini biroz qonatibdi. Uning og‘rig‘iga chiday olmay uxlamabdi. Bir qancha vaqt o‘tgach, o‘rmon ichidan bir narsa chiqib, to‘g‘ri qozon tepasiga kelibdi. Kenja botir o‘zini panaga olib, kelgan narsani kuzatib turibdi. Bu maxluqning bo‘yi bir qarich, soqoli o‘n qarich ekan. U qozonda pishib turgan go‘shtlarni sekin olmoqchi bo‘lib turgan paytda Kenja botir qilich bilan shartta kallasini kesib tashlabdi. Kesilgan kalla dumalab keta beribdi, Kenja botir uni quvlab bora beribdi.
Kalla dumalab-dumalab borib, o‘rmon chetidagi bir o‘raga tushib ketibdi. Kenja botir bir belgi qo‘yib qaytib kelibdi, ovqatni pishirib qo‘yibdi.
Ertalab Kenja botir kechasi bo‘lgan voqeani akalariga aytib beribdi. Akalarini boshlab, kalla tushib ketgan o‘raning tepasiga olib kelibdi. Qarashsa, o‘ra juda chuqur ekan. O‘rtancha bilan Kenja og‘a-ini katta akasining beliga arqon bog‘lab, uni tushirishibdi. U o‘raning yarmiga borgach, “Dod, tortib olinglar!” deb baqiribdi. Ikki og‘a-ini uni tortib olishibdi. Keyin o‘rtanchasi beliga arqon bog‘lab tushibdi. U ham o‘raning yarmiga bormay: “Dod, tortib olinglar!” deb qichqiribdi. Uni ham tortib olishibdi. Nihoyat navbat Kenja botirga kelibdi.
Kenja botir belini mahkam bog‘lab akalariga: — Agar men, “dod” deb yig‘lab, baqirsam ham tortib olmanglar, arqonni bo‘sh qo‘yib, tushira beringlar! — debdi. Akalari “xo‘p” deb uni o‘raga tushiribdi. Kenja botir o‘raga tusha beribdi, tusha beribdi Yarim yo‘lda nafas olish og‘irlashib, dod degisi kelsa ham indamay, tishini-tishiga qo‘yib tushib bora beribdi. Bir vaqt uzun arqon ham tugabdi, yigit ham yer ostiga yetibdi. Yer osti qop-qorong‘i, zim-ziyo ekan. Yigit nima qilishini bilmay, timirskilab, emaklab, so‘qmoq yo‘l bilan boraveribdi. Biroz yurgach, bir shu’la ko‘rinibdi. Shu’laga qarab emaklab boraveribdi. Kenja botir yurib-yurib shu’la tushib turgan teshikdan yorug‘ bir hovliga chiqibdi, qaddini rostlabdi. Uzoqdan bir uy ko‘rinibdi. Uyning derazasi yoniga borib, quloq solib tursa, bir chiroyli qiz haligi kallani qo‘liga olib:
— Men sizga ehtiyot bo‘ling, har kuni yer yuziga chiqavermang, qo‘lga tushib qolsangiz sizni o‘ldirib qo‘yadilar, deb aytmabmidim. Mana endi mening aytganim keldi. Тanangiz yer yuzida qoldi, kallangiz mening qo‘limda. Endi nima qilamiz, — debdi. Shu payt Kenja botir qizning qoshiga kirib boribdi. Qiz qo‘rqib qochmoqchi bo‘libdi. Shunda Kenja botir:
— Qo‘rqmang, singlim, men sizni ozod qilgani keldim. Siz kimsiz, qayerliksiz, nima uchun bu yerda yashaysiz? — deb so‘rabdi. Avval qo‘rqqan qiz, yigitning mehribonligini ko‘rib, o‘zini bosib olibdi. Yigitga shunday javob beribdi:
— Men yer yuzidagi podshoning qiziman. Тog‘ sayrida yurganimda meni devlar o‘g‘irlab, shu yerga keltirishgan. Mana bu kalla Serka botirning xizmatkori, yer osti boyligining egasi ekan. Meni Serka botir xotin qilib olmoqchi edi.
Kenja botir qizdan:
— Kallaning joni qayerda? — deb so‘rabdi.
Qiz yigitni bir uyga olib kiribdi. Sandiqni ochibdi. Uning ichida kichkina quti, quti ichida paxtaga o‘ralgan bir qurt bor ekan. Uni ko‘rsatibdi. Yigit qurtni ezib o‘ldiribdi, kalla harakatdan to‘xtabdi. Kenja botir qirq hujraning kalitini so‘rabdi, qiz kalitni topib beribdi. Hujralarda turli mamlakatlardan olib kelingan qimmatli mollar, asboblar, durlar, gavharlar, zabarjadlar, yoqutlar, oltinlar, kumushlar bor ekan. Bularning hammasini sandiqlarga solib, yer yuziga chiqarib yubormoqchi bo‘libdi. U qizga:
— Men sizni yovuz kuchlardan qutqardim, endi yer yuziga olib chiqib qo‘yaman, — debdi.
Qiz:
— Xo‘p, — debdi. Yigit sandiqlarni ko‘tarib, o‘raning tagiga olib kelibdi. Arqonga bog‘labdi. Arqonni qimirlatibdi, akalari arqonni tortishibdi. Sandiqni ochib qarashsa, turli qimmatli mollar. Yana arqonni tushirib, tortishibdi. Yana sandiq ichida dur-u gavharlar...
Akalari yana arqonni tushirib, bir sandiqni tortib olibdilar. Uning ichini ochib qarashsa, bir qiz: oy desa og‘zi, kun desa ko‘zi bor, nihoyatda go‘zal. Aka-uka uni ko‘rib, hushidan ketay deb qolibdi. Ular yana arqonni tushirishibdi, arqonni tortib qarashsa Kenja botir chiqayotganini ko‘rishibdi. Shunda ikkisi maslahat qilishibdi. Katta akasi:
— Agar ukamiz chiqsa, bizga boylik ham, qiz ham tegmaydi. Shuning uchun arqonni kesib yuboraylik, — debdi. Ikkisi arqonni kesib yuborishibdi. Bechora Kenja botir yerga yiqilib tushibdi. Juda xafa bo‘lib: “Ha, men akalarimga yaxshilik qilsam-u, ular meni shu ahvolga tushirishdi-ya. Bu qanday gap bo‘ldi. Boshim omon bo‘lsa, axir yer yuziga chiqib murod-maqsadimga yetarman”, deb o‘ylabdi. Biroz o‘tirib damini olgach, hovliga qaytib kirib, u yerdan kerakli narsalarni olib, yer osti bo‘ylab yo‘lga chiqibdi. Bir qancha vaqt yo‘l yurgandan so‘ng uzoqdan “ho‘-ho‘k” degan tovush eshitilibdi. Тovush kelayotgan tomonga borsa, bir chol-dehqon qo‘sh haydayotgan ekan. Yigit cholning oldiga borib:
— Assalomu alaykum, ota! — debdi.
Chol:
— Sekin, sekin, o‘g‘lim, devlar sezib qolmasin, ko‘rib qolsa seni sog‘ qo‘ymaydi. Sen bu yerda nima qilib yuribsan. Axir bu yer odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan joy-ku! — debdi. Yigit cholga:
— Ota, men adashib qoldim, yer yuziga chiqish yo‘lini ko‘rsating! — debdi. Chol:
— O‘g‘lim, mana shu yo‘l bilan ehtiyot bo‘lib borasan. Uzoqda bir chinor ko‘rinadi. Shu chinorda Semurg‘ qushning uyasi bor. Shu kunda Semurg‘ bola ochadi. Semurg‘ bolalariga ovqat keltirish uchun ketganda bir ajdaho kelib bir bolasini yeb ketadi. Agar sen botir bo‘lsang, shu ajdahoni o‘ldirsang, balki Semurg‘ seni yer yuziga olib chiqib qo‘yar, — debdi. Yigit chol ko‘rsatgan yo‘l bilan chinor yaqiniga boribdi, o‘zini panaga olib yotibdi. Bir vaqt ajdaho o‘rmalab kelib, chinorga chirmasha boshlabdi. Semurg‘ bolalari ajdahoni ko‘rib chirqillashibdi.
Kenja botir sekin o‘rnidan turib, qo‘liga qilichini olib, chinor tagiga borib ajdahoni shartta ikkiga bo‘lib tashlabdi. Ajdaho o‘libdi.
Semurg‘ bolalari sog‘ qolibdi. Semurg‘ bolalaridan biri Kenja botirni o‘z qanoti ostiga olib saqlabdi. Kechga yaqin osmonda Semurg‘ guvillab uchib kelibdi. Semurg‘ bolalari onasiga bo‘lgan voqeani aytib beribdilar. Semurg‘ bolalaridan:
— Qani o‘sha sizlarni ajdaho changalidan qutqarib qolgan odamzod? — deb so‘rabdi. Kenja botirni qanoti ostida yashirib o‘tirgan Semurg‘ bolasi yigitni ko‘rsatibdi. Semurg‘ yigitga:
— Ey, odamzod, mening bolalarimni o‘limdan qutqarib qolibsan. Тila tilagingni, — debdi. Yigit Semurg‘dan yer yuziga olib chiqib qo‘yishini so‘rabdi. Semurg‘:
— Qiyin ishni so‘rading-ku. Ha, mayli, buning uchun ikki mesh tayyorla. Bir meshda suv, bir meshda go‘sht bo‘lsin. Men suv desam, go‘sht berasan, go‘sht desam, suv berasan. Men seni yer yuziga olib chiqib qo‘yaman, — debdi.
Yigit Semurg‘ning aytganiga rozi bo‘libdi. Uning hamma narsalarini tayyorlabdi. Semurg‘ qush ustiga meshdagi suv bilan go‘shtni joylab o‘zi ham chiqib olibdi. Semurg‘ parvoz qilibdi. Bir qancha vaqt o‘tgach, Semurg‘ yigitdan:
— Yer osti qanday ko‘rinyapti? — deb so‘rabdi. Yigit:
— Qutichadek, — deb javob beribdi.
Semurg‘ yana uchishni tezlatibdi. Biroz o‘tgach “Endi-chi”, deb so‘rabdi. “Danakdek” deb javob beribdi yigit.
— Endi oz qolibdi, — debdi uchib keta turib Semurg‘, — Suv! — debdi. Go‘sht tamom bo‘lgan ekan. Yigit shartta sonidan kesib Semurg‘ga beribdi. Semurg‘ uning mazasidan odam go‘shti ekanini bilib, tilining tagiga tashlab qo‘yibdi.
Semurg‘ uchib-uchib yer yuziga yetibdi. Yigitni ustidan tushiribdi. Semurg‘ yigitga:
— Keyingi bergan go‘shtni qayerdan olding? — deb so‘rabdi. Yigit:
— Meshdagi go‘shtdan, — debdi. Semurg‘ ishonmabdi.
— Mendan yashirma, to‘g‘risini ayt! — debdi.
— Meshdagi go‘sht tamom bo‘lgan edi. O‘ng sonimdan kesib bergan edim, — debdi.
Semurg‘ tili ostida saqlagan go‘shtni olib yigitning soniga yopishtiribdi. Keyin:
— Xayr, yigit, men seni yer yuziga olib chiqib qo‘ydim, — debdi-da, o‘z bolalari yoniga uchib ketibdi.
Yigit yer yuzida yura-yura ovora bo‘lib, o‘z akalari turgan o‘rmonga yetib kelibdi. Qarasa, ikkala akasi o‘rmondagi o‘sha o‘ra tepasida o‘tirgan emish. Тo‘ng‘ich akasi: “Qizni men olaman”, deb aytsa, o‘rtanchasi: “Men olaman”, der emish. Yigit akalarining janjallashib turgani ustidan chiqib qolibdi. Qiz Kenja botirni ko‘rgan zamonoq, unga o‘zini otibdi. Akalari hayron bo‘lib, uyalib qolishibdi. Ikki og‘a-ini Kenja botirga xiyonat qilgan bo‘lsa ham, u akalariga jazoni ravo ko‘rmabdi. Kenja botir ularga ham oltin, kumushlardan beribdi, o‘zi qizni nikohlab olibdi, murod-maqsadiga yetibdi.


Ushbu sehrli ertakni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2016, 31-Dekabrda yuklangan

99 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
og'a ini aka uka kenja botir semurg' o'rmon yuz arqon go'sht kalla o'ra bola ajdaho mesh poyloqchi qanot chinor kecha odamzod
Muallif
Xalq og'zaki ijodi

Xalq og'zaki ijodi

Batafsil


Yangi Sehrli ertaklar Xalq og'zaki ijodi Sehrli ertaklari Xalq og'zaki ijodi asarlari