Sahifa yuklanmoqda . . .


Iqror

(hikoya)

Politsiyada o‘tgan yigirma yillik faoliyatim davomida turli xil qotillik qurollarini ko‘rganman. Ularni sanab sanog‘iga yetish qiyin. Ammo Filip Esherni o‘ldirishgan quroldan ortiqroq dahshatli buyumni hali ko‘rmagandim. 

Bu inson bosh chanog‘i edi!

Biz Ed Kreyn bilan uni jasad yonidan topdik. Bir yoki ikki zarbadan so‘ng u xuddi tuxumdek yorilib ketgan, lekin Esherning bosh chanog‘i ham yorilishiga shuning o‘zi yetarli bo‘lgandi. Esherning boshidagi jarohatga qaraganda, zarba judayam kuchli bo‘lganligi aniq edi.

Men sigaret chekkancha uchta devori shiftgacha javonlar bilan qoplangan keng xonani ko‘zdan kechirdim. Ikkita javon charm muqovalari o‘ngib ketgan jild-jild kitoblarga to‘la bo‘lib, unchalik qiziqish uyg‘otmasdi. Uchinchi javon esa Meksika va Markaziy Amerika xalqlari san’atiga bag‘ishlangandi: idishlar, sopol va yog‘och haykalchalar, qurollar... Javon yonida katta yozuv stoli joylashgan bo‘lib, Esherga tegishli turli xil ma’lumotnomalar betartib yotar, ro‘parada yana bitta stol bo‘lib, uning ustida yozuv mashinkasi va diktofondan boshqa hech narsa yo‘q edi. Agar vaziyat boshqacha bo‘lganida men xonadagi qadimiy buyumlarni astoydil tomosha qilgan bo‘lardim, ammo ayni paytda menda bunday fikr yo‘q edi. Har qalay, boshi majaqlangan jasad va qonga belangan bosh chanog‘i – mudhish manzara. 

-Agar o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganimda bunga ishonmagan bo‘lardim,-ming‘irladi Kreyn.

-Men ham.

Biz xonadan Markaziy Amerika xalqlari muzeyining bo‘limini eslatadigan mehmonxonaga chiqdik. Eshik oldida bir politsiyachi tibbiyot eksperti va sherifni kutib turar, yana bir politsiyachi esa xona burchagidagi divan yonida u yoqdan bu yoqqa borib-kelardi. Divanda esa tizzalarini quchgancha Duglas Felkoner – kulrang shim va to‘q ko‘k rangli ko‘ylak kiygan ozg‘in, qirq yoshlardagi kishi o‘tirardi. U to‘g‘riga qaragancha shishalari qalin ko‘zoynagi ostidagi ko‘zlarini pirpiratar va ko‘rinishi beozor edi. Ammo yarim soat oldin aynan u politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, Filip Esherni o‘ldirganini aytgandi. Uning gapiga shubha qilishga hojat yo‘q edi, chunki o‘ng kafti va ko‘ylagi yengida qon dog‘lari qotib qolgandi. 

U marhumning shaxsiy kotibi bo‘lib ishlar va shaharning eng nufuzli hududlaridan birida joylashgan ispancha uslubdagi Esherning mana shu hashamatli villasida turardi. Uning aytishicha, qotillik g‘azab sababli yuz bergan, ammo nima uchun qotillik quroli sifatida g‘ayritabiiy buyumdan foydalanilganiga tushunolmay turardik. 

Felkoner bo‘shliqqa mavhum nigohini tikkancha o‘tirardi. Men uning yoniga kelib engashishim bilan u cho‘chib tushdi va menga qaradi. Ammo uning ko‘zlari hali ham ma’nosiz boqardi. 

-Xo‘sh, janob Felkoner,-so‘z boshladim men,-huquqlaringizni aytib o‘tdik, agar istasangiz, advokat chaqirishimiz mumkin. Hammasi qanday sodir bo‘lganini aytib berasizmi?

-Hammasini aytib bo‘ldim.-U xotirjam edi.-Esherni men o‘ldirdim. Avvaliga bu ishni o‘g‘ri sodir qilgandek qilmoqchi bo‘ldim, lekin bundan hech narsa chiqmasligini tushundim. Vaqtim yetarli edi, ammo yolg‘on gapirishga o‘rganmaganman. Bundan tashqari... menga baribir bo‘lib qoldi. Detektiv, men charchadim.  

-Nega bunday qildingiz?-so‘radi Kreyn.

Felkoner asta boshini chayqadi, biroq bu uning javob berishdan bosh tortayotganini anglatmasdi, bu harakati bilan u o‘zini qo‘lga olishga urinayotgani ko‘rinib turardi. Biz ertami-kechmi u hammasini aytib berishini bilardik, uni shoshirishning hojati yo‘q edi. Ammo baribir sabrim chidamadi:

-Nimaga uni bosh chanog‘i bilan o‘ldirdingiz? Aytgancha, buni qayerdan oldingiz?

U ko‘zlarini chirt yumdi, ammo darhol ochdi. 

-Esherning stoli ortidagi javondan. Uni urgan paytimda  Esher stolda o‘tirgandi. 

-U o‘z xonasida inson bosh chanog‘ini saqlarmidi?-so‘radi Kreyn.-Nima uchun?

-Unda o‘ziga xos hazil tuyg‘usi bor edi. Unga tashrif buyuruvchilarning o‘zini qanday tutishini ko‘rish yoqardi. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa Esher bu uning uchun memento mori ekanligini ta’kidlardi.

-Tushunmadim?

-Bu lotincha,-izoh berdi Felkoner.-«O‘limni yodda tut». Biz hammamiz oddiy banda ekanligimizni va bir kun kelib o‘lishimizni bildiradi. 

-Judayam noxush emasmi sizningcha?

-Filip Esher juda sovuqqon odam edi va hech narsadan qo‘rqmasdi. Hattoki o‘limdan ham. Qaysidir ma’noda o‘lim uning hayoti edi, chunki u yo‘qolib ketgan sivilizatsiyalarni o‘rganardi.

Kreyn ikkimiz bir-birimizga qaradik. 

-Batafsilroq gapirib bering,-dedim men.

-U yangicha ish olib boradigan antropolog edi, ya’ni kashfiyotlari orqali pul ishlardi. Kolumbgacha bo‘lgan Markaziy Amerika xalqlari madaniyati haqida bir nechta risola chop etgach, ko‘plab universitetlar uni ma’ruza o‘qigani chaqirishdi. Bu esa yaxshi pul degani.

-Siz uning kotibi bo‘lib ishlardingizmi?

-Ha, tadqiqotlarida yordam berardim, Meksikaning turli hududlariga uyushtirgan safarlarida birga bo‘lganman, yozganlarini tahrir qilardim, qo‘lyozmalarini oqqa ko‘chirardim.

-Qanchadan beri?

-Sakkiz yildan beri.

-Shu yerda yashaysizmi?

-Ha.

-Uyda yana boshqa odamlar ham yashaydimi?

-Yo‘q. Esherning xotini bir necha yil oldin ketib qolgan, boshqa qarindoshlari esa yo‘q.

-Siz boshlig‘ingizni o‘ldirishni ancha oldin rejalashtirganmidingiz?-so‘radi Kreyn.

-Shu kungacha uni o‘ldirish xayolimga ham kelmagan.

-Janjallashib qoldinglarmi?

-Yo‘q.

-Unda sizni qotillik qilishga nima majbur qildi?-hayron bo‘ldim men.

 Felkoner yana boshini chayqadi, so‘ng divan suyanchig‘iga o‘zini tashlagancha achchiq iljaydi.

-Iqror. Ha... Esherning iqrorlaridan biri.

-Marhamat, davom eting.

U og‘ir xo‘rsindi.

-Kecha men taniqli antropologlarning biridan xat olgandim. U yaxshigina maosh evaziga menga o‘z kotibi bo‘lib ishlashni taklif qilgandi. Men hammasini obdon o‘ylab ko‘rdim va ertalab «bunday omaddan yuz o‘girish ahmoqlik» degan fikrga keldim. Ammo o‘z qarorim haqida Esherga aytganimda u ishdan bo‘shashimga keskin qarshi chiqdi. U agar ishdan ketsam, tilimni tiyib yurishimga ishonolmasligini aytdi. Keyin esa agar bu yerda qolmaydigan bo‘lsam u «ma’lum bir harakat» qilishini aytib tahdid qildi. 

-To‘xtang,-dedim men.-Nima uchun tilingizni tiyib yurishingiz kerak edi?

-Olti yil oldingi voqea uchun.

-Olti yil oldin nima bo‘lgan?

Felkoner bir necha soniya jim o‘tirib qoldi, keyin bir yutinib olib ming‘irladi: 

-Uning xotini va xotinining jazmani o‘lgan... Esherning Pontreyn ko‘li yonidagi yozgi villasida.

-Ammo ikki daqiqa oldin uning xotini ketib qolganini aytgandingiz-ku!-dedi Kreyn.

-Nahotki? Bo‘lishi mumkin. Olti yildan beri shu gapni qaytaraverib o‘rganib qolibman. Aslida Mildred va uning jazmani Pontreyn ko‘li yaqinida o‘lgan.

-Xo‘sh-xo‘sh... Bu qanday yuz bergan?

-Ular gazdan zaharlanishgan. Bu voqea sentabrda bo‘lgan. O‘sha kuni ertalab Esher kutilmaganda villaga bormoqchi bo‘ldi, o‘sha paytda yozishni boshlagan kitobini hech yozolmayotgani uchun dam olib kelmoqchi ekan. U ertalab sakkizda ketdi, men esa qiladigan ishlarim borligi uchun bir soat keyin ketdim. Borsam, Esher ikkita murdaning tepasida turgan ekan. Ular-qo‘shni shtatda bo‘lishi kerak bo‘lgan Mildred va notanish erkak-yotoqxonada yarim-yalang‘och holda yotishardi. Esher ularni o‘lik holda topganini aytdi. Uning aytishicha, xona gaz hidiga to‘lib ketgan ekan, shuning uchun xonani shamollatibdi. Gazli isitgich nosozligi sababli bu fojia yuz bergan. 

-Siz bu gapga ishondingizmi?

-Ha, men karaxt bo‘lib qolgandim. Mildred eriga xiyonat qiladi deb hech qachon o‘ylamagandim. U yosh va go‘zal edi, ammo judayam kamtar...

-Esher-chi? U o‘zini qanday tutdi?

-Juda bosiq. Ammo politsiyaga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini aytganimda, u meni eshitishni ham istamadi. Gazetada bu voqea haqida xabar bosiladigan bo‘lsa uning obro‘si va ilmiy faoliyatiga putur yetarkan. Shunda men u holda nima qilishimiz kerakligini so‘radim. U xotirjamlik bilan jasadlarni ko‘l yaqiniga ko‘mishimizni aytdi. Keyin Mildredning ketib qolgani haqida biror narsa o‘ylab topadigan bo‘ldi. 

-Siz rozi bo‘ldingizmi?

-Boshqa nima qilishim mumkin edi?-yelkasini qisdi Felkoner.-Men qat’iy fe’lli emasman, buning ustiga o‘sha paytda Esherning gaplariga ishongandim. Ha, unga yordam berishga rozi bo‘ldim. Biz jasadlarni ko‘l bo‘yiga olib bordik va chuqur kavlab ko‘mdik. 

-Demak, siz bu sirni olti yil davomida saqlab kelgansiz,-dedi Kreyn.-Ammo bugun chidab bo‘lmaydigan darajadagi voqea yuz bergani uchun uni o‘ldirdingiz, shundaymi?

-Ha.

-Esher aytgan «harakat»… Sizni o‘ldirishini bildiruvchi tahdidmi?

Felkoner bosh silkidi. 

-U meni bu yerdan tirik chiqarmasligini aytdi. 

-Olti yil jim yurganingizni hisobga oladigan bo‘lsak, bu g‘alati tahdid.

-To‘g‘ri. Men ham shunday dedim.

-U-chi?

-U menga bor haqiqatni oshkor qildi,-dedi Felkoner.

Men bosh irg‘adim.

-Uning xotini va xotinining jazmani baxtsiz hodisa sababli o‘lmagan demoqchimisiz?

-U ularni yotoqxonada qo‘lga tushirgan va g‘azabi qo‘zib ketgan. Filip Esher ularni hushidan ketguncha do‘pposlagan. Agar yaxshi e’tibor berib qaraganimda ularning ko‘kargan joylarini ko‘rgan bo‘lardim, ammo u paytda... Keyin esa ularni bo‘g‘ib o‘ldirgan, ammo men kelgunimcha murdalarni yashirishga ulgurmagan va nosoz gazli isitgich haqidagi gapni o‘ylab topgan. Agar o‘shanda unga ishonmaganimda va yordam berishga rozi bo‘lmaganimda, u meni ham o‘ldirmoqchi bo‘lganligini o‘zi tan oldi. 

-Demak, siz aytgan «iqror» mana shu ekan-da?-so‘radim men.-Siz keyingi olti yil davomida nafaqat qotilning qo‘lida ishlaganingiz, balki unga jinoyat izini yopishga yordam berganingizni bilganingizdan keyin, buning ustiga u sizni ham o‘ldirishini aytgach, o‘zingizni tutolmay bosh chanog‘ini olib uning miyasiga tushirgansiz. To‘g‘rimi?

-Unchalikmas,-dedi Felkoner.-To‘g‘ri, uning iqrori meni gangitib qo‘ydi, chunki bu ishda men ham ishtirok etganman. Shundan keyin undan nafratlanib ketdim. Umuman olganda, men qo‘rqoqman, agar uning ikkinchi, asosiy iqrori bo‘lmaganida bu voqea yuz bermagan bo‘larmidi. Ammo...

-Jin ursin, Felkoner!-dedi Kreyn.-Yana qanaqa iqror?! Uni nega o‘ldirdingiz?!

-Chunki u bir ozdan keyin yana bir ish qilgan ekan. U bularning barini menga nima uchun aytganligini bilmadim, ammo u telba edi, bundaylardan esa hamma narsani kutish mumkin. Shunday emasmi?

-Bo‘lishi mumkin,-dedi Kreyn.

-Bilasizmi, Esher memento morini Meksikadan olib kelgan deb noto‘g‘ri o‘ylab yurar ekanman. U bu bosh chanog‘ini Pontreyn ko‘li bo‘yidagi chuqurdan kavlab olgan ekan. Shuning uchun uni o‘ldirishga qaror qilganimda bu ish uchun mos keladigan qurolni tanladim. Ayting-chi, agar siz pinhona va umidsizlik bilan sevib yurgan dunyodagi yagona ayolingizning bosh chanog‘i siz ishlaydigan xonada olti yil davomida har kuni sizga boqib turganini bilib qolganingizda nima qilgan bo‘lardingiz?

 

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi Detektiv hikoyalar Bill Pronzini Detektiv hikoyalari Bill Pronzini asarlari