Sahifa yuklanmoqda . . .


Insonni tushunish kerak...

Insonni tushunish kerak...
Sizni zor etib beparvo boquvchi,
Tushlaringizga kiradigan jodugar ko‘zlar
Balki mag‘rurlikdan,
Balki hayodan,
Sizga yulduzlardan olisroq erur.

Jur'at qiling bir oz, shirin-shirin so‘z toping,
Shabada, Nur, Osmon, Quyosh, Yer bo‘ling,
Uning orzusi bo‘ling, qayg‘usi bo‘ling —
O‘shanda yelkangizga boshini qo‘yib,
Hech kimga aytmatan ul aziz so‘zni
Ma'sum lablari-la balkim shivirlar:
"Sevaman!"

Insonni tushunish kerak!
May hidi anqigan g‘arib qahvaxona...
Odamlar, qadahlar, sigaret dudi,
Kimdir oriq, qaltiroq qo‘llari bilan
Cho‘ntagin ag‘darib (tamaki qoldig‘i to‘kilar)
Yagona so‘mini sarflar aroqqa.
Boring, qo‘lingizni yelkasiga qo‘ying,
Do‘stim, deng.
Aroqdan yaqin do‘st ko‘rmagan yurakka,
Bahor tashrif buyursa ajabmas.
Ajabmas, sarxush ko‘zlarda olov yonib,
Qo‘llari musht bo‘lib tugilsa,
"Men qaytdim yo‘limdan,
Men sen bilan birga,
Do‘stim..." desa ajabmas.
Insonni tushunish kerak!
O‘q yangradi. Endi Mayakovskiy ham yo‘q...
Hayron yuguradi muxlisbachchalar:
— Nimaga?
— Aqldan ozibdimi?
— Men ming yil yashardim o‘shancha shuhratim bo‘lsa...
Hamon fol ochishar, hamon lol qolishar...

She'riyatni qonday yurakdan siqib,
Kurashib, hayqirib yashash osonmi?
Dushman-ku, ko‘rinsa bo‘ladi pachoq,
Hayiqib qoladi hatto do‘stlar ham.
Yerdagi xudolik joniga tegib,
Mauzerni qo‘lga olgani mahal,
Kutgandir:
Najotkor bir kimsa kelib,
Ulkan shon-shuhratning soyasigamas,
Birodarlik uchun "qalaysan", desa.

Insonni tushunish kerak!
Kechirasizlar, orzumning qanoti uzunroq.
Bunday bo‘lmaydi...
Tuzalmas marazlar hali ancha bor...

Biroq menga tuyuladi:
Jami dushmanlarim,
Sevmaganlarim —
Men tushunmagan do‘stlarim.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 11-Aprelda yuklangan

141 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
inson tushunish parvo tush ko'z jodu mag'rurlik hayo yulduz jur'at so'z shabada nur osmon quyosh yer orzu qayg'u yelka bosh lab sevgi may qahvaxona odam qadah sigaret dud qo'l cho'ntak aroq do'st bahor
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari