Sahifa yuklanmoqda . . .


Imom Faxr Roziy bilan sulton Muhammad Xorazmshoh

(Imom Faxr Roziy bilan sulton Muhammad Xorazmshohning hammomda do‘stlik sham'ini yoqqanlari va imomning so‘zi bilan sultonning takabburlikdan voz kechgani)

 

Sirdonlar davrasining podshosi, dunyodagi barcha dindorlarning imomi Faxriddin Xorazmni o‘ziga oromgoh qilganda, uni ko‘rishga Xorazmshoh kelmadi. U so‘rab, buning oldiga kelmagandan keyin, ilmining qadr-qimmatini saqlab, bu ham bormadi. Shoh o‘z qilmishidan uyalib, pushaymon bo‘ldi. Lekin imom bunga parvo qilmadi. Orada ko‘p pardali gap-so‘zlar o‘tdi. O‘rtadagi parda esa ko‘tarilmagandan so‘ng bu gap-so‘zdan ne foyda.

Bir kuni imom hammomga tushgan edi. Shoh ham hammomga yo‘l oldi. Ular bir-birlari bilan ko‘rishib, shoh unga ochilib shunday savol berdi:

- Ey, o‘z ilmi bilan elni bahramand etgan, qiyomat ishlaridan bir xabar ber-chi. U kun qanday mashaqqatlar yuz beradi? Har bir kishining ahvoli nima bo‘ladi?

Shoh shunday ma'noli savolni bergan edi, kamolot egasi bunga shunday javob berdi:

- Ey qiyomat kunini bilishni orzu qilgan odam, qiyomat haqidagi savolga eng monand joy shu hammomdir. U yerda ham shoh bilan gado bir xil ahvolga tushib, shoh-u gado barchasi yalang‘och yuradi. Amaldorlar, kattalar hammasi senga o‘xshab, ichkariga kirgach, bor-u yo‘g‘i tashqarida qoladi. Ilm-u hunar egalari esa menga o‘xshab, nima yiqqan bo‘lsa, o‘zi bilan olib kiradi, vassalom. Sultonlikdan senga u kuni ko‘p foyda yo‘q, lekin menga ilmim tufayli yaxshilik ko‘p bo‘ladi.

Ey Navoiy, ilm, bilki, sening maqsadingdir. Endi ilmni yiqqan ekansan, unga amal qil.

Ey soqiy, doim menga shunday bodadan tutki, imom uni ko‘rib, darxol sajdaga bosh qo‘ysin. Undan kimki ichsa, Xorazmgina emas, Xorazmshoh ham uning oyog‘i ostidagi tuprog‘ bo‘ladi.


Ushbu hikoyatni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 21-Noyabrda yuklangan

45 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari