Sahifa yuklanmoqda . . .


Ikki qo'shiq

I

Bu dunyoda ayri bizlar,
Men kuzdirman, sen – bahor.
O’rtamizda yotar muzlar,
O’rtamizda qorlar bor.

Bu dunyoda ayri bizlar,
Sen quvonchsan, men – alam.
O’rtamizda bulbul bo’zlar –
Goho shodmon, goh purg’am.

Bu dunyoda ayri bizlar,
Men – chinor, sen – majnuntol.
Yaprog’imiz tinmay uzar
Xat tashuvchi — sho’x shamol.

Bu dunyoda ayri bizlar,
Sen hilolsan, men – quyosh,
O’rtamizda tunlar suzar,
Tonglar otar – beqiyos.

Bu dunyoda ayri bizlar,
Garchi oshiq va shaydo —
Ammo ohang va she’r kabi
Sen menda, men senda jo.

II

Oy yuzing aks etmayin
Bo’shab qoldi ko’zim endi —
Ikki qadam, uch qadammas,
Oramiz xo’b uzun endi.

Jafo bo’ldi ikkimizga,
Marjon edik – uzildik biz,
Yuk qo’shildi yukimizga,
Karvon edik, buzildik biz.

So’zim ko’pu aytay desam,
Yo’qdir senga so’zim endi.
Ikki qadam, uch qadammas,
Oramiz xo’b uzun endi.

Shamollarga sirim ochdim,
Toshga do’ndi shamollar ham,
Xayollarga sirim ochdim,
Yoshga cho’mdi xayollar ham.

Sen yoqlarga begonaman,
Begonadir izim endi –
Ikki qadam, uch qadammas,
Oramiz xo’b uzun endi.

Bahor kelmas,xazon bo’lmas,
Yulduz so’nmas samolarda,
Vojib bo’lmas — umid yo’qdir
Biz bo’zlagan duolarda.

So’zim ko’pu aytay desam,
Yo’qdir senga so’zim endi.
“Men sevaman” degan so’zdek
Oramiz xo’b uzun endi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

65 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari