Sahifa yuklanmoqda . . .
Uyalmasdan qo’ydim,
Baqirib
Minbarlardan she’r o’qimoqdan.
Holbuki, she’r –
Uyga chaqirib
Dilingdagi sirni do’stingga
Ochmoqdayin qutlug’ marosim.
U – vasiyat,
Ota qaysi bir
Farzandiga butun merosin
Qoldirmog’i bitib qo’yilgan.
U don izlab uchgan,
Qaytganda
Palaponin topa olmagan
Ona qushning qichqirig’idir…
1989
O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.