Sahifa yuklanmoqda . . .


Gul haqida qo'shiq

(Nikolas Gil`en mavzuida)

Bilasizmi, ba’zan tunlari
sog’inaman sizni judayam…
Istayman men shunda:
Tun kabi
Sizni mahkam bag’rimga bossam.

Istayman men: tomchi
yosh bo’lib
Yuzingizdan o’tsam sirg’alib.
Rashk qilaman sizni: qanchalar
Chiroyingiz ochar sirg’alar.

Shamol sochgan sochlaringizning
Olovida ketsaydim kuyib.
Kechalari bosib bag’rimga,
Umr qisqa ekanin tuyib –

Dalli, telba bo’lgim keladi
Ishqingizdan, hasratingizdan.
Va sog’inchdan o’lgim keladi
Ko’zim uzmay suratingizdan.

Bola bo’lib qolsamu sizni
Yig’lay deyman mahkam quchoqlab,
O’lgim,
O’lgim,
O’lgim keladi
O’z-o’zimni tig’lab, pichoqlab.

Qonimdan-da bir gul undirib
(Bahorningmas, bo’lsin kuzniki)
Shivirlagim keladi asta:
“Oling, oling…
Bu gul sizniki!..”

1986


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

24 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari