Sahifa yuklanmoqda . . .


"Go‘zalim, bevafo gulistonim..."

Go‘zalim, bevafo gulistonim,

Bog‘i umrimda toza rayhonim,

G‘am-u qayg‘ularim hujumindan

Sen eding mehribon nigahbonim.

 

Meni behuda tashlading-ketding,

Nega o‘ldirmading-da, tark etding.

 

Kel, gulim, kel, ayoqingg‘a yiqilay,

Bir zamon qo‘y: to‘lib-toshib yig‘lay.

Qo‘y, biroz qo‘yki, xoki poyingni

Surmadek yoshli ko‘zuma suray.

 

Ketma, tur, tingla arzi holimni,

Arz etay holi purmalolimni.

Qani ul damki, sen eding yorim,

Munisim, hamdamim, madadkorim.

 

Sening og‘ushi iltifotingda

Rohat etmishdi jismi bemorim.

Meni behuda tashlading-ketding,

Nega o‘ldirmading-da, tark etding.

 

Kel, ayoqingg‘a qon bo‘lub to‘kulay,

Bir nafas dardi hajrdan qutulay.

Kel, go‘zal dilbarim, kel, sochingni

Bir taray, bir o‘pay-da, so‘ngra...

 

Meni behuda tashlading-ketding,

Nega o‘ldirmading-da, tark etding.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 15-Yanvarda yuklangan

429 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
go'zal vafo gul bog' umr rayhon g'am qayg'u hujum mehr o'lim oyoq zamon yig'i xok poy surma yosh ko'z arz hol malol yor munis hamdam madad og'ush iltifot rohat jism bemor qon nafas dard hijron dilbar soch
Muallif
Abdurauf Fitrat

Abdurauf Fitrat

(1886-1938) Abdurauf Fitrat o‘zbek xalqi hayotida XX asr tongida boshlangan Yangi Milliy Uyg‘onish davri va uyg‘onish adabiyotining buyuk vakilidir. Fitrat o‘zbek adabiyotini istiqlol ruhidagi ajoyib she’rlar, publitsistik maqolalar, nasriy asarlar, dramalar hamda tilshunoslik va adabiyotshunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan teran tadqiqotlar bilan boyitdi.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdurauf Fitrat She'rlari Abdurauf Fitrat asarlari