Sahifa yuklanmoqda . . .


Eski shaxhar

Bibixonim dahmasi xarobasida
so’nggi bor etar va so’nar quyosh.
Uyg’ona boshlaydi kun nafasidan
mudrab, uxlab qolgan qora qabrtosh.

Tor, qiyshiq ko’chalar adashib qolib,
ilondek o’rmalar nurafshon tunda.
Tovlana boshlaydi qayg’uga to’lib
“Ziji Ko’ragon”ning aksi osmonda.

Mudrar sezgir qushlar butoqlar aro,
ularning uyqusin buzar shamollar
va qaysar eshagin niqtab besado
uyga qaytayotgan bozorchi chollar.

Tomga uchib tushgan yorqin bir yulduz
kuydira boshlagan paytda o’tlarni,
munkaygan chol kabi qarigan kunduz
Shohizinda tomon pisib o’tardi…

Eski shahar uxlar, mudragan toklar
paxsa devorlarni mahkam quchoqlar.
Uxlaydi bozorda qovunu-noklar,
armonga aylanib muattar bog’lar.

Tungi sukunatda to’kilar yerga
yillar nafasidan nam tortgan sho’rxok.
Boladek mo’ltirab boqar shaharga
bir chetda biqinib olgan mitti bog’.

1979


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

23 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari