Sahifa yuklanmoqda . . .


Ertaklardan biri

Men Garsia Lorka…
balki Rauf Parfi …
yo‘q-yo‘q, Takuboku …
menimcha, Cho‘lponning
she’rini o‘qiyotgandim —
nigohimni to‘xtatdi
so‘zlarning biri…

Ko‘z oldim yorug‘lashdi .
“Nahot, eshitmagan bo‘lsang meni”, — dedi
so‘zlarning biri.

“Yo‘q”,-deya bosh chayqasam,
qiqirlab kuldi
so‘zlarning biri.

“Demak,hali dunyoni bilmas ekansan”,- dedi
so‘zlarning biri.

So‘ng qo‘limdan ushlab,
yetaklab ketdi
so‘zlarning biri…

Daryo kechdim, tog‘ oshdim,
ufqlar tomon shoshdim —
sovuq qotsam, isitdi,
och qolsam,nonga,
chanqasam suvga aylandi
so‘zlarning biri…

Yuksak-yuksaklarga talpinib bordim –
Qo‘llarimdan ushlab boraverdi
so‘zlarning biri…

“Olis-olislarda bitta vodiy bor —
unda quyosh bor,
mehr bor,
muhabbat bor.
Qalbing o‘sha yerda”,- dedi
so‘zlarning biri…

* * *

Tong bilan oqshomning qoq orasida,
Pahlavon Mahmudning maqbarasida
Go‘yo o‘qiganday ishqqa qasida
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

6632.jpg

Ichanqal’a aro qancha kezmayin,
Ularning tovushi taralar mayin —
Dunyoni sezmayin, dunni sezmayin,
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Ko‘ksimda uyg‘ondi keksaygan titroq,
Axir, sen mendan-da qanchalar yiroq,
Ko‘zlaring yodimga solgancha,biroq
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Bu ikki dunyoning surati edi,
Odamu Havoning siyrati edi.
Ikki dil ishqining qudrati edi –
Bir-birini suygan ikki kabutar.

Yo Layli-Majnunning ruhi edimi,
Yo Oshiq G‘aribning ohi edimi,
Yo ko‘kdan ishora – yohu edimi –
Bir-birini suygan ikki kabutar.

Uyg‘ondi yuragim unutgan xatar,
Ko‘rindi men senga bitmagan xatlar,
Mendan-da bexabar, sendan bexabar
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Ay, mening omonim, mening qurbonim,
Axir, sen eding-ku mening darmonim,
Ko‘rindi ko‘zimga misli armonim –
Bir-birin erkalab turgan kabutar.

Sochga oq tushganda armon befoyda,
Bugun sen boshqa-yu,men boshqa joyda,
Ammo, ishq boqiy deb oniy dunyoda
Bir-birin erkalar ikki kabutar.

Necha oylar o‘tdi,
Necha kun o‘tdi,
Sirlarimni olib necha tun o‘tdi,
Hamon ko‘z o‘ngimda bir juft ishq o‘ti –
Bir-birin erkalar ikki kabutar….


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
25-Noyabrda yuklangan

35 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari