Sahifa yuklanmoqda . . .


Dunyo darixi va chumoli

Atlantida cho’kdi.
Suv yutdi uni,
So’ngdi necha dilning orzu-xayoli.
Dengiz ko’pigida ilinib qolib
Faqat tirik qoldi bitta chumoli.

U jangu-jadalda yelgan kemalar
Eshgagiga chiqib zaminga yetdi.
Qilichlar qinidan chiqdi va shahar
Poyida sovutlar jaranglab ketdi.

Qattol Heraklni ko’rib qo’rquvga
Tushganda Troya erkak-ayoli,
Axey kemasidan bir ushoq donni
Yelkalab sohilga chiqdi chumoli.

Troya quladi
Herakl o’ldi,
Qoniga bulg’andi mard Agamemnon.
Ammo ushoq donni yelkalab olgan
Chumoli manzilga yetmasdi hamon.

Chilvirni bir zarb-la qirqdi Iskandar –
Jahon ham tiz cho’kdi uning poyiga.
Osiyo ustiga qo’zg’aldi xatar,
O’qlar uchdi Sharqning to’lin oyiga.

Parfiya quladi.
Baqtriya yakson,
Tuproqqa qorishdi Turon kamoli.
Ammo ushoq donni yelkalab hamon
Safari qarimay borar chumoli.

Uchdi insoniyat qora mo’ridan –
Osventsim.
Maydanek,
Zaksenxauzen...
Men hamon eshitib qolaman birdan
Xirosimaning faryod solgan ovozin.

Men hamon eshitib qolman… Birdan
Olisda sovutlar jaranglab ketar…
Donni yelkalagan chumoli esa
O’rmalar… U qachon manzilga yetar?!

1984


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

94 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari