Sahifa yuklanmoqda . . .


"Devonul lug'atit-turk" ohanglari

1

Ketaman “Devonul lug’atit-turk”ka,
Hasratim, quvonchim olib ketaman.
Moziyni bugunga, zaminni ko’kka,
Qalbimni “Devonul lug’atit-turk”ka
Ulay deb ketaman, bir kun yetaman.

Qoyalarga chiqib qushdek boqaman,
Ko’kshin yaproqlarda nurdek oqaman.
Qora ko’k chodirin so’z bilan tilib,
Mangraygan chaqmoqni olaman yulib,
Ko’ksimga tilmochdek una taqaman.

Qop-qora tun chiqib kelar botordan,
Qip-qizil kun chiqib kelar tug’ordan.
Ularga basma-bas yelib boraman,
Boychechaklar chanqab chiqar qoshimga,
Tomirimni yorib, qonim beraman.

Arko’zlardan hatlab, soylarni ichib,
Yatika shu’lasin bolamdek quchib,
O’tloqlar qo’ynini ohudek kechib
Yetaman – eshikni asta chertaman,
Koshg’ariy chiqadi eshikni ochib.

U aytmas: – Shayton, – deb, u aytar: – Bayot.
U aytmas: – O’lim, – deb, u aytar: – Hayot.
U aytmas: – Kecham, – deb, u aytar: – Ertam.
U aytmas: – Bugunim. Aytar: – Budunim.
— Xayr! – demas. – Salom, – der, – salom, nabiram!

II

“Devonul lug’atit-turk”da quyosh sochar nur,
Ko’kshin yaproqlarda yangraydi bahor.
Tumanlar siljiydi misli oq uyur,
Barchin bulutlaru o’tloqlar bedor.

“Devonul lug’atit-turk”da sayrar sandovuch,
Totlig’ qo’shiqlarin aytar sunduloch.
Qarg’iloch aylanur, qimiz to’la mesh
Shivirlar: – Sog’inchni so’qmoqlarga soch!

“Devonul lug’atit-turk”da oqarar tunlar,
Yabkinlar qo’ynida yelar qulunlar.
Yam-yashil o’tlarni qo’mitgan shamol
Yomg’ir taqib ketgan durlarni yular.

“Devonul lug’atit-turk”da ochun yorug’dir,
Yo’llar xo’b uzundir, yulduzlar yirik.
Yetmoqlik – gumondir, ketmaklik – zarur,
Yuraklar – dolg’ali, orzular tirik.

1981

* * *

“Devonul lug’atit-turk”ni o’qiyman…
Va derazam Alpomish tutgan
Sovut misol tovlanar shomda…

Ostonamning oldidan yerni
Titratgancha, g’amni unutgan
Alp yigitlar o’tar oq otda…

Qog’ozlarning shitirlashimas,
To’qaylarning sasi tegramda
Yangrar – uni tinglar koinot.

Manjaniqlar xarsang otadi,
Hilol chiqib, quyosh botadi,
Yuragimda tinar koinot…

“Devonul lug’atit-turk”ni
Mahkam bosib ko’ksimga, g’urub
Tomon bo’zlab chopib borurman.

Shopmo’ylovli badmast sallotlar
Tinmay quvib kelar ortimdan, —
“Devon”nimas, jonni berurman…

Bobom boqar qabridan turib,
Chaqmoq porlar zulmatni yorib,
Varaqlayman har porlaganda.

Va oniy nur yoritgan so’zni
O’qirkanman qadimiy tilda,
Buyuk bir his uyg’onar dilda…

1984


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

27 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari