Sahifa yuklanmoqda . . .


Derazangni chertganida yomg’iru shamol

Derazangni chertganida yomg’iru shamol,
Meni yodga olurmisan, ey yolg’iz ayol.
Uzun tunlar qiynaganda cheki yo’q xayol,
Meni yodga olurmisan, ey go’zal ayol?!

To’kilganda dardim kabi bargu xazonlar,
Ko’z oldingni to’sganida qora to’zonlar,
Sog’inchingni yashirolmay subhi azonlar,
Meni yodga olurmisan, ey go’zal ayol?!

Qizarganda shaftolining oq g’unchalari,
Bog’chalarda sarg’ayganda kuz chechaklari,
Kuz shomlari, yoz tunlari, qish kechalari,
Meni yodga olurmisan, ey yolg’iz ayol?!

Derazangni chertganida yomg’iru shamol,
Og’ushiga olganida cheki yo’q xayol,
Sochlaringdan sirg’alarkan qirmizi ro’mol,
Meni yodga olurmisan, ey go’zal ayol?!

Yodlaringga olurmisan sirli damlarni,
Yodlaringga olurmisan shirin g’amlarni,
Yoqib qo’yib tun qo’ynida yoki shamlarni
Meni yodga olurmisan, ey go’zal ayol?!


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
25-Noyabrda yuklangan

24 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari