Sahifa yuklanmoqda . . .


Chinlik nozanin va uning oshiqlari

(Chin o‘tlog‘idagi bir mushkin ohuning sherlarni ovlagani, majruh ovlarning uning tuzog‘iga ilinib, sher panjasidan ajal tuprog‘i bilan barobar bo‘lgani)

 

Chin mamlakatida bir nozanin bor edi. Uning suratini chizishga Chin rassomi ham ojiz edi. Yuzining gulzori Xo‘tan diyorini eslatardi; ko‘zi shu gulzorda yurgan mushkin ohuga o‘xshardi. Nurli yuzi Chinda chizilgan suratdek bo‘lib, gajagi Xo‘tan mushkidek xushbo‘y edi. Shafqatsiz g‘amzalari jonlarni asir qilar, hatto unga Xitoy mamlakatining xonlari ham asir edi. G‘amzasining o‘g‘rincha harakatlaridan Chin xatarda; sochi zunnoridan din ziyon topardi. Dunyodagi odamlar uning husniga oshiq-u hayron; zamon shohi ham uning zulfiga giriftor edi. Bir nafas usiz nafas olmas edilar; u bo‘lmasa jonsiz bo‘lib qolib, nafas olish mumkin bo‘lmay qolardi.

U gulyuz maydonga chiqqanda go‘y va chavgon o‘ynashga berilar edi. Xon o‘zi unga hamroh bo‘la olmagani uchun bir necha soqchilarni unga qo‘shib yuborar edi. Biron kishi unga ko‘z olaytirsa yoki uning haqida bir narsa desa, maxsus noyiblar uning aybini xonga aytar edilar; xon hukmi bilan undan qasos olinar edi. Biron kun yo‘q ediki, qanchadan qancha oshiqlar shu xildagi balodan halokat topmagan bo‘lsin.

Kunlarning birida uning qiliqlarini sevib qolgan bir oshiq ishq-muhabbat yo‘lida sodiqlik ko‘rsatib, uning dard-u hasratidan yillar davomida qon yutib, qon ham emas, hijron mayini ichib, oshiq xasday bir go‘shada yotganida, yonidan sevgilisi ot o‘ynatib o‘tib qoldi. Visol kayfi kuchli, oshiq esa zaif edi. Oshiq chidayolmay hushidan ketib yiqildi. Tayinlangan odamlar birinchi bo‘lib oshiqni, qolabersa boshqalarni xonning oldiga olib kelishdi. Xon bu bechora mazlum asirlarni ko‘rib o‘ldirish haqidagi hukm bilan ularga g‘azab qildi:

- Bularning hammasini yer bilan teng eting, paxsaning orasiga olib, ulardan devor qiling, yuzlari devordan tashqariga chiqib tursin; hamma tomondan xalq ularni ko‘rib, ibrat olsin. Bu qahrdan odamlar hisob olib, ular ko‘p azob chekib o‘lsin.

Jazolovchilar bu buyruqni bilib, hukm qanaqa bo‘lsa, o‘shanday bajardilar. Zarrin ohu[1] tog‘ orasiga yashiringach, yengil shabada xo‘tan mushki[2]ni socha boshladi.

Dasht yerda bazm qurgan xon otlanib shahar tomon yo‘l oldi. May boshini, ishq o‘ti badanini qizdirar edi. Shaharning nozanini ham yonida edi. Ularning yo‘li haligi paxsaning oldidan o‘tdi. Har tomondan yuz xil nola va faryod eshitilar edi. Xusumatkor shoh odamlarini qoldirib, o‘sha tomonga bordi. U jazoga buyurilganlarning ishq yo‘lida qanchalik mustahkam tura olishlarini bilmoqchi bo‘ldi. Paxsaning orasida bir to‘da tutqunlar ko‘rindi. Ularning har biri o‘z ahvoliga yig‘lar edi. Ularning hammalari pushaymon bo‘lib turgan edilar. Faqat bir o‘sha sof ko‘ngil oshiq ishqning bu balolariga yaxshi qarab, yuzi kasalmand, sarg‘aygan, yomon bir ahvolda, devor orasida bir somon kabi turar edi. Har lahza Tangriga sano aytib, shukr qilishni joyiga qo‘yardi:

- Shu fursatda mening jonim chiqyapti. Yorning g‘ami esa buni osonlashtiradi, - derdi u. Umridan ikki-uch nafas qolganda ham, u yor so‘zini so‘zlardi, xolos. Tilida ham yor edi, so‘zida ham, og‘zida ham yor edi, ko‘zida ham. Zolim hukmdor uni ko‘rib, ko‘ngliga ishq o‘ti ta'sir qildi; uni o‘limdan xalos etib, yorning haramiga xos mahram qildi.

Ishq balolariga shukr qilgani uchun, boq, u qanday ulug‘, yuksak martabaga erishdi. Bu nafasni, Navoiy, g‘animat bilib saqla, lekin har nafasda shukr ham qil.

Soqiy, alvon may yo‘lida o‘ldim; may demagin, chinlik bir sanam uchun o‘ldim. Chiniy qadahlar tutib, meni mast et; Chin odamlari kabi bodaparast qil.

 


[1] Zarrin ohu - quyosh deyilmoqchi.

[2] Xo‘tan mushki - qora tun ko‘zda tutiladi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 23-Noyabrda yuklangan

98 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari