Sahifa yuklanmoqda . . .


Buzilgan o'lkaga

Ey, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka,

Nega sening boshing uzra quyuq bulut ko‘lanka?

Ujmohlarning kavsaridek pokiza.

Sadaflarning donasidek top-toza.

Salqin suvlar tog‘dan quyi tusharkan,

Tomchilari yomg‘ir kabi ucharkan,

Nima uchun yig‘lar kabi ingraylar?

Yov bormi, deb to‘rt tarafni tinglaylar?

Tabiatning o‘tini yo‘q o‘tida,

Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar

Har qorong‘i, qo‘rqinch tunning betida

Shifo istab kelmasin der, qo‘noqlar.

Bu nega?

Ayt menga.

Ko‘m-ko‘k, go‘zal o‘tloqlaring bosilg‘on,

Ustlarida na poda bor, na yilqi,

Podachilar qaysi dorga osilg‘on?

Ot kishnashi, qo‘y ma’rashi o‘rniga

Oh, yig‘i,

Bu nega?

Tumorchalar, hamoyillar taqingan.

Dalalarda lola bargi yopingan,

Tog‘-toshlarda o‘yin qilgan,

Chopingan

Go‘zal qizlar, yosh kelinlar qayerda?

Javob yo‘qmi ko‘klardan-da, yerdan-da,

Xarob bo‘lgan eldan-da.

Ot minganda qushlar kabi uchguvchi,

Erkin-erkin havolarni quchguvchi,

Ot chopganda uchar qushni tutguvchi,

Uchar qushday yosh yigitlar qayerda?

Tog‘ egasi: sor, burgutlar qayerda?

Sening qattiq sirt-bag‘ringni ko‘p yillardir ezganlar,

Sen bezsang-da, qarg‘asang-da ko‘kragingda kezganlar,

Sening erkin tuprog‘ingda hech haqqi yo‘q xo‘jalar,

Nega seni bir qul kabi qizg‘anmasdan yanchalar?

Nega sening qalin tovshing «ket» demaydi ularga?

Nega sening erkli ko‘ngling erk bermaydi qo‘llarga?

Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?

Nega sening turmushingda umidlarning o‘lishi?

Nega yolg‘iz qon bo‘lmishdir ulushing?

Nega buncha umidsizdir turishing?

Nima uchun ko‘zlaringda tutashguvchi olov yo‘q?

Nima uchun tunlaringda bo‘rilarning qorni to‘q?

Nima uchun g‘azabingni uyg‘otmaydi og‘u — o‘q?

Nima uchun borlig‘ingda bu daraja buzg‘unlik?

Nima uchun o‘ch buluti sellarini yog‘dirmas?

Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?

...Kel, men senga qisqagina doston o‘qiy,

Qulog‘ingga o‘tganlardan ertak to‘qiy.

Kel, ko‘zingning yoshlarini so‘rib olay...

Kel, yarali tanlaringni ko‘rib olay, to‘yib olay...

Nima uchun ag‘darilgan, yiqilgan

Og‘ir tojning zahar o‘qi ko‘ksingda?

Nima uchun yovlaringni bir zamon

Yo‘q qilgunday temirli o‘ch yo‘q senda?

Ey, har turli qulliklarni sig‘dirmagan, hur o‘lka,

Nega sening bo‘g‘zingni bo‘g‘ib turar ko‘lanka?

1921

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Yanvarda yuklangan

1524 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
o'lka tog' ko'k salom bosh bulut ko'lanka ujmoh kavsar sadaf dona suv tomchi yomg'ir yig'i tabiat yov taraf o't buloq tun shifo o'tloq poda yilqi dor ot qo'y dala lola qiz kelin yigit burgut
Muallif
Abdulhamid Cho'lpon

Abdulhamid Cho'lpon

(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulhamid Cho'lpon She'rlari Abdulhamid Cho'lpon asarlari