Sahifa yuklanmoqda . . .


Bo'ri bilan tulki

(O’zbek xalq ertagi)

Bo‘ri bilan tulki ikkovi do‘st tutingan ekan. Bir kuni tulki bo‘rining oldiga kelibdi, bo‘ri juda ochiqib turgan ekan, tulkiga qarab:
— E, do‘stim tulki, yaxshi kelding, qani yur, meni biror joyga olib bor va qornimni to‘yg‘azib, xursand qilib kelgin, — debdi.
Tulki «xo‘p» debdi-yu, oldinga tushib, ketidan bo‘rini ergashtirib ketaveribdi. Borib-borib, ular bir yerda to‘yga ketayotgan yetti-sakkizta xotinga yo‘liqibdilar. Hammasining qo‘lida tugilgan dasturxon bor ekan. Shunda tulki bir yumalab bedana bo‘libdi va haligi xotinlarning oldiga tushib yo‘rg‘alay boshlabdi.
Uni bir xotin ko‘rib:
— Ie, anovi bedanani qaranglar, uni men bolamga tutib beraman, —debdi-da, qo‘lidagi dasturxoshga yerga qo‘yib, bedanani quva ketibdi, ular orqasidan yana biri quvlabdi.
Shunday qilib, xotinlarning hammasi quvib ketaveribdi. Tulki bo‘lsa, ularning oldiga tushib yo‘rg‘alayveribdi. Xotinlar yetay-etay deganda, «pirr» uchib, yana bir tomonga tushar emish. Shunday qilib tulki bularni aldab ergashtirib ketaveribdi.
Bo‘ri bo‘lsa, tugunlar ichidagi ovqatlarni maza qilib yeb, qornini to‘ydirib jo‘nabdi. Xotinlar bedanaga yetolmay charchab, yo‘ldan qaytib kelishsa, tugunlar qup-quruq emish. «Voy sho‘rimiz qurdi, «Oyimbuvi ovga chiqdi, ketidan g‘ovg‘a chiqdi» deganday, bu nimasi ekan!» deb dod deganlaricha qolaverishibdi.
Tulki aylanib borsa, bo‘ri bir joyda dam olib yotgan emish.
Tulki bo‘riga qarab:
— Ha, o‘rtoq, — debdi.
Bo‘ri unga:
— Ha, qornim juda ham to‘yib ketdi, dam olib yotibman, — debdi.
Ertasi kuni tulkiga bo‘ri shunday debdi:
— O’rtoq, kecha meni juda xursand qilib yubording, endi bugun sal xafa qilib qo‘ygin.
Bunga javoban tulki:
— Xo‘p bo‘ladi, qani yur bo‘lmasa, — deb bo‘rini bir boqqa boshlab boribdi.
Bog‘ning devori tagida bir ombor bor ekan, shu ombordan ikkovlari siqilib zo‘rg‘a ichkari kirishibdi. Qarashsa, hamma yoq uzumga to‘lib-toshgan, hech kim yo‘q emish. Vaqtni g‘animat bilib, ikkisi uzumxo‘rlikka zo‘r beribdi. Bir vaqt tulki qornini obdan to‘ydirib, ikki dona g‘ujumni ikkala burniga tiqib, bo‘rining oldiga boribdi:
— E do‘stim, mana men judayam to‘ydim, azbaroyi to‘yganimdan uzum burunlarimdan chiqib ketdi. Bo‘l, yaxshilab yeb, obdan to‘yib ol, — debdi.
Bo‘ri shoshib-pishib yeyaveribdi. Axiri qorni shishib ketibdi, lekin burnidan chiqmabdi.
— Qani, burnimdan chiqmadi-ku? — debdi u. Tulki bo‘rining tumshug‘ini ko‘tarib qarab:
— Hu ana, ko‘rinib qolibdi, yana bir oz yesang chiqadi, — debdi.
Bo‘ri yana yeyaveribdi, qorni rosa ko‘pchib, axiri o‘zini tutib turolmay yotib qolibdi. Tulkiga ana shugina kerak ekan. U, yugura borib, devorga chiqibdi-da:
— Uzumga o‘g‘ri ketde-e-e, uzumga o‘g‘ri ketde-e-e! — deb qichqiribdi.
Uning tovushini bog‘bon eshitib, so‘yil ko‘tarib kelib qolibdi. Bo‘ri lapanglab borib, boyagi omborga suqilgan ekan, sig‘mabdi. Devorga tirmashsa, chiqolmabdi. Bog‘bon uni o‘lasi qilib savalabdi, bo‘rining yegan uzumlari og‘iz-burnidan chiqib, axirida kaltak zarbidan sulayib kolibdi. Bog‘bon bo‘rini o‘ldiga chiqarib, tashlab ketibdi. Bir vaqt bo‘ri hushiga kelibdi. Qarasa, ombor og‘zida yotgan emish. Yonida hech kim yo‘q emish, tura solib devordan oshib, bir chekkada ingrab yotaveribdi.
Bir vaqt tulki kelibdi, bo‘rini ko‘rib, undan:
— Ha, do‘stim, nima bo‘ldi? — deb so‘ragan ekan, bo‘ri bazo‘rgina ingrab:
— Ha, do‘stim bo‘lmay o‘l. Bir oz xafa qilib qo‘ygin desam shuncha xafa qilasanmi? — debdi,
Tulki:
— Birodar, bog‘ egasining seni bunchalik urishini qaydan bilay? — debdi.
Bo‘ri yurolmasdan shu yerda qolibdi. Tulki ketibdi.
Ertasi kuni tulki o‘ynab yurgan ekan, bir joyda katta tosh yotgan emish, uning yonida bir qo‘yning kart dumbasi ham bor emish. Unga qarab tulki: «Bunda bir sir bo‘lsa kerak. Oldin uni o‘zim yemayinu, bo‘rini ro‘para qilayin», debdi. Keyin bo‘rining oldiga borib:
— O’toq, qorning qalay? — deb so‘ragan ekan, bo‘ri:
— Qornim och, — debdi. Tulki:
— Bo‘lmasa men bir qo‘y so‘yib, go‘shtini yedimu, yog‘i qoldi. Borib sen shuni yesang-chi, — deganda, bo‘ri:
— Bu gaping juda ma’qul, chunki kechagi kaltakdan ichak-bag‘rim uzilib, haligacha hech narsa yeganim yo‘q edi, — debdi.
Bular ikkisi bir tomonga qarab jo‘nashibdi. Bir joyga borganda, tulki uzoqdan turib yog‘ni ko‘rsatibdi. Bo‘ri:
— Yur, birga boramiz, — debdi. Tulki:
— Qo‘y, meni ovora qilib yurasanmi, o‘zing borib yeb kela qol, — deb bormabdi.
Bo‘ri borib qarasa, qo‘yning kart dumbasi yotgan emish. Shoshilib borib tishlab tortgan ekan, «part» etib, tumshug‘idan qopqonga ilinibdi. Shunda tulki yugura kelib, hadeb yog‘n yeyaveribdi. Uzoqdan buni ko‘rib turgan ovchi to yugurib kelguncha tulki qochib ketibdi. Ovchi kelib qarasa, qopqonga ilingan bo‘ri ekan.
— Ie, men tulki desam, sen ekansan-da, — deb bo‘rini obdan kaltaklab, keyin bo‘shatib yuboribdi.
Bo‘ri bundan qutulib qorni och ketayotgan ekan, yo‘lda bir qo‘zini uchratibdi, unga qarab:
— Hoy qo‘zi, seni yeyman! — debdi. Qo‘zi qo‘rqa-pisa:
— E taqsir, oldin siz Karim boboning tuzidan olib keling, chunki go‘shtim juda bemaza, — debdi.
Shunda bo‘ri: «Xo‘p bo‘ladi» deb tuz axtarib ketibdi, ungacha qo‘zi qochib qolibdi. Bo‘ri kelib qarasa, qo‘zi yo‘q emish. Hayron bo‘lib borayotsa, bir joyda bir xo‘roz turgan ekan. Bo‘ri borib:
— Hoy xo‘roz, seni yeyman! — debdi. Xo‘roz unga:
— Bo‘lmasa, oldin bir zira-piyoz qilaylik, meni undan keyin yeng. Buning uchun siz avval pichoq topib keling, men zira bilan piyoz keltirayin, — debdi.
Bo‘ri pichoq qidirib ketibdi, xo‘roz paytdan foydalanib, bir tomonga qochib qutulibdi. Bo‘ri pichoqni olib kelsaki, xo‘roz yo‘q emish. Noiloj yana ketaveribdi. Yurib-yurib bir joyga borsa, bir xachir turgan emish. Unga qarab:
— Hoy xachir, seni yeyman! —debdi. Xachir:
— Agar meni yemoqchi bo‘lsangiz, avval yuz marta minasiz keyin yesangiz mayli, otam shunday deb vasiyat qilgan edi, — debdi.
Bo‘ri xachirning shartini o‘rniga qo‘yish uchun to‘rt marta minibdi, beshinchi minishida xachir bo‘rini qo‘sh oyoqlab tepibdi. Bo‘ri chalqanchasiga yiqilibdi. Xachir qochganicha ketaveribdi. Bo‘ri o‘rnidan turib, bir joyga boribdi, qarasa, ot o‘tlab yurgan emish. Bo‘ri otga qarab:
— Hoy ot, seni yeyman! —debdi. Ot bo‘riga:
— Bo‘lmasa, mening keyingi o‘ng oyog‘im tuyog‘iga otam yozib ketgan ikki enlik xatni o‘qib keyin yegin, — debdi.
Bo‘ri, otning orqasiga o‘tibdi, ot tuyog‘ini ko‘tarib turibdi. Bir vaqt bo‘ri yaqiniga kelganida, ot uni bir tepgan ekan, bo‘rining tishlari majaq-majaq bo‘lib, o‘zi ancha narigi borib tushibdi. Ot qochib ketibdi.
Shu onda tulki yetib kelibdi. Qarasa, bo‘rining og‘zi-burni qip-qizil qonga belangan emish. Shunda tulki undan:
— Ha, do‘stim, senga nima bo‘ldi yana? — deb so‘rabdi.
— Ha, nimasini so‘raysan, ishlar shunday-shunday bo‘ldi, — deb bo‘ri hamma voqeani aytib beribdi. Shunda tulki debdi:

«Ko‘rdinki — qo‘zi, yeb qo‘ygin,
termilib qolsin ikki ko‘zi.
Senga kim qo‘yibdi.
Karim boboning tuzi?
Ko‘rdingki — xo‘roz, urib bo‘ynini yoz,
senga kim qo‘yibdi zira bilan piyoz?
Ko‘rdingki — xachir, urib bo‘ynini g‘aji,
senga kim qo‘yibdi min xachir.
Ko‘rdingki — ot, yeb ustida yot,
senga kim qo‘yibdi mirza buvalikni?»


Bo‘ri tulkidan ta’zir yeb, indamay turib ketaveribdi, nariyoqqa borgan ekan, ikkita ovchi buni ko‘rib qolib, quva ketibdi. Bo‘ri qochib borayotganda yo‘lda bir odam qo‘sh haydab yurgan ekan. Bo‘ri borib qo‘shchiga yalinibdi:
— Jon amaki, meni shu ovchilardan saqlab qoling. Qo‘shchi: «Xo‘i bo‘ladi», deb bo‘rini katta qanorga solib qo‘yibdi. Bir vaqt ovchilar yetib kelib qo‘shchidan: «Bo‘ri o‘tdimi?» deb so‘rabdilar. «Ha, o‘tib ketdi» debdi qo‘shchi. Ovchilar ketgandan keyin bo‘ri qanordan chiqib, qo‘shchiga:
— Hoy qo‘shchi, seni yeyman! — debdi. Qo‘shchi:
— E, bu qanday gap axir, men seni o‘limdan qutqarib olsamu, meni yeysanmi? — desa, bo‘ri:
— Yaxshilikka yomonlik, — der emish.
Shunda qo‘shchi yalinibdi, bo‘ri sira ham unamabdi. Bular bunday mojaro qilib turgan ekan, tulki yetib kelib, qo‘shchidan:
— Ha, nima gap? — deb so‘rabdi.
Qo‘shchi bo‘lgan voqeani tulkiga birma-bir aytib beribdi.
Tulki bo‘riga qarab:
— Men sening shu qanorga sig‘ishingga ishonmayman: o‘zing sig‘sang ham duming sig‘maydi, — debdi. Bo‘ri unga:
— Yo‘q, sig‘dim, — debdi. Tulki:
— Bo‘lmasa qani, kirib ko‘r-chi, — degan ekan, bo‘ri:
— Mana bo‘lmasa, — deb qanorga kiribdi. Tulki qo‘shchiga imlab, qanor og‘zini bog‘lashga buyuribdi. Qo‘shchi qanor og‘zini mahkam bog‘labdi. Shundan so‘ng qo‘shchi tulki ikkisi bittadan ikkita so‘yil olib, bo‘rini ura-ura o‘ldirishibdi.

 


Ushbu hayvonlar haqidagi ertakni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2016, 31-Dekabrda yuklangan

125 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
bo'ri tulki qo'shchi ot xachir qo'zi zira piyoz bog'bon qanor qorin uzum ovchi quva xotinlar bo'yin tugun so'yil
Muallif
Xalq og'zaki ijodi

Xalq og'zaki ijodi

Batafsil


Yangi Hayvonlar haqidagi ertaklar Xalq og'zaki ijodi Hayvonlar haqidagi ertaklari Xalq og'zaki ijodi asarlari