Sahifa yuklanmoqda . . .


Bobur

Otlar yelar shiddatdan terlab,
Yangrar xatar to’la taqalar.
Hurkib ko’kka sapchir patirlab,
Tun uyqusi – qora qarg’alar.

Otlar yelar, tillarang xazon
Suvoriylar uzra sochilar.
Elas-elas yangraydi azon –
Tog’lar uzra osmon ochilar.

Otlar yelar, yelar ko’pirib,
Uyg’otgancha mudroq yo’llarni,
Go’yo to’g’on bandin o’pirib,
Toshqin quvib kelar ularni.

“Zahiriddin, qayga borursan,
Bobong taxtin, yurtingni tashlab?!
Qora taqdir seni qul kabi
Qayonlarga ketmoqda boshlab?!

Zahiriddin, bu qanday savdo,
Qora hijrat sari yuz tutmoq?
Yuragingni etar-ku ado –
Tirik turib Vatandan ketmoq?

Zahiriddin, ortga bir qara,
Ortga bir boq, toki sen omon,
Axir keyin tushlaringda ham
Bu tuproqni ko’rmog’ing gumon”.

Ot pishqirib to’xtar, chavandoz
Uzangiga tirar oyog’in
Va bo’g’ziga to’plar beovoz
Vujudiga to’lgan ingrog’in.

Alam bilan bragi urar,
Shivirlaydi titroq lablari:
“Hamma yerdan ko’rinib turar
Samarqandning minoralari”.

1981


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

258 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari